Breaking News

Obama Osiyo davlatlari rahbarlarini Kaliforniyaga taklif etdi


Janubiy Xitoy dengizida Pekin qudrati tobora oshayotgan bir paytda, Prezident Barak Obama Osiyoning 10 rahbarini AQShga taklif etdi. Bugun Kaliforniya shtatida Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) sammiti boshlanmoqda. Xitoy yig'inda qatnashmaydi.

“Bu Obama prezidentligining so’nggi yili. Bunday sammitlardan ko'p narsa kutmaslik kerak”, - deydi Singapurdagi Xalqaro aloqalar instututi rahbari Saymon Tey.

Dengizda Xitoy bilan yer talashayotgan Filippin va Vyetnam Vashingtondan madad kutmoqda. Har ikkisi Qo'shma Shtatlar bilan harbiy hamkorlikni oshiryapti. Shu ma’noda ular ASEAN tashkilotining Xitoy bilan qattiqroq gaplashishga qarshi bo'lgan boshqa a’zolaridan farq qiladi.

Shu sababdan kuzatuvchilar Kaliforniya sammitidan katta bir natija kutmayapti.

Ammo, deydi Gonkong universiteti professori Chin Len Lim, Janubiy Xitoy dengiziga bir davlat da'vo qilayotgani, erkin harakatlanishga cheklovlar qo'yilayotgani AQShni tashvishga soladi. Bu masalalar yig'inda ochiqchasiga muhokama qilinishi aniq, deydi u.

Osiyoni o'z manfaatlari uchun strategik deb belgilagan Vashington bu mintaqadagi ittifoqchilar bilan hamkorlikni mustahkamlashga o'tgan. ASEAN bu jarayonda muhim rol o'ynaydi.

“Lekin ASEANga a’zo davlatlar orasida qator masalalar bo'yicha yakdillik yo’q. Demak, AQSh hamda uning manfaatlari sammitda ustuvor ahamiyat kasb etadi”, - deydi professor Lim.

ASEAN uchun muhim masalalardan biri - savdo.

O’tgan hafta Yangi Zelandiyada 12 davlat Trans-Tinch okeani hamkorligi shartnomasini imzoladi. Ular orasida ASEANga a’zo Bruney, Malayziya, Singapur va Vyetnam bor. Uyushmaning yana ikki a’zosi - Indoneziya va Tailand bitimga keyinchalik qo’shilishi mumkin.

Yana olti boshqa davlat bilan erkin savdo kelishuvi imzolash ustida uch yildan beri muzokara ketmoqda.

"Gap raqobatda. Barcha muzokaralar yakunida Osiyodagi 16 mamlakat erkin savdo zonasiga qo'shilgan bo'ladi", - deydi tadqiqotchi Debora Elms. "Raqobat kuchaygan bir paytda ASEAN mintaqaviy intergratsiyaga jiddiy yondashishi lozim. Aks holda global miqyosda faoliyat yuritadigan kompaniyalar e’tibori va zaxiralarini jalb qilish qiyin", - deydi u.

Shu yil boshidan ASEAN iqtisodiy hamjamiyati ishga tushdi. 620 million aholi yashaydigan katta bir hududda yagona bozor yaratishni ko'zlaydi bu loyiha. 2020-yilga borib sarmoya, tovar va kapitallarning erkinroq harakatlanishi uchun yo'llar ochilishi kerak.

ASEANga katta-yu kichik davlatlar a’zo, ular orasida demokratiyalar ham bor, kommunist tuzumlar ham. Bugun tashkilot sammiti o'tayotgan Janubiy Kaliforniyada 2013-yilda Prezident Obama Xitoy rahbari Si Zinpin bilan ham uchrashgan.

“Diplomatik va ramziy ma’noda AQSh uyushmaga a’zo 10 davlatga siz Xitoydan kam emassiz, deyayotgandek. Bu ASEANning so’nggi yillardagi yutuqlarini etirof etishdir”, - deydi Saymo Tey.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG