Breaking News

Turkiya armanlari hukumat va kurdlar orasidagi mojarodan xavotirda


Diyorbakir shahridagi arman ibodatxonasi
Diyorbakir shahridagi arman ibodatxonasi

Turkiyaning kurdlar yashovchi hududida bir paytlar yuz minglab armanlar yashagan. Ammo 1915-yil Usmoniylar imperiyasi ularni yoppasiga bu yerdan haydash siyosatini olib borgan. Natijada behisob armanlar halok bo'lgan va buni ko'plab tarixchilar "genotsid" deb ataydi.

Yaqinda Diyorbakir shahrida qadimiy arman cherkovlaridan biri qayta tiklanib, foydalanishga topshirildi. Bu ozchilik millat bilan mavjud ixtiloflarni yo'q qilish yo'lidagi katta qadam sifatida ko'rildi. Ammo so'nggi paytlarda kurdlar va hukumat o'rtasida ziddiyatlarning qayta kuchayishi bu umidlarni puchga chiqarmoqda.

O'tgan yili ishga tushgan tarixiy cherkovda mahalliy va xalqaro hamjamiyatning arman diasporasi vakillari yig'ildi.

Ibodatxonaning qayta ochilishi etnik ozchilik xalq va Turkiya hukumati o'rtasidagi aloqalarni yaxshilashning ramzi sifatida ko'rildi.

Ammo hukumat bu cherkov va yana boshqa olti ibodatxonani davlat ixtiyoriga o'tkazgach, umidlar puchga chiqdi.

Avliyo Giragos jamg'armasi rahbari Gafur Turkayning aytishicha, bu chora o'tmishning qora kunlarini yodga soladi.

"Qonunda yozilishicha, cherkovlar tortib olinibdi. Rasmiylardan so'rasak, yo'q, unday bo'lgani yo'q, deyishdi. Oldin ham shu narsani boshdan kechirganmiz. 1936-yilda barcha mulklarimiz olib qo'yilgan edi. Ularni qaytarish uchun haligacha kurashyapmiz. Bu holat bizga tanish. Shuning uchun xavotir va qo'rquvdamiz", - deydi u.

Kurd isyonchilari va xavfsizlik kuchlari o'rtasida kechgan uzoq muddatli to'qnashuvlar oqibatida tarixiy Diyorbakir shahri ancha zarar ko'rgan. Davlat tarixiy obidalarni qayta tiklash maqsadida cherkovlarni ham o'z ixtiyoriga oldi, deydi mahalliy kuzatuvchilar.

Siyosiy tahlilchi Chingiz Aqtar cherkovning ramziy ahamiyatiga e'tibor qaratadi.

"Diyorbakir genotsiddan oldin armanlar shahri edi. Hozir deyarli hech kim qolmagan. Cherkovning ta'mirlanishi shuning uchun muhim edi. Uning qayta tiklanishi butun dunyo bo'ylab armanlar jamoasida aks-sado berdi", - deydi u.

Ammo kurdlar va turklar o'rtasida to'qnashuvlar qayta boshlangach, etnik armanlar orasida tarixiy og'riqlar va ishonchsizlik yana bo'y ko'rsata boshladi.

Ayrim hukumat vazirlari armanlarni kurd isyonchilariga yordam berishda aybladi. Shu yerda yashovchi armanlardan biri hozir qo'rquv ostida yashayotganini aytadi.

"Hammamizda bor bu qo'rquv. 1915-yilda armanlarga qilishgan ishni hozir kurdlarga qilishyapti. Xuddi o'sha mantiq va dunyoqarash bu. Bunday genotsid, qatl bizning boshimizdan o'tgan oldin. Yana shuni ko'rishni xohlamaymiz", - deydi u.

Isyonchilar bilan tuzilgan tinchlik sulhi uch yil amal qildi. Shu tinchlik davrida hududning etnik ozchilik elatlari o'zlarining boy diniy va madaniy tarixlarini qayta kashf eta boshlagan edi. Kuzatuvchilarning aytishicha, urushning yana avj olishi umidlar o'rniga qo'rquvni qaytardi, ayniqsa, oz sonli armanlar uchun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG