Breaking News

VIChga qarshi kurash samara bermoqda


Birlashgan Millatlar Tashkilotining so’nggi hisobotlarida SPIDga yetaklovchi virusga qarshi kurashda katta yutuqlarga erishilgani bitilgan. Inson yostig’ini qurituvchi bu dardga davo topilmagan hali, biroq muolaja olish ancha osonlashgan.

BMT 2030-yilgacha epidemiyani to’xtatishni rejalagan. Bu yo’nalishda qanday ishlar qilimoqda? “Amerika Ovozi” mutaxassis bilan suhbatlashdi.

Doktor Entoni Fauchi 1980-yillardan beri SPIDga da’vo topish ustida izlanadi. Virus tarqalishini to’xtatish uchun imkoniyatlar ancha kengaygan, deydi u.

“Dorilarning sifati ancha yaxshilangan. So’nggi yillarda ularni iste’mol qilgan ko’plab odamlar o’limdan qoldi, bemor organizmidagi virus darajasi ancha pasayib, virusni boshqalarga yuqtirish ehtimoli deyarli yo’qoldi”, - deydi Milliy salomatlik instituti mutaxassisi.

Muolaja olish ham osohlashdi. Eng yangi dorilarni endi rivojlanayotgan mamlakatlarda ham topsa bo’ladi. Masalan, VICh virusi bo’lmagan odamlar uchun himoya vositasini bajaruvchi “truvada” preparati ham ishlab chiqildi.

BMTning VICh/SPIDga qarshi kurashuvchi dasturiga ko’ra, immunitet tanqisligi virusi bilan yashovchi odamlarning yarmidan ko’pi ayni damda davolanmoqda, biroq virusga chalingan 16 million odamda bunday imkoniyat yo’q. Aksariyati VICh bilan yashayotganini, boshqalarga virusni yuqtirishi mumkinligini bilmaydi ham.

“Epidemiyani batamom to’xtatish uchun VIChga qarshi vaksina kerak”, - deydi doktor Fauchi.

Tailandda o’tgan sinovlar vaksinaning 31 foizga samarali ekanini ko’rsatdi.

Masalan, qizamiqqa qarshi emlash insonni 99 foiz holatda himoyalaydi. Olimlar SPIDga qarshi ham bu qadar samarali vaksina ishlab chiqishi mumkinmi?

“VICh vaksinasi 50-60 foiz holatda insonni virusdan saqlasa ham katta gap. Shunda epidemiya ko’lamini tushirib, asta-sekin unga barham berishimiz mumkin”, - deydi Fauchi.

Yana bir vaksina Janubiy Afrikada tajribadan o’tkazilmoqda. Natijasi hali-beri ma’lum bo’lmaydi, demak, samarasi haqida ham gapirishga hali ancha erta.

Epidemiyaga qarshi kurashning yana bir effektiv yo’li – qon topshirib, VICh bor-yo’qligini aniqlash, bo’lsa, muolaja olish. 2000-yildan beri Afrikaning quyi-Saxara mintaqasida virusni yuqtirish holatlari 50 foizga qisqargan. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda esa, aksincha, so’nggi yillarda 60 foizga ortgan.

Muammoga qarshi kurash xalqaro hamjamiyat e’tiborini, katta mablag’ va harakat talab qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG