Breaking News

Arab bahori: Yetti yil o'tib


Tunisliklar arab bahorining yetti yilligini nishonlab ko'chaga chiqdi
Tunisliklar arab bahorining yetti yilligini nishonlab ko'chaga chiqdi

Yetti yil oldin Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada "arab bahori" nomini olgan voqealar boshlandi. Xalq zulmkor hukumatlar, adolatsiz siyosat, iqtisodiy nochorlik, korrupsiyaga qarshi bosh ko'tardi, ko'plab mamlakatlarda ommaviy namoyishlar o'tkazildi, hukumatlar almashdi.

Biroq inqilob yuz bergan hech bir mamlakatda o'ylangan maqsadga erishilmadi. Na qashshoqlik va korrupsiyadan xalos bo'lishni istagan oddiy xalqning, na G'arbdagi kuzatuvchilar va homiylarning umidlari oqlandi.

Inqiloblar eng boshida G'arb mamlakatlari poytaxtlarida nishonlandi, ko'plab arab yoshlarini progressiv g'oyalarga ilhomlantirdi. Avtokratik rahbarlarning ketishi va saylovlarni o'tkazish bilan ijobiy o'zgarishlarga erishish mumkin deb o'ylagan odamlarning bir necha oydan so'ng umidlari puchga chiqdi. Mintaqada vaziyat barqarorlashmadi.

O'zgarishlardan eng avvalo jihodchilar unumli foydalandi. Muammar Qaddafiyning hokimiyatdan ag'darilishi ketidan Liviya beqarorlikka cho'mdi. Hokimiyat uchun bir-biriga qarshi guruhlar kurasha boshladi, jihodchilar AQShning Bing'ozidagi diplomatik vakolatxonasiga hujum qilib, elchi Kristofer Stivens va yana uch amerikalikni o'ldirdi, "Islomiy davlat" to'dasi mamlakatda chuqur ildiz otdi.

Misrda esa islomiy hukumat shakllanib, progressiv kuchlar va sobiq rejim tarafdorlarini g'azabga soldi. Armiya bosh ko'tarib, Prezident Muhammad Mursiy va taradforlarini hibsga oldi, general Abdul Fattoh Sissiy hokimiyatga keldiyu, yangi rahbar "arab bahori" natijasida ag'darilgan Husni Muborak siyosatini davom ettirishga kirishdi.

Mart oxirida Misrda prezident saylovlari o'tkaziladi, biroq Sissiy poygada u bilan bellashmoqchi bo'lgan to'rt kishini hibsga olishni buyurdi.

Yamanda esa fuqarolar urushi boshlanib, bir-biriga raqib Saudiya Arabistoni va Eron manfaatlari to'qnashdi. Ekstremist kuchlar bosh ko'tarmoqda.

"Arab bahori"dan eng qattiq zarar ko'rgan Suriya bo'ldi. Bu mamlakatda hukumatga qarshi namoyishlar va qo'zg'olonlar qattiq bostirildi, jihodchi guruhlar ko'payib, Rossiya, AQSh, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar kabi davlatlar mojarodagi turli taraflarni qo'llab-quvvatlab, yuz minglab odamlarning hayotiga zomin bo'ldi.

"Arab bahoridan so'ng: Islomiy kuchlarning Yaqin Sharq inqiloblaridan foydalangani haqida" degan kitob muallifi Jon Bredlining aytishicha, G'arb hukumatlari va arab dunyosidagi progressiv kuchlar "arab bahorini" Berlin devori qulashiga qiyoslab, erta olqishlashi xato bo'lgan.

Boshqalar "arab bahori" kutilgan natija berishi mumkin edi, degan fikrda. Tahlilchi Mettyu Partrijning aytishicha, Amerika va Yevropa kuzatuvchi bo'lib turmasdan, bu ishga bosh-qosh bo'lishi kerak edi.

Ba'zi tahlillarga qaraganda, mintaqadagi inqiloblarga sabab bo'lgan omillardan biri yoshlar orasida ishsizlik bo'lib, muammo hanuz hal etilgani yo'q. "Arab bahori"ni boshidan kechirgan mamlakatlarda aholi yosh bo'lib, hukumatlar ularni band qilishga ojiz. Demak, deydi kuzatuvchilar, inqiloblar takrorlanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG