Breaking News

AQShda yashovchi arablar va musulmonlar xavotiri


Ayrim xabarlarga ko’ra, 7-oktabrda XAMAS Isroilga hujum qilganidan beri va Isroil G’azoda urush boshlaganidan beri AQShda yashovchi arablar va musulmonlar orasida xavotir va qo’rquv hukm surmoqda. Ular AQShda 2001-yil 11-sentabr xurujlaridan buyon o’zlarini bunchalik himoyasiz his qilmaganini aytadi.

Xalqaro hayot - 15-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:41 0:00

14-oktabr kuni Illinoys shtatida ijaraga olingan uyda yashagan olti yashar falastinlik-amerikalik bolani uy egasi 26 marta pichoq urib o’ldiradi, onasiga tan jarohati yetkazadi.

Noyabr oyida esa Vermont shtatida arab tilida so’zlashib ketayotgan va bo’yniga arabcha sharf kufiya ilib olgan uch talabaga o’q uziladi. Ulardan biri, amerikalik-falastinlik hozir falaj holatda.

“11-sentabr voqealaridan keyin ham shunday bo’lgan edi. O’shanda ham tashvish va qo'rquv hissi hukm surgan”, - deydi Arab-Amerika milliy muzeyining direktori Diana Abuali.

“Doim hushyormiz, doim qo’rquvdamiz. Doim kimdir bizga hujum qiladi yoki biror narsada bizni ayblaydi deb qo’rqib yuramiz”, - deydi Samraa Luqmon ismli amerikalik musulmon.

AQShda arablar va musulmonlarga qarshi hujumlar bo’yicha Federal tergov byurosining eng so’nggi statistik ma’lumotlari yo’q, biroq Amerika-Islom aloqalari kengashi hamda antisemitizmga qarshi kurashuvchi “Tuhmatga qarshi liga” kabi tashkilotlar 7-oktabrdan keyingi hujumlarni qayd etib boradi.

“Falastinliklarni terrorchilar bilan adashtirishadi, falastinliklarga yon bosganlarni ham terrorchi deb bilishadi”, - deydi Diana Abuali.

Falastinlik-amerikalik Adam Abusaloh falastinliklar bilan birdamlik ramziga aylangan kufiyani ba’zan xavotir bilan kiyadi.

“Ba’zan notanish joylarga borsam, “kufiyani kiyishim shartmi, mashinada qoldirganim yaxshiroqmasmi, falastinlik, musulmon ekanimini aytishim shartmi?” deya o’ylanib qolaman”, - deydi u.

Samraa Luqmonning aytishicha, 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so’ng Amerikada arab bo’lish, musulmon bo’lish xavfli edi. O’tgan yil 7-oktabridan beri esa hujumga uchrash qo’rquvi yanada kuchaygan, deydi u.

“30 yil hijobda yurdim. Boshqa shtatga ko’chganimdan so’ng hijob kiyishga qo’rqdim. O’shandan beri hijobsiz yuraman”, - deydi u.

Yaqinda AQSh matbuotida chop etilgan ayrim maqolalarda arablar hayvonlarga qiyoslangan. Amerikada eng ko’p arab yashovchi Michigan shtatining Dirbon shahri esa “Amerikaning jihod poytaxti” deb atalgan.

“Arablarga nisbatan irqchilik odatiy holga aylangan”, - deydi muzey rahbari.

“Bunday maqolalar zo’ravonlikni oqlaydi, odamlar hayotini xavf ostiga qo’yadi. Ularni hayvonlarga qiyoslash odamlarni inson o’rnida ko’rmaslikka olib keladi”, - deydi Michigan universitetidan Amni Shuraydi.

Prezident Bayden Ramazon bilan bog’liq murojaatida Amerikada musulmonlarga nisbatan nafrat va zo’ravonlik avj olayotganidan xavotir bildirdi. Unga ko’ra, Oq uy musulmonlar, amerikalik arablar va boshqa marginal guruhlarga nisbatan noxolislik, irqchilik, adovatga qarshi kurashuvchi strategiya ishlab chiqarmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG