Breaking News

Abdulla Prezident G'aniga murosa shartlarini ma'lum qiladi


2019-yilning sentabridagi prezident saylovlari ketidan ham G’ani, ham Abdulla o’zini g’olib deb e’lon qilib, alohida inauguratsiyalar o’tkazgan edi.
2019-yilning sentabridagi prezident saylovlari ketidan ham G’ani, ham Abdulla o’zini g’olib deb e’lon qilib, alohida inauguratsiyalar o’tkazgan edi.

Afg’oniston sobiq bosh vaziri Abdulla Abdulla qanday shartlar asosida Prezident Ashraf G’ani bilan ishlay olishini yaqin orada ma’lum qiladi. Takliflarni kelasi ikki kunda prezident idorasiga topshiramiz, deydi Abdullaning so’zlovchisi Umid Maysam.

2019-yilning sentabridagi prezident saylovlari ketidan ham G’ani, ham Abdulla o’zini g’olib deb e’lon qilib, alohida inauguratsiyalar o’tkazgan edi. Ularni kelishuvga undash uchun Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga beriladigan yordamni bir milliard dollarga qisqartirgan.

Ayrim manbalarga ko’ra, Prezident G’ani raqibiga Tinchlik bo’yicha oliy kengash rahbarligini taklif etmoqda, biroq Abdulla Abdulla prezident vakolatlarining teng yarmi unga berilishini istaydi. Tomonlar til topishishi uchun sobiq Prezident Hamid Karzay vositachilik qilmoqda.

Mahalliy tahlilchilar fikriga ko’ra, ikki rahbar murosa qilishidan boshqa yo’l yo’q. Afg’oniston xalqi va xalqaro hamjamiyat ham shuni istaydi. Har ikki tomon bilan muzokara qilayotgan parlament a’zolarining ogohlantirishicha, siyosiy inqiroz Tolibonga qo’l keladi va koronavirusga qarshi sa’y-harakatlarga pand beadi.

Mahbus almashish

Afg’oniston Milliy xavfsizlik kengashiga ko’ra, kelasi haftalar ichida mamlakat qamoqxonalaridan jami 1500 tolib ozod etiladi. Shu kungacha ulardan 433 nafari qo’yib yuborilgan.

AQSh va Tolibon o’rtasidagi bitimda Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasida asirlarni ayirboshlash, xususan, 5000 tolibni ozod etish ko’zda tutilgan. Biroq Prezident G’aniga ko’ra, zo’ravonlik ko’lami va tinchlik muloqoti qachon boshlanishiga qarab, hozircha asirlarning faqat 1500 nafari ozodlikka chiqadi.

Tolibon 2017-yilda Germaniyaning Kobuldagi elchixonasi yonida ro’y bergan portlashda aybdor topilgan shaxsni ham ozod etishni talab qilayotgani haqida ma’lumotlar bor. Xavfsizlik kengashi bunga izoh bermagan. Ro’yxat istida ish ketmoqda, deydi kengash so’zlovchisi Javid Faysal.

Siyosiy tahlilchilarning aytishicha, asir ayirboshlash kechikishi nizolashayotgan guruhlar o’rtasida rejalangan muloqotga zarba bo’lishi, urushni yanada uzaytirishi mumkin. Tahlilchi Nozim Samun fikricha, hukumat qotillikda ayblangan mahbuslarni ozod etmasligi kerak.

“Islomiy davlat”

Badaxshon viloyati gubernatori Muhammad Zokir Savdoning ta’kidlashicha, “Islomiy davlat” guruhining Afg’onistondagi bo’limi viloyatni jangarilarning tayanch nuqtasiga aylantirish uchun ish boshlagan. Ammo Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid Badaxshonda “Islomiy davlat” a’zolari borligini rad etdi.

Tolibon hujumlari

Saripul viloyatida Tolibon amalga oshirgan ikki hujum 11 askar hayotiga zomin bo’ldi, yana 17 kishi jarohatlangan. Viloyat gubernatori Abdul Qadar Oshnaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tungi hujumlar Suzma Qala tumanidagi harbiy bazada hamda Sangicharak tumanidagi politsiya uchastkasida ro’y bergan.

Qandahor viloyatining ikki tumanida ham toliblar qo’lidan sakkiz politsiyachi halok bo’lgan. Viloyat politsiya boshqarmasi so’zlovchisi Jamol Barazay xavfsizlik kuchlari bilan otishmada Tolibonning 28 a’zosi o’lganini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG