Breaking News

Afg'onistonga qo'shni davlatlar Xitoyda uning kelajagini muhokama qildi


31-mart kuni Xitoyning Tunsi shahrida Afg’onistonga qo’shni mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining 3-majlisi bo’lib o’tdi. Unda Rossiya va AQSh diplomatlari, Qatar va Indoneziya vazirlari ham qatnashgan. Anjuman ishtirokchilari Afg’onistonni boshqarayotgan Tolibonni “Islomiy davlat” jihodchi to’dasi va boshqa terror guruhlaridan uzoqlashishga chaqirdi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yining aytishicha, Xitoy, Afg’oniston va Pokiston uch tomonlama hamkorlik mexanizmini ishga solib, siyosiy, iqtisodiy, taraqqiyot va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kuchaytirishi, Xitoy-Pokiston iqtisodiy korridorini Afg’onistongacha kengaytirishi lozim.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyga ko’ra, Afg’onistonning muzlatilgan pullari mamlakatga darhol qaytarilishi kerak. Tolibon o’tgan yil avgustida hokimiyatni egallashi ketidan AQShda Afg’onistonning 10 milliard dollar puli muzlatildi.

Anjumanda so’zga chiqqan Tolibon hukumati Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mutaqqiyning aytishicha, Tolibon xalqaro hamjamiyatning ayollar va bolalar huquqlari va erkinliklariga doir xavotirlarini to’g’ri tushunadi va bu boradagi muammolarga yechim topishda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni davom ettiradi.

Anjuman ishtirokchilariga murojaat qilgan Xitoy Prezidenti Si Zinpinning ta’kidlashicha, mintaqa davlatlari va xalqaro hamjamiyat Afg’onistonning tinch, barqaror, rivojlangan va farovon bo’lishidan manfaatdor.

Xitoydagi anjumanda O’zbekiston delegatsiyasini Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshqarishi kerak edi, biroq uning o’rnini Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov egalladi.

“Ozodlik” radiosining xabar berishicha, 9-mart kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvdan qaytganidan so’ng 17-mart kuni O’zbekiston Senatidagi chiqishida Ukraina sharqidagi bo’lginchi hududlarni tan olmasligini bildirgan 74 yashar diplomat ikki kundan so’ng betob bo’lib, ayni damda xorijda davolanmoqda va tuzalganidan so’ng o’z vazifalaridan ozod etilishi mumkin.

O’zbekiston bungacha Rossiya-Ukraina mojarosida betaraf pozitsiyada edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg’onistonda gumanitar yordam uchun donor davlatlardan 4,4 milliard dollar so’ramoqda. BMT ma’lumotiga ko’ra, har 10 afg’ondan 6 tasi yordamga muhtoj. Britaniya 374 million dollar berishga rozi bo’ldi. Xayriya gumanitar yordam bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarga berilishi, Tolibonga bevosita uzatilmasligi aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG