Breaking News

Kobul: Mehmonxonaga hujumda o'nlab odam halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston poytaxti Kobulda "Interkontinental" mehmonxonasiga hujum 18 kishining o'limi bilan yakunlandi, shulardan 14 nafari xorijliklar. Ichki ishlar vazirligi so'zlovchisi Najib Donish bu raqamlarni tasdiqlamoqda.

Afg'onistonning KAM Havo yo'llari 10 xodimidan, jumladan besh uchuvchisidan ayrilgan. O'lganlar orasida Germaniya, Ukraina, Gretsiya, Venesuela va Qozog'iston fuqarolari borligi aytilmoqda.

Davlatga qarashli "Interkontinental" mehmonxonasi xavfsizligi atigi ikki hafta oldin xususiy kompaniyaga topshirilgan edi. Qurollangan shaxslar 20-yanvar kuni kechki payt bostirib kirib, restoranda odamlarni o'qqa tutgan. Xavfsizlik kuchlari ular bilan 14 soat davomida o'q almashdi. Jangarilar birin-ketin o'zini portlatgan, ayrimlari o'ldirilgan.

Xurujda Afg'onistonning Pokistonga yaqinda tayinglangan bosh konsuli ham halok bo'lgan. 150 dan ziyod odam qutqarilgan, 41 nafari chet el fuqarolari. Maxsus kuchlar barcha xonalarni tekshirgach, mehmonxona jangarilardan tozalanganini e'lon qildi.

Tolibon xorijliklar bilan gavjum otelga besh xudkush a'zosini yuborganini, ular afg'on va AQSh xavfsizlik mulozimlarini nishonga olganini da'vo qilmoqda. Voqea ro'y bergan joyni borib ko'rgan ayrim mahalliy jurnalistlar o'lganlar 40 dan oshiq ekanini aytadi.

Beliga bombalarni taqib olgan shaxslar mehmonxonaga restoran orqali kirgani ma'lum. Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, voqeada Tolibonga aloqador Haqqoniy tarmog'ining qo'li bor.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani va AQSh elchisi Jon Bass xunrezlikni keskin qoraladi. Kobul va Vashington Haqqoniylar qo'shni Pokistonda joylashib olganini aytib keladi.

AQShning Kobuldagi elchixonasi 18-yanvar kuni ekstremistlar mehmonxonalarga, chet elliklar tez-tez qatnaydigan joylarga hujum uyushtirishi mumkin, deya ogohlantirgan edi. Kuchli qo'riqlanuvchi "Interkontinental" oteli 2011-yilda ham hujumga uchrab, 20 kishi o'lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG