Breaking News

AQShda ham maktabni bitirish katta dovondan o'tish bilan barobar


AQShda ham maktabni bitirish katta dovondan o'tish bilan barobar
AQShda ham maktabni bitirish katta dovondan o'tish bilan barobar

Vashington poytaxt bo’lishiga qaramay maktablari va ta’lim sifati bo’yicha oxirgi o’rinlarda turadi. Bu yerdagi ilm dargohlarini bitirmay tashlab ketayotgan yoshlar ko’p.

Bu o’quvchilar asosan Vashingtonning kam ta’minlangan, qarovsiz qismlaridan va ko’p hollarda jinoyat yo’liga kirib ketadi. Ularni to’g’ri yo’lga boshlashda esa davlat idoralari emas, nohukumat muassasalar, xususan diniy tashkilotlar yetakchilik qilib keladi.

“Ularga oson emas. Ko’pchiligining oilasi buzilgan. Ota-ona yo ishsiz yo loqayd. Davlatdan nafaqa olib zo’rg’a kun ko’radi. Jinoyatchilik avjida", - deydi Stiv Park.

Stiv 1995 yilda kam ta’minlangan mahallalarda og’il-qizlarni to’g’ri yo’lga solish va ularga hayotda o’z o’rnini topishga ko’mak beruvchi nodavlat tashkilotga asos solgan.

Maktabdan berilgan uy vazifalarini bajarishda ham yordam beruvchilar bor. Bolalar hatto birga o’ynashi, hordiq chiqarishi mumkin.

“Markazimizga muntazam qatnaydigan o’quvchilar 2-3 yil ichida ijobiy tomonga o’zgarishlarini ko’rib turibmiz”, - deydi Stiv Park.

Bolalarga diniy darslar ham beriladi. Murabbiylarning aytishicha, bu ularni birdamlikka, bir - birini hurmat qilishga o’rgatadi.

"Oilada tinchlik, xotirjamlik yo’q bo’lgandan keyin o’sish, rivojlanish ham bo’lmaydi. Bu bolakaylar shunday oilada tug’ilgani ularning aybi emas. Biz ularga namuna bo’lib, ularga yaxshi hayot uchun imkoniyat borligini ko’rsatishimiz kerak”,- deydi Stiv Park.

Dveyn Braun 22 yoshda. Shu yili universitetni tamomlaydi.

“Bu yerda olgan bilimim tufayli universitetni bitirayapman”, - deydi u.

“Orzum yetuk mutaxassis bo’lib yetishib, mahallamda kambag’allikda, jinoyat iskanjasida yashayotgan yoshlarga yordam berish. Men ham ulardan biri edim. Mana, markaz yordami tufayli oliy ma’lumotli bo’lyapman ”.

Bu dargohni yaqinda tamomlagan yoshlardan biri Siyera Peterson bo'lib, u hozirda universitetga kirish taraddudida.

“Advokat bo’lmoqchiman”,- deydi u.

Bu javobdan Stiv Park ham xursand.

“Kelajakdan umidini uzgan yoshlarning hayotga qiziqishini orttirish, ularga bilim berish, imkoniyatlar eshigini ko’rsatish zavq bag’ishlaydi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG