Breaking News

BMT: Afg'oniston va Pokistonda qochoqlar xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj


Birlashgan Millatlar Tashkilotining insonparvarlik yordami bo’yicha vakili Kyung-va Kangning aytishicha, Afg’oniston va Pokistonda ayrim aholi qatlamlari hanuz xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtojligicha qolmoqda. So’nggi bir necha kun davomida ushbu ikki davlatdagi ayrim hududlarga tashrif buyurgan BMT rasmiysi shu masalaga alohida e’tibor qaratish lozimligi haqida bir to’xtamga kelgan.

“Bu yil Afg’onistonda yangi prezidentning hokimiyatga kelishi hamda xalqaro kuchlarning mamlakatni tark etishi natijasida vaziyatning yanada yomonlashish xavfi borligidan ko’pchilik xavotir olmoqda. Lekin BMTning bu yerda qolishiga ehtiyoj mavjud bo’lishda davom etadi, BMT taraqqiyot va yordam dasurlariga ehtiyoj kamaymaydi. Ya’ni, 2015-yildan keyin ham uzoq muddat shu yerda bo’lishimiz kerak”, - deydi BMT vakili.

Kyung-va Kang Pokiston rasmiylari bilan ham uchrashgan. Bu davlat eng ko’p afg’onistonlik qochqinlarni o’z bag’riga olgan mamlakat hisoblanadi.

“Xalqaro hamjamiyat uzoq yillardan beri ko’plab afg’onlarga o’z yurtidan joy bergani uchun Pokiston xalqidan va hukumatidan minnatdor, - deydi Kyung-va Kang. – Hozir ham bu yerda 1,6 million ro’yxatdan o’tgan va bir milliondan ikki milliongacha ro’yxatdan o’tmagan afg’on muhojirlari bor. Pokiston hukumati ularning bu yerda qolish muddatini cho’zdirib katta g’amxo’rlik qildi. Ammo muhojirlarni moddiy jihatdan ta’minlash og’ir masalaligicha qolmoqda”.

Pokiston fuqarolari orasida ham bir milliondan ortiq aholi shimoli-g’arbiy viloyatlardagi harbiy amaliyotlar natijasida o’z uyini tashlab qochishga majbur bo’lgan. BMT rasmiysi ular joylashgan lagerga ham tashrif buyurib, bu yerdagi vaziyat bilan tanishgan.

“Rasmiylar bilan muntazam aloqadamiz. Oziq-ovqat bilan ta’minlash masalasida hukumatning yordami muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Masalan, yaqinda 26 ming tonna miqdorda oziq-ovqat yetkazib berildi. Ana shunday yordam bundan keyin ham davom etishidan umidvormiz. Vaziristonda harbiy amaliyotlarning davom ettirilishi haqidagi xabarlardan tashvishdamiz. Bu qochoqlar sonining yanada oshishiga sababchi bo’ladi”, - deydi BMTning insonarvarlik yordami missiyasi rahbari Kyung-va Kang.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG