Dunyo armanlari 1-jahon urushi davridagi qatliomni xotirlamoqda

  • Amerika Ovozi

Ko'plab tarixchilar I Jahon urushi davrida 1,5 million atrofidagi arman turklar qo'lida o'lganini aytadi. Turkiya nazarida esa bu da'volar asossiz. Bu yil dunyo bo'ylab 24-aprel kuniarmanlar o'limining 102 yilligi xotirlanadi. Siyosatchilar ham bu voqeaga alohida e'tibor qaratadi.

Armanlar I Jahon urushida halok bo'lgan millatdoshlari o'limini genotsid deb ataydi. Ularga ko'ra, Usmoniylar imperiyasi armanlarni qatl etgan. Turkiya esa buni inkor qiladi.

"102 yil oldin sodir bo'lgan ish uchun bugungi turklarni ayblamaymiz. Lekin Usmoniylar imperiyasi merosxo'ri bo'lgan davlat bu muammoga e'tibor qaratishi kerak", - deydi Armanistonning AQShdagi elchisi.

Armanlar bugun dunyo bo'ylab tarqalgan.

"Biz yashab qoldik. Butun dunyoda armanlar bor. Armaniston Respublikasi bor. Buning o'zi mo'jiza. Genotsid muvaffaqiyatsiz tugadi. Biz shuni nishonlaymiz va eslaymiz", - deydi elchi.

Turkiyaga ko'ra, raqamlar bo'rttirilgan va o'lganlar aslida fuqarolar urushi qurboni bo'lgan. Ikki yil avval Turkiya Bosh vaziri tomonlarni birga tekshiruv o'tkazishga taklif etgan edi.

"Armanlar masalasini gaplashishni istasak, avvalo, hodisani o'rganaylik. Bu tarixchilarning vazifasi. Arxivlarimizni ochamiz. Armaniston ham arxivlarini ochsin, agar bo'lsa", - degan edi Rajab Toyib Erdog'an

Armanlar qatli BMT, Rim papasi va ko'plab davlatlar tomonidan genotsid deb atalgan. Ammo AQSh hukumati bu so'zni ishlatishdan o'zini tiyib keladi.

"Amerika hukumati Arman genotsidi haqida nima aytishi yoki aytmasligi ustidan Turkiya hukumati veto qo'yishni istaydi. Bunga qarshi fuqarolik jamiyati katta ish olib bormoqda", - deydi Amerika Arman milliy qo'mitasi rahbari Aram Hamparian.

Turkiya elchixonasi "Amerika Ovozi" murojaatiga javob bermadi. Armanlar genotsidi haqida kitob yozgan Tomas De Val esa voqeani shunday izohlaydi.

"Bu urushda ko'plab turklar o'ldi. Arimlari rus armiyasi qo'lida. Turkiya bosib olingan va bo'lingan edi. Armanlar dushman sifatida ko'rilgan", - deydi u.

Bugungi Turkiyada qarashlar avvalgidek emas.

"Bu haqda turk tarixchilari va olimlari ham yoza boshladi. Turkiyada kitoblar chop etilyapti. Shu yil boshida Turkiyada mening kitobim ham bosildi. Bir necha yil avval buni tasavvur ham qilib bo'lmasdi. Jamiyat ancha o'zgargan", - deydi De Val.

Bu orada "Va'da" deb nomlangan film katta ekranlarga chiqdi. Unda armanlar qatli va ommaviy deportatsiyasi yuz bergan I Jahon urushi davridagi voqealar aks etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG