O’zbekiston: Amerika sarmoyasiga eshiklarimiz ochiq

  • Amerika Ovozi

O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni Amerika-O’zbekiston savdo palatasi raisasi Kerolin Lem bilan ko’rishgan.

O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni Amerika-O’zbekiston savdo palatasi (Uzbek-American Chamber of Commerce) raisasi Kerolin Lem bilan ko’rishgan. Lem xonim bilan AQShning kamida 30 firmasi vakillari ham mamlakatga kelgan.

“Uzreport”ning yozishicha, bugun O’zbekistonda Amerikaning bir necha kompaniyalari, xususan, “Boeing”, “General Motors”, “General Electric”, “Hyatt”, “Hilton” kabi kompaniyalari ishlab turibdi. Qo’shma Shtatlar O’zbekistonga 1 milliard dollardan oshiq sarmoya kiritgan.

Bu orada, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri Elyor G’aniyev Amerika investitsiyasi oshishi va bizneslari ko’payishidan manfaatdormiz demoqda. “Ozodlik”ning xabariga ko’ra, buning uchun O’zbekistonda sharoit yaratib beramiz, degan G’aniyev. Uningcha, ayni paytida sarmoya va savdo ko’lami juda kam.

Toshkent tomoni, deya yozadi Gazeta.uz, xususan, energetika, avtomobilsozlik, muqobil energiya manbalarini ishlash, farmatsevtika, neft-gaz, texnologiya va elektronika kabi yo’nalishlarda Amerika bilan hamkorlikni oshirishni xohlaydi.

O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoya va investitsiya vaziri Elyor G'aniyev, Amerika-O'zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lem va Amerika elchisi Pamela Spratlen.
O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, sarmoya va investitsiya vaziri Elyor G'aniyev, Amerika-O'zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lem va Amerika elchisi Pamela Spratlen.

G’aniyev mamlakatda to’rt yangi erkin savdo hududi tashkil qilinayotganini aytib, ularda xorij sarmoyadorlari uchun qulay sharoit bor, deydi. “Soliq va boj to’lovlari nolga teng. Ya’ni sharoit ideal ekanini anglatadi bu”, - deydi rasmiy. Uning ta’kidlashicha, korrupsiyaga qarshi choralar ham jadal ko’rilmoqda.

Vazir so’zlariga ko’ra, Toshkent Amerika bilan savdo, moliyani oshirishni xohlaydi, lekin o’rtada to’siqlar bor. Misol, O’zbekiston Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining (Organisation for Economic Co-operation and Development) sarmoyalarga xavf katta bo’lgan davlatlar ro’yxatida qolayapti, deydi u. “Bizni hozirgacha oltinchi toifaga kiritishadi. Bu albatta to’siq, avvalo Amerika uchun”, - degan G’aniyev.

Aytish kerak, mazkur tashkilot nazarida mamlakatda korrupsiya hanuz keng quloch yozgan, bank sektori izchil rivojlanmagan, konvertatsiya erkin emas, hukumat bizneslar faoliyatiga aralashishda davom etmoqda va bular bizneslar taraqqiyotiga asosiy to'siq bo'lib qolmoqda.

Amerika-O’zbekiston savdo palatasining oldingi anjumani 2015-yilning oktabrida Vashingtonda o’tgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG