Breaking News

Afg'oniston Axborot vaziri: Yangi qonun jurnalistlarga ko'proq erkinlik beradi


Afg’onistonda ommaviy axborot vositalariga doir yangi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Mamlakatning Axborot va madaniyat vaziri Said Mahdum Rahinning aytishicha, xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etgandan keyin ham hukumat so’z va matbuot erkinligini qattiq himoya qiladi.

“Amerika Ovozi”ning Afg’on xizmatiga bergan intervyusida vazir Rahin muhokamadagi yangi qonun loyihasi haqida gapirib, bundan buyon davlatga qarashli Afg’oniston teleradiokompaniyasi va Baxtar axborot agentligi mustaqil jamoat kompaniyalariga aylanishini ta’kidladi.

Ammo inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” hamda bir qator matbuot tashkilotlariga ko’ra, qonunning ayrim bandlari so’z erkinligini bo’g’ishi mumkin.

Matbuotni nazorat qiluvchi maxsus komissiyaning tuzilishi va ommaviy axborot vositalari aralashgan sud ishlarini ko’rish uchun alohida prokurorning tayinlanishi shular jumlasidan. Qonun Afg’onistonda xorij matbuoti faoliyatini ham cheklashi mumkin.

O’tgan oy Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg’onistondagi missiyasi Kobulda yuzdan ortiq jurnalistni yig’ib, hujjat yuzasidan fikr-mulohazalarini tinglagan. Hukumat vakillarining aytishicha, bildirilayotgan xavotirlar asossiz bo’lib, yangi qonun aslida jurnalistlarga ko’proq erkinlik beradi.

Vazir Rahinning ta’kidlashicha, qonun hanuz loyiha bosqichida va unda so’z erkinligiga zid biror tamoyil topilsa, uni to’g’rilash uchun vaqt bor. Bu borada jurnalistlar va jamoatchilikdan fikr kutamiz, deydi u.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining jahon matbuot erkinligiga oid so’nggi hisobotida Afg’onistonda matbuot erkinligi 179 mamlakat ichida 150-o’ringa qo’yilgan. Mamlakatda siyosiy va ekstremistik guruhlar tomonidan jurnalistlarga tazyiq kuchli ekani aytiladi.

Xalqaro donorlar Tokioda o’tgan yig’inda Afg’onistonga noharbiy sohalar uchun 16 milliard dollar miqdorida yordam ajratishga kelishdi. Madaniyat vaziri pulning bir qismi tarixiy obidalar restavratsiyasi va muhofazasiga sarflanishiga umid qilmoqda.

“Terrorizmga qarshi kurash nafaqat qurolli mojaro, balki turli qarashdagi ong va tushunchalar to’qnashuvi hamdir”, deydi u.

Vazirning aytishicha, Afg’onistonda islomdan oldingi davrga oid mingdan ortiq obida bo’lib, ularni asrab-avaylash uchun esa mablag’ va mutaxassislar yo’q.

“Bizga chetdan yordam kerak va bu borada do’stlarimiz ko’mak beradi deb umid qilaman”, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG