Breaking News

Afg'oniston. So'nggi xabarlar


Afg'oniston yangiliklari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:12 0:00

Afg’onistonda mahalliy reyslar tiklanmoqda

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olganidan beri ilk bor mahalliy aviareyslar jonlanmoqda. Xususan, “Ariana havo yo’llari” Kobuldan uch yirik shaharga parvozlarni tikladi. Qatarlik mutaxassislar Kobul aeroportini qayta ochishda va mahalliy reyslarni jonlantirishda yordamlashgan. Tolibon bungacha bu borada Turkiyaga murojaat qilgan edi.

Xususan Kobuldan Hirot, Mozori Sharif va Qandahorga reyslar jonlangan.

Tolibon panjsherliklar bilan jang qilmoqda

Tolibon ham iqtisodiyotni tiklashga, ham unga taslim bo’lishdan bosh tortayotgan panjsherlik qarshilik harakatini yengishga urinmoqda.

Shanba kuni ikki taraf to’qnashib, har bir tomon g’alabaga erishganini da’vo qildi.

Tolibon so’zlovchisiga ko’ra, Panjsher viloyatining 7 tumanidan to’rttasi harakat nazoratida. Biroq Milliy qarshilik fronti “minglab terrorchilar” qurshab olinganini bildirdi. Taraflar da’vosini tasdiqlash imkoni bo’lmadi.

Toliblarga ko’ra, Panjsher yo’llariga minalarning o’rnatilgani ularning yurishini sekinlashtirmoqda.

Vodiydagi janglarda kamida 17 odamning o’lgani xabar qilinmoqda.

Qatarga evakuatsiya qilingan afg’onlar Yevropa va AQShga yo’l oldi

Bu o’rtada Afg’onistondan AQShning Qatardagi al-Udayd harbiy-havo bazasiga evakuatsiya qilingan 57 ming afg’onning aksariyati Amerikaning Yevropadagi bazalariga jo’natilgan, yana bir qismi AQShning o’ziga.

Qatarda ayni damda 1400 ga yaqin afg’on qolgan. Ular ham tez kunlarda ko’chiriladi.

Rim papasi mamlakatlardan afg’on qochqinlarini qabul qilishni so’radi

Rim Papasi Fransisk dunyo mamlakatlaridan afg’on qochqinlarini qabul qilishni so’rab, Tolibon o’tmishda qizlarga ta’lim olishiga ruxsat bermaganiga ishora qilib ta’lim olish muhimligiga urg’u berdi.

"Jon saqlashga urinayotgan afg’onlarning eng zaiflari va xavf bilan yuzlashayotganlari uchun duo qilaman”, - dedi pontifik Vatikandagi Avliyo Pyotr maydonida qilgan haftalik ma’ruzasida.

General Milli Afg’onistonda xizmat qilgan askarlar bilan uchrashdi

AQSh Qurolli kuchlarining Birlashgan shtablari qo’mitasi raisi general Mayk Milli AQShning Germaniyadagi Ramshtayn harbiy-havo bazasida bo’lib, Afg’onistonda so’nggi kunlarda evakuatsiya ishlarida qatnashgan harbiylar bilan uchrashdi, ularga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Evakuatsiya paytida sodir etilgan xurujlarda Amerikaning 13 askari halok bo’ldi.

General Milliga ko’ra, harbiylar say’-harakati bilan 124 ming odam Kobuldan evakuatsiya qilindi.

Ularning bir qismi Ramshtayn bazasiga ham keltirilgan. AQShga kirishdan oldin qochqinlar immigratsion jarayondan o’tishi kerak, chunki ayrim afg’onlar mamlakatini hujjatsiz tark etgan, kimningdir esa Amerika vizasiga arizasi tasdiqlanishga ulgurmagan.

Kobulda qolib ketgan AQSh fuqarosining hikoyasi

Minglab odam evakuatsiya qilinganiga qaramay, ko’plar Afg’onistonda qolib ketgan, jumladan 200 gacha amerikalik. Ulardan biri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda hozirgi ahvolini ta’riflagan.

O’zini Nasriya deb tanishtirgan ayol xavotirda ekanini, ertaga nima bo’lishini bilmasligini aytadi.

25 yashar kaliforniyalik yaqinlaridan xabar olish va uzoq yillik yigitiga turmushga chiqish uchun iyun oyida Kobulga boradi. Tolibon shaharga kirganidan so’ng endigina oila qurgan er-xotin aeroportga yo’l oladi, ammo mamlakatdan chiqishga muvaffaq bo’la olmaydi.

“Samolyotgacha yetish o’ta qiyin edi. Bir necha kun tashqarida tunashimizga to’g’ri keldi. Odamlar bir-birining ustiga chiqib ketardi”, - deydi u.

Amerikaga uchishi kerak bo’lgan reys bekor qilingach, Nasriya to’s-to’polonda AQSh Davlat departamentiga murojaat qildi.

“Bizga ma’lum joyga borishni, u yerdan bizni olib ketishlarini aytishdi. Biroq u manzilga yetishning iloji bo’lmadi – Tolibon yo’llarni to’sib qo’ygan edi”.

Nasriya AQSh pasportini ko’rsatishiga qaramay, uni blok-postdan o’tkazishmadi.

“Boshimga qurol niqtashdi. Askarlarimiz aeroport darvozasi yonida bizni kutib turgan edi, ammo toliblar bizni o‘tkazmadi. Yerga o’q otib, keyinroq kelishni buyurishdi, aks holda bizga qarab otishlarini aytishdi. Hayotimda bunday vaziyatga duch kelmaganman oldin. Hamma narsa xuddi kunodagidek bo’ldi”, - deydi Nasriya.

Ayolning aytishicha, uning Afg’oniston fuqarosi bo’lgan turmush o’rtog’i Tolibondan hatto yolg’iz Nasriyaning o’zini o’tkazib yuborishni so’radi, ammo Nasriya umr yo’ldoshisiz ketishni istamadi.

“Afg’onistonga boshqa qaytib bormasligimni bilgandim. Ustiga-ustak, homiladorman, farzandimning otasiz voyaga yetishini istamayman. Yonimda turmush o’rtog’im bo’lishini xohlayman”, - dedi u.

Evakuatsiya yakunlanib, AQSh askarlari Afg’onistonni tark etganidan so’ng Tolibon uyma-uy yurib, amerikaliklarni qidirmoqda, deydi Nasriya.

Davlat departamenti unga kutishni, u bilan aloqaga chiqishlarini tayinladi, ammo Nasriya kun sayin umidsizlanmoqda.

Afg’on ayollari kelajagidan xavotirda

Umidsizlanayotgan yolg’iz Nasriya emas, balki afg’onistonlik ayrim ayollar hamdir. Tolibonning hokimiyatga kelishi ularning erkinliklari cheklanadi degani.

Tolibon ayollarning ba’zi huquqlari ta’minlanishiga so’z berishiga qaramay, ularga ishonayotganlar ko’p emas.

Hirot shahrida bir guruh ayollar namoyish qilib, ta’lim olish, ishlash va jamiyat hayotida faol rol o’ynash huquqlarini talab qildi.

"20 yil oldin Tolibonning birinchi hukmronligi paytida talaba bo’lganim uchun meni uyda o’tirishga majburlashgan. 20 yil o’tib, o’qituvchi va ayol bo’lish jinoyatga aylanyapti”, - deydi Lina Haydari.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning aytishicha, agar Tolibon AQSh bilan hamkorlik qilishni istasa, xulqiga e’tibor berishi kerak.

“Odamlarning xavfsiz harakatlanishini, ayollar, qizlar va ozchilikdagi guruhlar huquqlarining ta’minlanishini, turli siyosiy kuchlarni o’z ichiga olgan hukumat bo’lishini istaymiz”, - dedi u.

Xorijga chiqib ketgan afg’onistonlik sobiq sudya Najla Ayubiyning aytishicha, Afg’onistonda ayollar tushkunlikka tushmoqda.

“Ular umidsizlanyapti. Yaqingacha mustaqil hayot kechirgan ayollar endi o’zini ojizdek his qilishmoqda, boshqalar qaramog’iga tushib qolishdi, oiladagi erkaklarga qarab qolishdi”, - deydi Ayubiy.

Ko’plar mamlakatni ilk bor 1996-yildan 2001-yilgacha boshqargan Tolibon yana eski zolim siyosatiga qaytadi deya xavotir olmoqda.

“Ayollar va qizlar umuman ta’lim ololmasdi. Toshbo’ron, savalashlar bilan jazo berishardi. Ayollar erkak qarindoshisiz ko’chaga chiqolmasdi, uyda qamalib qolishgan edi. Mana shu qatag’onlar qaytib keladi deya qo’rqishmoqda”, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining AQShdagi bo’limidan Tara Demant.

Huquq faollari Bayden ma’muriyatidan afg’on ayollariga amaliy yordam berishni so’ramoqda.

Shanba kuni poytaxt Kobulda ayollar qatorasiga ikkinchi kun namoyish qilgan, biroq Tolibon maxsus kuchlari ularni ko’zni yoshlantiruvchi gaz bilan tarqatgani, havoga o’q uzgani aytiladi.

Namoyishchilar “Ayollar huquqlarisiz hukumatingiz qonuniy emas” deya xitob qilgan, Tolibon bilan jang qilib halok bo’lgan askarlarni xotirlash uchun ayollar Mudofaa vazirligining binosi yoniga gulchambar qo’ygan, so’ng prezident saroyi tomon yurgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG