Breaking News

Afg'onistondagi prezidentlik saylovlarida ayollar ahamiyati ortgan


Afg'onistondagi saylovchilarning 30 foizi ayollar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:18 0:00

Afg'onistondagi saylovchilarning 30 foizi ayollar

28-sentabr, shanba kuni Afg’onistonda prezidentlik saylovlari o’tadi. To’qqiz yarim million fuqaro ovoz berishi kutilyapti. Saylovchilarning 30 foizi ayollar. Ovoz beruvchilarning o’ziga yarasha umidlari, xavotiri va shikoyatlari bor.

AQSh kuchlari Tolibonga qarshi urushga kirgan 2001-yildan buyon Afg’onistonda to’rtinchi prezidentlik saylovi o’tmoqda. Afg’on hukumati va xalqaro tashkilotlar so’nggi yigirma yilda erishgan yutuqlaridan mamnun, ayniqsa ayollar huquqi borasida.

Biroq “Gallup” tahlilnomasiga ko’ra, afg’on ayollarining yarmidan ko’pi hayotidan rozi emas. Imkonini topsa, bosh olib ketishga tayyor. Ular saylovlarda qatnashmaslik bilan noroziligini ko’rsatmoqchi.

“Oxirgi besh yilda hukumat biror arziydigan ish qilgani yo’q. Ayniqsa, ayollar uchun. Boshqa nomzodlarda ham quruq va’dalar. Hech narsa o’zgarmaydi”, - deydi Shabnam Yusufiy.

Oldingi saylovlarda qayd etilgan firibgarliklar ortidan bu yilgi saylovda ovoz beruvchilardan suratga tushish va barmoq izlarini topshirish talab qilinadi. Konservativ hudud faollarining hukumatga ishonchi past. Markaziy saylov komissiyasining yashirin ovoz berish va xavfsizlik kafolatlanishiga oydinlik kiritmagani xavotirlarni kuchaytirgan.

“Qandahor uchun bu jiddiy masala. Ayniqsa, qishloqlarda ovoz berishingiz uchun avval suratga tushasiz deb ayollarni saylovga olib chiqish amri mahol. Shu tariqa qancha ayol ovoz bermaydi”, - deydi Qandahor viloyatidan faol Maryam Durroniy.

Shunga qaramasdan, uch milliondan ortiq ayol ovoz berish uchun ro’yxatdan o’tgan. Ko’pchiligi taqdirini o’zi hal qilishga intilayotgan umidga to’la yoshlar.

“Saylovda qatnashamiz. Kelajagimizni o’zimiz tanlashni istaymiz. Ovoz berish burchimiz. Saylovga chiqmasak, navbatdagi ma’muriyatdan huquqlarimizni ta’minlashini talab qilolmaymiz.”, - deydi Kobuldan Shabnam Nuris.

Nomzodlar xotin-qizlarni jalb qilishga urinmoqda. Saylovga sanoqli kunlar qoldi. Uch million saylovchi degani nomzodlar uchun salmoqli raqam.

Ular ayollar ovozining ahamiyatini tushungani uchun ham va’dalari katta. G’olib nomzod qanchalik vadasining ustidan chiqishini vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG