Breaking News

Kobulda shialar nishonga olinib, kamida 60 kishi o'lgan


Kobulda shialar nishonga olinib, kamida 60 kishi o'lgan
Kobulda shialar nishonga olinib, kamida 60 kishi o'lgan

Afg’oniston poytaxti Kobulda shialar ziyoratgohi yonida bir kishi o’zini portlatib, kamida 55 odamni hayotdan olib ketgan. O’lganlar orasida ayollar va bolalar bor.

Rasmiylarning aytishicha, xuruj bugun Abu Fozil maqbarasi yonida shialar Ashura kunini nishonlayotgan payt sodir etilgan. Jarohat olganlar 100 dan ziyod.

“Marosim tugayotgan pallada zarba berildi”, - deydi Kobul politsiyasi boshlig’i general Muhammad Ayub Salangi. “Terroristlar xalq orasiga kirib, imkon qadar ko’p ziyon yetkazmoqchi bo’lgan”, - deydi u.

Atrofdagi kasalxonalar yaradorga to’la, deydi guvohlar. Talofatlar soni oshishi kutilmoqda.

Rasmiylar deydiki, Mozori Sharifda yana bir maqbara nishonga olinib, to’rt kishi o’lgan.

Tolibonning bildirishicha, bu uning ishi emas. Jangarilar voqeani “adolatsiz, bemaza” deya ta’riflab, ajnabiy, bosqinchi kuchlarni ayblamoqda.

Ashura Muharram oyining 10-kuni bo’lib, shialarning eng muqaddas ayyomi hisoblanadi. Bu sana Muhammad payg’ambarning nevarasi Imom Husayn o’limi bilan bog’liqdir.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay xurujni qoralab, terrorchilar shu paytgacha bu qadar muhim diniy marosimni nishonga olgan emas edi, dedi.

Oxirgi yillarda mamlakatda sunniy va shialar o’rtasida to’qnashuvlar keskin kamaygan. Qo’shni Pokistonda mazhablararo adovat kuchliroq, hujumlar ko’proq ro’y beradi.

Qandahorda esa bugun mototsiklga joylangan bomba portlab, ikki kishi jarohatlangan.

Bu orada AQShning ikki nufuzli senatori Pokiston bilan aloqani, ayniqsa, xavfsizlik va iqtisodiy yordamni qayta ko’rib chiqishga chaqirmoqda.

Respublikachilar Jon Makkeyn va Lindsi Grexem fikricha, Qo’shma Shtatlar Pokistonning erkaligini sabr-toqat bilan ko’tarib keldi. Bundan e’tiboran, deydi ular, bu davlat AQSh qo’shinlari va mudofaasini yemirayaptimi-yo’qmi, hammasi inobatga olinishi ketak.

Senat Qurolli kuchlar qo’mitasida muhim lavozimga ega bu ikki arbob Pokiston armiyasi va razvedkasini terrorchi guruhlar bilan aloqada ayblaydi.

Rasmiy Islomobod Germaniyada Afg’oniston taqdiri yuzasidan kecha o’tgan xalqaro anjumanda qatnashmadi. “Pokiston suvereniteti va xavfsizligi hurmat qilinmas ekan, kelgusida ham bu kabi konferensiyalar boykot qilinadi”, - deydi bu davlat rasmiylari.

Yaqinda Pokistondagi ikki harbiy baza Amerika va NATO hujumiga uchrab, 24 nafar mahalliy askar o’lgan edi. Islomobod shunga achchiq qilib, G’arbni o’z bazalaridan haydayapti.

“Pokiston Afg’onistonni qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi bu yurt Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Bosit. “Lekin NATOning o’tgan oygi harakatlari bizni qattiq ranjitdi”, - deydi u.

Rasmiy Islomobod talabi shuki, NATO va mahalliy armiya o’rtasida axborot almashinib, reydlar tomonlar roziligi bilan amalga oshirilsin.

Qo’shma Shtatlar afsusda. Prezident Barak Obama Pokiston rahbari Osif Ali Zardariyga qo’ng’iroq qilib, askarlar o’limi yuzasidan ta’ziya bildirdi.

“Mudhish bir xato edi va uni izchil tergov qilamiz”, - deydi AQShning Pokistondagi elchisi Kameron Manter.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG