Breaking News

Afg'onistonda ko'knor ishlab chiqarish yana kengaygan


Jalolobod, Afg'oniston
Jalolobod, Afg'oniston

Afg'oniston afyun yetishtirish bo'yicha dunyoda yetakchi mamlakat bo'lib qolmoqda. Bu yilgi hosil misli ko'rilmagan darajada yuqori bo'ladi, deya taxmin qilinmoqda. Qoradoriga qarshi kurash uchun milliardlab dollar sarflandi, yillab choralar ko'rildi, lekin chuqur ildizga ega muammo hamon har yerda ko'zga tashlanadi.

“Afsuski, narkotik moddalar sanoati susaymagan", - deydi Javid Qayum, Afg'oniston Qoradoriga qarshi kurash vaziri muovini.

“Oldinlari umuman ko'knor ekilmagan hududlarda hozir katta maydonlar bor".

Tolibon va boshqa ekstremist guruhlar ko'p jihatdan giyohvand moddalar savdosidan tushgan pul evaziga faoliyat yuritadi. Yiliga millionlab dollar daromad olinadi.

Tolibon, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 60 foiz hollarda ko'knor sanoatiga tayanadi.

Afyunning 90 foizi Afg'onistondan jahon bozoriga chiqadi. AQSh hukumati nazarida yaqin kelajakda aynan bu modda savdosi hisobiga ham jangarilar harakati kuchayishi mumkin.

“Razvedka idoralari to'plagan axborotga asoslanib shuni aytish mumkinki, 2018-yilda Afg'onistonda vaziyat og'irlashishi mumkin, chunki qoradori sanoati kengaygan va terroristlar bundan foyda ko'rmoqda", - deydi Den Kouts, AQSh maxfiy xizmati rahbari, yaqinda Senatda hisobot berar ekan.

2002-yildan beri Amerika hukumati Afg'onistonda narkotiklarga qarshi kurash yo'lida 8,5 milliard dollar sarflagan. Kuniga 1,5 million dollar.

Afyun sanoati korrupsiya yanada chuqurroq ildiz otishi uchun zamin yaratadi, shuningdek, jinoiy guruhlarni moylaydi. Afg'oniston - eng korrupsiyalashgan besh jamiyatdan biri.

2016-yilda 34 viloyatdan 13 tasi ko'knordan toza deb topilgan edi. Hozirda bunday regionlar kamaygan, deydi rasmiylar.

Odatda janubiy viloyatlar qoradori yetishtirib tanilgan. Bugun esa Balx va Juzjon singari shimoliy viloyatlar ham ko'knor ekan boshlagan. Badg'is va G'or viloyatlari afyun makoniga aylangan.

“Bag'lon viloyatining yarmi hozir qoradori maydoni", - deydi ism-sharifini bildirishni xohlamagan rasmiy.

"Tojikiston ba Xitoy bilan chegaradosh Badaxshon viloyatida qayoqqa qaramang, ko'knor ko'rasiz".

Hilmand viloyati
Hilmand viloyati

Pokistonga qo'shni Hilmand viloyatida Afg'onistondan chiqadigan qoradorining yarmi ishlab chiqariladi.

"Bu sanoat eng notinch hududlarda asoslangan. Ekish, hosilni yig'ish, giyohvand moddalarni qadoqlash va savdo - butun jarayon Tolibon va boshqa jangari guruhlar faol olis tumanlarda", - deydi general Muhammad Ahmadiy, Afg'oniston Ichki ishlar vazirining Qoradoriga qarshi kurash bo'yicha muovini.

O'tgan yili 650 tonna qoradori musodara qilingan. Asosan ayun, geroin va hashish, deydi rasmiylar. 2683 nafar qoradori savdogari, jumladan 67 ayol qo'lga olingan.

Masala bilan shug'ullangan sobiq vazir Harun Rashid Sherzod deydiki, bosh muammo - beqarorlik. Qoradori hukumatning gapi o'tmaydigan va qo'li yetmaydigan uzoq hududlarda yetishtiriladi, deydi u.

“Davlatda bu muammoni tamoman yo'q qilish uchun xohish-iroda yo'q", - deydi siyosiy tahlilchi Abdul Aziz.

“16 yildan beri kurashishayapti, dehqonlarga qancha-qancha muqobil imkoniyatlar taklif qilishdi, imtiyozlar berishdi, ammo ular baribir qoradorini tanladi".

Qashshoq va sanoatlashmagan, infratuzilma nochor holda bo'lgan mamlakatda giyohvand moddalar yetishtirish eng oson va daromadbop mahsulot bo'lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG