Breaking News

Kit ovi - alyaskaliklar turmush tarzi va madaniyatining ajralmas qismi


Alyaska shtatining Barrou shahri Amerika shimolidagi eng chekka shahar bo'lib, mahalliy o'ymakorlar, baliqchilar, tadqiqotchilar va muallimlar o'z mehnati orqali inupiat eskimos xalqining inupiak tilini saqlab qolishga harakat qilmoqda. Alyaskaga 1500 yil oldin joylashgan inupiatlar Arktika suvlarida, asosan, kitlarni ovlagan.

Grenland kitlari Shimoliy yarim sharning sovuq suvlarida yashaydi. To'rga ilingan kitlarni baliqchilar jamoa bilan baham ko'rdi. Kitlar inupiat xalqining turmushi va madaniyatida haligacha muhim rol o'ynaydi.

2016-yilda o'tkazilgan referendum natijasida Barrou shahri Utkiagvik deya atala boshladi. Shahar muhrida mana shu suv hayvoni tasvirlangan. Ba'zi joylarda kit suyaklaridan yasalgan, palma daraxtiga o'xshash bezaklarni ko'rasiz. Bolalarni yoshligidan kit ovlashga o'rgatishadi.

"Buni bir kunda o'rganib bo'lmaydi. Yaxshi baliqchi bo'lish uchun yillab vaqt ketadi. Yana ming yil bu ish bilan shug'ullanamiz degan umiddaman", - deydi ovchilar sardori Maykl Donovan.

Shaharda ko'ngilochar joylar va tadbirlar ko'p emas. O'ljaga boy mavsumni nishonlash uchun Nalukataq festivalida ko'p odam to'planadi. Bayram boshida Tangriga ibodat qilinadi, so'ng g'oz sho'rvasidan tortib kit go'shti va yog'igacha baham ko'riladi.

Tyulen terisidan yasalgan qo'lbola batutda ovchilar, baliqchilar va boshqalar sakrab, bolalarga qand-qurs uloqtirishadi.

Kechqurun soat 10 dan keyin eskimos raqslari ijro etiladi. Bolalar, qariyalar va, hatto, kit ovchilari sardorlari shimoliy qutbni yarim tunda ham yoritib turuvchi quyosh ostida raqsga tushadi.

Ov mavsumiga tayyorgarlik ko'p vaqt va shijoat talab qiladi.

"Ovga yil bo'yi hozirlanamiz. Axir jamoani boqish kerak. Hech kim och qolishini istamaymiz. Mehnatga layoqatli barcha odamlarni ovda qatnashishga da'vat etamiz. Madaniyatimiz, udumlarimizni saqlab qolish kerak", - deydi ovchilarning yana bir sardori Krouford Patkotak.

Xavfli va sermashaqqatli udumlar.

"20 futli qayiqda eng kichigi 9, eng kattasi 18 metrli kitga yaqinlashayotganingizda bir oz noto'g'ri harakat xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ba'zan muzliklarda uxlashga to'g'ri keladi. Suv oqim yoki shamol yo'nalishi o'zgarsa, uzoqqa ketib qolish mumkin. Ba'zida esa muz yoriladi", - deydi Donovan.

AQSh hukumati kitlar populyatsiyasi qisqarganiga ishora qilib, 1970-yillarda ma'lum muddatga kit ovini taqiqlab qo'ygan edi.

"Taqiq turmushimizga salbiy ta'sir qildi. Jamoada nosog'lom muhit hukm surdi, hamma tushkunlikka tushib qoldi. Grenland kitlarini ovlash huquqimizni yo'qotib qo'yishimizga oz qolgandi", - deydi Patkotak.

Hukumat keyinchalik tub aholiga ov qilishga ruxsat berdi, ammo ov ko'lamini cheklab qo'ydi. Alyaskada 10 mingga yaqin grenland kitlari qolgan. Har yili yuzga yaqini ovlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG