Breaking News

AQShda muallim talabani, talaba esa domlani tekshiradi


O’qituvchi, shubhasiz, dunyodagi eng hurmatli kasb egalaridan biri. Dunyoning turli davlatlarida ularga munosabat turlicha. Deylik, O’zbekistonda yosh boladan “Katta bo’lsang, kim bo’lmoqchisan” deb so’rasangiz, “O’qituvchi” degan javobni eshitishingiz amri mahol.

Kam oylik va mashaqqatli mehnat odamlarni bu kasbdan uzoqlashtirmoqda. Xoh maktab, xoh universitetda bo’lsin. Xo’sh, Qo’shma Shtatlarda o’qituvchi-professor kasbiga munosabat qanday?

Mana, yana bir o’quv yili ham o’z nihoyasiga yetib, AQShda o’quvchi va talabalar imtihonlarni eson-omon topshirib qutulgan. Domlalar ham ularning ijod namunalarini tekshirib, bilimini baholab bo’lgan.

Amerika universitetlarida professorlar malakasi ham xuddi shunday tekshiruv va sinovdan o’tkaziladi.

Talaba domlaning dars o’tish usulidan, mazmun va mantig’idan shikoyat qilib ta’lim dargohi ma’muriyatiga murojaat qilishi mumkin.

Har chorak va semester so’nggida talabalar ham o’qituvchining bilimi va darsini baholaydi. Chunki bahosidan norozi student keyin o’qituvchiga xolis ta’rif bermasligi ehtimoldan xoli emas. Ayrim hollarda so’rovnomada ism-sharif so’raladi, biroq uni qo’yish-qo’ymaslik talabaga havola.

Amerika Professorlar Uyushmasi a’zosi Jonatan Nayt:

“Shikoyat va norozilik bo’lishi tabiiy hol. Talabaga dars zerikarli, og’ir, keraksiz bo’lib tuyulishi mumkin. Shuni unutmangki, Qo’shma Shtatlarda qariyb besh ming universitet va kollej bor. Ularda kamida bir million professor-o’qituvchi, 16 milliondan ziyod talaba bor. Har yili taxminan besh millionga yaqin fan o’qitiladi. Kimningdir ko’ngli to’lmasligi, xafsalasi pir bo’lishi turgan gap. Lekin, umuman olib qaraganda, AQShdagi o’qitish tizimi puxta ishlaydi. Professorlar malakasi juda yuqori”.

Darhaqiqat, Qo’shma Shtatlarda har bir universitet eng zo’r professor-o’qituvchilarni yollashga harakat qiladi.

Universitet ma’muriyati boshqa ta’lim muassasalarida ishlayotgan iqtidorli, yosh mutaxassislarni jalb qilish, o’z safidagilarni qo’ldan chiqarmaslikdan manfaatdor.

Oliy Ta’lim Tadqiqot Instituti (Higher Education Research Institute) ma’lumotiga qaraganda, AQShda universitet o’qituvchisi yiliga o’rtacha 50-60 ming dollar topadi. Ilmiy izlanishlar, anjumanlar va komandirovkalar uchun beriladigan qo’shimcha mablag’dan tashqari.

Shunga yarasha professorga va dars mazmuniga qo’yiladigan talablar ham anchagina.

Garvard Universiteti xodimi Nil Gross:

“Oliygohlardagi ma’ruzalar mazmuni hamisha bahs-munozaraga sabab bo’lib kelgan. Darsni kim o’qitadi? Uning ilmiy darajasi qanday”?

Ilmiy daraja masalasiga kelsak. Universitet domlasi kamida fan nomzodi bo’lishi, maqolalari ilmiy nashrlarda chop etilgan bo’lishi zarur.

Talabalarning mehrini qozona olgan, ko’p maqolalari nashrdan chiqqan, sinov muddatidan muvaffaqiyatli o’tgan professorning oshig’i olchi.

Oliy Ta’lim Tadqiqot Instituti Amerikadagi o’qituvchilar o’rtasida so’rov o’tkazib, shunday savol bergan: “Imkon berilsa, boshqa kasb tanlarmidingiz?” So’rovda qatnashgan professor-o’qituvchilarning 80 foizi “yo’q” deb javob bergan.

XS
SM
MD
LG