Breaking News

Afg'onistonda sobiq prokurorlar hayoti xavf ostida ekanini aytmoqda


Tolibon delegatsiyasi Moskvada

Afg’onistonning Bagram aviabazasidagi qamoqxonada prokuror bo’lib ishlagan odamlar hayoti xavf ostida ekanini aytmoqda. Minglab odam, jumladan toliblar, Haqqoniy tarmog’ining a’zolari, “Islomiy davlat” to’dasi jangarilari va xorijiy yollanma jangarilar “Parvon” hibsxonasida saqlangan.

Xalqaro hayot - 20-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:37 0:00

Tolibon hokimiyatga kelishi bilan qamoqxonani bo’shatdi. Prokurorlar endi yashirincha yashashga majbur.

“Ular yuzlarimizni tanishadi, kimligimizni bilishadi, bizni qidirishayotgan bo’lishsa kerak. Qayerdaligimizni bilib qolishsa, kelib o’ldirishadi. Shafqat bo’lmaydi. Amirlik umumiy amnistiya e’lon qilgan, ammo hammasi quruq gap”, - deydi prokurorlardan biri.

Inson huquqlari faollariga ko’ra, Tolibon amnistiya haqidagi va’dalariga qaramay, sobiq rasmiylarni nishonga olishda davom etmoqda.

Masalan, avgust oyida Kobulda ikki prokuror o’ldirildi. Sobiq prokurorlarga ko’ra, ular yillar davomida Tolibon qora ro’yxatida bo’lgan.

“Terror faoliyatini olib borishayotgan paytda bizni nishonga olishgan. Hozir hokimiyatga kelib ham bizni tinch qo’yishgani yo’q. Oilamizni ham tinch qo’yishmaydi. Biz bu yerda xavfsiz emasmiz”, - deydi sobiq prokuror.

Bagramdagi adliya markazining sobiq xodimlari xalqaro hamjamiyatdan ularni mamlakatdan xavfsiz joyga ko’chirishni so’ramoqda.

“Afg’onistonda bu toifadagi odamlar xavfsizlikda emas. Biror mamlakat ularni o’z himoyasiga olgani yoki taqdiridan xavotir bildirgani yo’q”, - deydi ulardan biri.

Afg’onistonlik prokuror ayollar ham vahimada yashayotganini yaqinda “Amerika Ovozi”ga bildirgan edi. Ozodlikka chiqqan o’n minglab alamzada mahbus o’ch olish niyatida ularning iziga tushgan.

Bu o'rtada Rossiya Moskvada Tolibon vakillari ishtirokida xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Unda Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Hindiston va Markaziy Osiyo vakillari qatnashdi. Tolibon delegatsiyasiga bosh vazirning muvaqqat o’rinbosari Abdul Salom Hanafiy rahbarlik qildi. Hanafiy afg’onistonlik o’zbeklardan.

Moskva muzokaralarida AQSh qatnashmadi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov buni afsus bilan tilga oldi. Lavrovga ko’ra, bunga AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakilining yangilangani sabab bo’lishi mumkin. AQSh vakillari kelajak muloqotlarda qatnashishga so’z berdi.

"Afg’onistonda yangi ma’muriyat hokimiyatga keldi. Bu Tolibonga katta mas’uliyat yuklamoqda. Harbiy va siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan harakatlarini ko’ryapmiz. Biroq Afg’onistonda barqaror tinchlikni o’rnatish vazifasi hamon dolzarb. Bu ishda muvaffaqiyatga erishish uchun hukumatda nafaqat turli elatlar, balki siyosiy kuchlar ham mujassam bo’lishi kerak”, - dedi Lavrov.

Rossiya vaziri Tolibondan terror guruhlarining Afg’onistondagi faoliyatiga chek qo’yishga, qo’shni mamlakatlarga hujumlari va xurujlarining oldini olishga, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishga chaqirdi.

Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkilotini Afg’oniston bo’yicha donorlar anjumanini o’tkazishga da’vat etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG