Breaking News

Muqobil o'ngchilar - yangi siyosiy harakat


Muqobil o'ngchilar, yangi siyosiy harakat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:39 0:00

“Muqobil o’ngchilar: G’azab Zamoni” deb nomlangan hujjatli filmda Amerikani junbishga keltirgan siyosiy oqimlar va nafrat mafkurasi haqida so’z boradi. Irqchilik, millatchilik, antisemitizm va populizmni o’z ichiga olgan harakat bu. Uning asosida Amerikada oq tanlilarni himoya qilish yotadi.

2017-yilning avgustida “Muqobil o’ngchilar” Virjiniyaning Sharlotsvil shahrida Konferedatsiya haykallarining olib tashlanishiga qarshi namoyish o’tkazgan edi. Irqchi shiorlarni hayqirayotgan millatchilar ularga qarshi bo’lgan namoyishchilar bilan to’qnashgan. Namoyishchilarning ko’pi o’zini Antifa, ya’ni fashizmga qarshi fuqarolar deb ta’riflaydi.

“Muqobil o’ngchilar: G’azab Zamoni” filmida Adam Lou qonli tus olgan ana shu voqealarni tasvirga tushirgan. Hezer Hayer ismli namoyishchini neo-natsizm tarafdorlaridan biri mashinasida urib ketgan edi.

Rejissor deydiki, o’ngchilar g’azabini qo’zg’agan faktorlar ko’p: iqtisod, immigratsiya va hatto feminizm.

“Ular nazarida mamlakatda inqiroz yuzagan kelgan, oq tanli odamlar siqib chiqarilyapti, e’tibordan chetda qolayapti. Aybdor deb ular oq bo’lmagan odamlarni, muhojirlarni, musulmonlarni va ayollarni ko’rishadi”, - deydi Adam Lou.

Film “Muqobil o’ngchilar” harakatining oyoqqa turishida ijtimoiy tarmoqlarning roliga ham nazar tashlaydi. Prezident Donald Trampning Sharlovtsvildagi namoyishlar ketidan aytgan gaplari ham harakatga kuch bag’ishlagan.

“Barcha taraflar tomonidan namoyish etilgan nafrat, taassublik, zo'ravonliklarni qattiq qoralaymiz”, - degan edi Tramp o'tgan yilgi matbuot anjumanida.

“Sharlotsvildagi voqeadan keyin prezident avvaliga zo’ravonlikni qoralashdan bosh tortdi, har ikki tomonni ayblab chiqdi”, - deydi film rejissori.

Adam Lou “Muqobil o’ngchilar” harakatini kim boshqarayotganiga ham nazar tashlaydi. Ulardan biri Richard Spenser, 2008-yilda muqobil o’ngchilar degan iborani o’ylab topgan. Yana biri “21-asrda irqiy ong” kitobi muallifi Jared Teylor etno-irqiy davlat yaratishga da’vat etib keladi.

“Jared Teylorni “Muqobil o’ngchilar” va zamonaviy millatchilik harakatining otasi deyishadi. Bu guruhlar ichida u katta ta’sir kuchiga ega”, - deydi suhbatdosh.

Hujjatli filmdan Antifa guruhi haqida ham bilib olasiz. Bular, asosan, o’ngchilarga qarshi turgan turli yoshdagi aktivistlar.

“Antifa “Muqobil o’ngchilar” guruhining ayni teskarisi - o’taketgan so’lchilardan tashkil topgan. Antifaga, jumladan, sotsialistlar, anarxistlar, kommunistlar kiradi”, - deydi Lou.

Rejissor so’zlariga ko’ra, azaliy ijtimoiy-iqtisodiy faktorlar chuqur mafkuraviy tafovutlarga olib kelgan, AQShda bugun mo’tadil kuchlar qolmadi hisob. Ertami-kechmi, deydi Lou, muqobil o’ngchilar va Antifa tarafdorlari yana to’qnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG