Breaking News

Britaniya tashkiloti Afg'on hunarmandlarini jahon bozoriga chiqarmoqda


Afg’on san’ati va me’morchiligi institutiga asos solindi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Afg’on san’ati va me’morchiligi institutiga asos solindi

Afg’oniston madaniy merosi, arxitekturasi bir vaqtlar Osiyo faxri edi. 40 yildan oshiq davom etayotgan urush oqibatida ko’plab tarixiy binolar, obidalar butunlay yo’qolib ketish arafasida. Britaniyada asoslanlan "Turkuaz tog’i" tashkiloti afg’on merosini saqlab qolishga bel bog’lagan. Afg'oniston poytaxti Kobulning tijorat va hunarmandlar markazi hisoblangan Murodxona dahasi shu tashkilot orqali qisman himoyalanadi.

Kobul manzarasi, shahar nafasi betakror. Bir yonda temirchilar bolg’asi jarangi, bir yonda afg’on taomlarining hidi anqigan; boshqa tomonda kulolchilar, hunarmandlar bilan to’lgan bozor.

“Hunarmandchilik ming yillik tarixga ega. Hamma narsa tabiiy”, - deydi kulol Abdul Malikzoda.

Afg’oniston madaniy merosiga rahna solayotgan urush kasofati Murodxona dahasini ham chetlab o’tayotgani yo’q.

Xarob bo’lgan shaharda qashshoqlik hukm surayotgan bo’lsa-da, Murodxona hamon tarixiy, tijorat va hunarmandlar markazi. Aholi bu yerda g’aribgina kun kechiradi. Hududni ayni damda Jahon yodgorliklari jamg’armasi qaramog’iga olgan.

2006-yildan buyon Britaniyaning "Turkuaz tog’i" tashkiloti Murodxona merosini himoya qilish va shaharni tiklashga urinmoqda.

“Hunarmand-ustalar, Afg’oniston bo’ylab ishbilarmonlar bilan ishlaymiz. Ularga texnologiya bilan ishlash, marketing, xalqaro biznesni yo’lga qo’yishda ko’maklashamiz, treninglar o’tkazamiz. Hunarmandlarni dunyo tanigan kompaniyalar, mashhur dizaynerlar bilan bog’lashga urinyapmiz”, - deydi Britaniyada joylashgan tashkilot vakili Natalya Palberg.

Tashkilot shu paytgacha 450 dan ortiq hunarmand va xalq ustalarini jahon bozoriga olib chiqqan. Kobuldagi 112 ta tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan joylar, imoratlarni ta’mirlagan yoki qaytadan qurgan.

Shuningdek, tashkilot Afg’on san’ati va me’morchiligi institutiga asos solib, qator xalqaro ko’rgazmalar tashkil qilmoqda.

Uning yordami bilan dunyo bozorlarida sotilgan afg’on hunardmandchiligi mahsulotlari besh million dollarga yetgan.

“Zargarlik fakultetida ikkinchi kurs talabasiman. O’zbek, turkman taqinchoqlarini yasayapmiz. Avval naqsh nusxalarini qog’ozga tushiramiz, keyin taqinchoqlarga. Har xil toshlar bilan bezaymiz”, - deydi talaba Husna Hurramiy.

Afg’on gilamlari ham dunyoga mashhur. Gilamchilik asrlardan beri avloddan-avlodga o’tib kelayotgan meros.

Britaniya tashkiloti mamlakat janubidagi yuzlab ayollarni ish bilan ta’minlash, ularning ish sharoitlarini yaxshilashga ham e’tibor qaratgan. Gilamchilik bahonasida ayollarni xalqaro savdo-sotiqqa jalb qilib, daromad qilishiga yo’l ochishmoqda.

“Qo’lda to’qilgan gilamlarni Yevropa, Janubiy Amerika bozorlarida sotishlari uchun ularni xalqaro dizaynerlarga bog’lab qo’ymoqchimiz. Ayollar qo’l mehnatining jahon bozoriga chiqishi ish sharoiti va ayollar daromadining yaxshilanishiga olib keladi”, - deydi Natalya Palberg.

"Turkuaz tog’i" tashkilotining hunarmandlar dahasidagi faoliyatini afg’on hukumati, AQSh, Kanada va Hindiston moliyalashtirib boradi.

Homiylar afg’on madaniy merosi va hunarmandchiligini asrab avaylash, rivojlantirish Afg’onistonga tinchlik ulashish bilan barobar deb bilishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG