Breaking News

Bezorilik va ruhiy bosim AQSh maktablarida katta muammo


Amerika maktablarida: bezorilik va bosim
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

Amerika maktablarida: bezorilik va bosim

Bezorilik va bir-birining ustidan kulish AQShda va butun dunyoda yoshlar orasidagi eng katta muammolardan biri. U turli shakllarda namoyon bo'ladi: og'zaki, jismoniy tazyiq yoki internet orqali bosim o'tkazish. Mutaxassislar fikriga ko'ra, bularning barchasi zararli va og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Muammoga qarshi, avvalo, yoshlarning o'zi qarshi chiqishi kerak, deydi o'qituvchilar. Merilend shtatidagi Shervud maktabida yuqori sinf o'quvchilari bu borada film ishladi.

AQSh maktablarida bezorilik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Anya Mudryakova, Savanna Susir va Dian Triu - yaqin dugonalar.

Birgalikda yangi hujjatli film yaratishdi. Uni qanday nomlash bo'yicha hali bir qarorga kelishgani yo'q.

"Bezorilar o'zidan bezor" yoki "O'zingga do'st bo'l" deb nomlasak kerak", - deydi Anya.

Operator va montajchi Anya loyihadan juda mamnun. Chunki u odamlarni muammodan ogoh etadi.

"Odamlar birovning jig'iga tegishning yangi usullarini o'ylab topishgan. Bu ahvolni yanada og'irlashtiryapti", - deydi u.

Anya 10 yoshidan beri video oladi va ishlarini "Youtube" saytiga joylab boradi. Unga nisbatan tahdidlar ham bo'lgan.

"Ochiq gapirayotganim uchun nafrat qiladiganlar ko'p. Videoing ahmoqona, g'alatisan, nega bunday qilyapsan, deb ko'p aytishadi. Lekin yuqori sinfga o'tib yanada jiddiylashdim", - deydi u.

Bu esa o'z natijasini berdi. Anya do'stlari bilan tayyorlagan video o'tgan yili yoshlar orasidagi bezorilikka qarshi tashkil etilgan global tanlovga tavsiya etildi. "Bir" deb nomlangan film final bosqichigacha yetib bordi.

Unda bezorilik qurbonining ichki kechinmalari tasvirlanadi. Bosh rolni Dian ijro etgan.

"Hamma unga qarshidek. Uning hech kimi yo'q", - deydi Dian o'zi ijro etgan rol haqida.

"Agar kimdir unga yordam qo'lini cho'zganida edi, u o'z joniga qasd qilmagan bo'lardi", - deydi u.

Filmdan ko'zlangan maqsad ayon.

"Birgina odam vaziyatni o'zgartirishga qodir", - deydi Savanna.

Savanna o'z tajribasidan kelib chiqib deydiki, bezorilik qizlar orasida ham katta muammo.

"Qizlar juda yomon. Boshqalarning jig'iga tegishni yaxshi ko'ramiz. Kiygan kiyimi yoqmaydi. Soch turmagi ensamizni qotiradi. Qandaydir muammo topamiz. Bu esa qizni tushkunlikka tushiradi", - deydi u.

O'quvchilarning ustozi Metyu Parsonsning aytishicha, o'qituvchilar ham yordam qo'lini cho'zishi kerak.

"Bu o'smirlardagi ijtimoiy o'zgarishlar bilan bog'liq muammo. Dunyoning qayerida bo'lishingizdan qat'i nazar, o'smirlarda xuddi shunday o'zgarishlarga guvoh bo'lasiz", - deydi u.

Parsonsning aytishicha, agar yoshlarning o'zi jarayonda faol qatnashmasa, muammoni to'xtatishga o'qituvchilarning qo'li kaltalik qiladi.

"O'quvchilar sinfdoshlari yaratgan bu filmni ko'rib, uning ruhiy ta'siri qanchalik katta ekanini tushinib yetsa, bu ko'proq talabalarga ijobiy ta'sir qiladi", - deydi u.

Yoshlar hayotida ijobiy o'zgarish yasay olishidan xursand bu o'quvchilar navbatdagi film festivalida g'olib chiqishdan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG