Breaking News

Tolibon bilan murosa qilib bo'ladimi?


"Malaka va son jihatdan milliardlab dollar sarflanganiga qaramasdan, Afg’onistonning aksariyat viloyatlarida politsiya xavfsizlik tizimining zaif bo’g’ini sanaladi".
"Malaka va son jihatdan milliardlab dollar sarflanganiga qaramasdan, Afg’onistonning aksariyat viloyatlarida politsiya xavfsizlik tizimining zaif bo’g’ini sanaladi".

Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, kecha janubdagi Uruzgon viloyatida hukumat idorasi yonida bir necha kishi o’zini portlatib, kamida 17 odamni o’ldirgan. Jarohat olganlar qariyb 40 kishi.

Politsiyaning bildirishicha, Tarin Kot shahrida viloyat hokimining uyi va politsiya mahkamasi nishonga olingan. O’lganlar orasida yosh bola va jurnalist bor.

Tolibon hujum uning ishi ekanini aytgan.

Afg'oniston armiyasidan umid katta
Afg'oniston armiyasidan umid katta

Xalqaro qo’shin mamlakat mudofaasini afg’on armiyasiga topshirayotgan bir pallada jangarilar prezident Hamid Karzayga xayrixoh yirik siyosatchi va rasmiylarga qarshi hujumga zo’r bermoqda.

Chorshanba kuni janubdagi notinch Qandahor shahrida portlash ro’y berib, hokim G’ulom Haydar Hamidiy o’ldirildi.

O’tgan hafta jangarilar Kobulda Karzayning maslahatchisini yo'q qilgan. Joriy oy boshida esa Qandahorda prezidentning ukasi Ahmad Vali Karzayni ishongan soqchisi otib o’ldirdi.

AQSh armiyasi Afg’onistonni tark etar ekan, xalqaro koalitsiya va mahalliy hukumat Tolibon bilan til topishish yo’llarini izlamoqda. Lekin murosa deganlari oson ish emas.

Ikkinchi Jahon Urushi yakuniga yetganidan beri aksariyat urushlar mutlaq g’alaba bilan emas, balki kelishuvlar bilan tugaydi.

Masalan, har xil yillarda ro’y bergan Vyetnam urushi, Bolqon urushi va Sudan mojarosini aynan murosa hal qilgan.

Ba’zi hollarda muzokaralar haqiqiy tinchlik va barqarolikka yetaklagan.

Boshqa paytlarda bir tomonni konfliktdan chiqarib olishga xizmat qilgan.

Bugun Qo’shma Shtatlar qurolli kuchlari Afg’onistonni bosqichma-bosqich tark etishga kirishar ekan, bu xalq rahbari Hamid Karzay va Tolibonning gapga ko’nadigan a’zolari bilan muzokara boshlangan. Hozircha juda surt.

Iyun oyidagi ma’ruzasida Afg’onistonda siyosiy yechimlar haqida to’xtalgan prezident Barak Obama bu tashabbusni yoqlagan edi.

“Afg’oniston hukumati va armiyasi kuchga to’lib borayotgan bir paytda AQSh bu davlatda tinchlik va farovonlik yo’lida Tolibon bilan murosa tarafdori. Biroq talabimiz shuki, har qanday muzokaraga afg’on hukumati yetakchilik qilishi, osuda hayotni istaganlar “al-Qoida” va har qanday zulmdan yuz o’girib, mamlakat konstitutsiyasiga amal qilishi lozim”,- deydi u.

AQSh Afg'onistonni 2014-yilda butunlay tark etadi
AQSh Afg'onistonni 2014-yilda butunlay tark etadi

Vashingtonda tanilgan mutaxassislardan biri, tahlilchi Endryu Vaylder fikricha, bu muzokaralardan olamshumul natija kutmaslik kerak. Lekin tinchlikka umid bor.

“Menimcha, o’rtada to’siqlar ko’p, ikki tomon ko’p sohalarda kelisha olmasligi tayin. Shu bois muzokara a’lo darajada o’tishi, hamma xohlaganiga erishishi gumon. Lekin bor imkoniyatdan foydalanib, harakat qilib ko’rish mumkin, garchi qayerdadir yutqizsak-da. Bitta-bitta qadam tashlab, u yerda berib, bu yerda olib, Tolibonning ayrim a’zolari bilan kelishib, til topisha olsak, qandaydir murosaga borish mumkin”,- deydi Vaylder.

AQSh strategiyasi - afg’on qurolli kuchlari va politsiyasini tayyorgarlikdan o’tkazib, xavfsizlik ta’minlashni ularning bo’yniga yuklash. 2014-yilda bu davlatni butkul tark etish.

Biroq zobitlarning bir qismi keta boshlasa, qolgan qismi jangarilarga bosimni oshirib, muzokara stoliga yetaklash kerak.

Nangarhor viloyatida ayollar kiyimini kiyib xuruj qilishga uringan jangarilar qo'lga tushgan
Nangarhor viloyatida ayollar kiyimini kiyib xuruj qilishga uringan jangarilar qo'lga tushgan

Ko’plab ekspertlar nazarida afg’on armiyasi sekin bo’lsa-da, oyoqqa turmoqda. Lekin, deydi Endryu Vaylder, politsiya hali bo’sh.

“Malaka va son jihatdan milliardlab dollar sarflanganiga qaramasdan, Afg’onistonning aksariyat viloyatlarida politsiya yordamchi emas, balki xavfsizlik tizimining zaif, judayam firibgar bo’g’ini sanaladi. Huquq-tartibot xodimlari xalq ishonchini qozonish o’rniga, hukumatga bo’lgan ishonchni yemirib bormoqda”,- deydi Vaylder.

Tolibon safida kim muzokaraga ko’nishi, qanaqa shartlar bilan chiqishi ham mavhumligicha qolmoqda.

Afg’onistonning Amerikadagi sobiq elchisi Said Toyib Javod nazarida toliblar bunga zarurat sezmayapti.

“Janubda jangarilar vaqt o’tgan sayin tobora ko’proq siquvga olinmoqda, lekin mamlakatning boshqa qismlarida ular erkin va urushda mag’lub bo’layapmiz ekan deb o’ylamaydi. Hech kim unaqa deb o’ylayotgani yo’q hozir. Shunaqa ekan, hukumat bilan gaplashib o’tirishga ham hojat sezmaydi. Chunki Tolibon g’alabani o’zicha tushunadi, Amerika va afg’on xalqi g’alabani umuman boshqacha talqin qiladi”,- deydi Javod.

Jangarilar yaqinda bir necha siyosatchini, jumladan, prezident Hamid Karzayning ukasi va Qandahor shahar hokimini o’ldirdi.

Uzoq yillik urushdan tinkasi qurigan afg'onlar hamon tinchlikdan umidvor
Uzoq yillik urushdan tinkasi qurigan afg'onlar hamon tinchlikdan umidvor

Lekin bu qotilliklar Tolibonning qudrati emas, kuchdan qolib borayotganidan dalolat beradi, deydi AQShning Afg’onistondagi yangi elchisi Rayan Kroker.

“Toliblar shu qadar zaiflashganki, jang maydonida harakat qilishga qurbi yetmayapti. Shu bois faoliyatini qaytadan ko’rib chiqib, u yer, bu yerda xurujlar uyushtirishga, rasmiylarni nishonga olishga o’tgan. Iroqdagi urushda ham o’xshash vaziyatni kuzatganmiz. Albatta, so’nggi qotilliklar dahshatli, lekin bu voqealar g’animning kamchiliklarini ko’rsatadi”,- deydi Kroker.

Ekspertlarning aytishicha, Tolibon anoyi emas va afg’on hukumatining har bir xatosi va illatini, masalan, rasmiylar orasida surunkali tus olgan korrupsiyani o’zining foydasiga qo’llashga harakat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG