Atlantada o'zbekistonliklar yangi jamiyat ochdi

  • Amerika Ovozi

Amerikadagi o'zbek jamiyatlari soni yana bittaga ko'paydi. Jorjiya shtati Atlanta shahri atrofida yashovchi o'zbekistonliklar yangi tashkilotga asos soldi. Shu munosabat bilan "Amerika Ovozi" ijodiy guruhi Atlanta shahriga yo'l oldi.

Atlanta Jorjiya shtatining markazi va AQShning eng yirik shaharlaridan biri. Bu yerda yarim millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Shaharda so'nggi yillarda o'zbekistonliklar soni ham ko'payib bormoqda.

Shu paytgacha norasmiy tarzda turli tadbirlar, yig'ilishlar o'tkazib kelgan jamoa rasman tashkilot sifatida ro'yxatdan o'tishga qaror qildi. Atlanta O'zbek jamiyati nomini olgan yangi uyushma shu munosabat bilan elga dasturxon yozdi. Mehmonlar orasida "Amerika Ovozi" ijodiy guruhi ham bo'ldi.

Jamiyat rahbari Rahmon Eshovning aytishicha, tashkilot oldidagi asosiy maqsad O'zbekiston va Amerikani bir-biriga bog'lab turuvchi madaniyat o'chog'ini yaratish.

“O’zbekistondan kelib bu yerda yashayotgan fuqarolarimiz ko’pchilikni tashkil etadi. Shuning uchun ham o’zimizning madaniyatni, urf-odatlarimizni o’zimizdan keyingi bolalarimizga kam-kam bo’lsa ham ko’rsatishni xohlaymiz. Afsuski, O’zbekistonga bolalarimizni har hafta, har oyda olib borishning imkoniyati yo’q. Bir yilda bir borishadi. Bu kamlik qiladi. Biz O’zbekistonning madaniyatini amerikaliklarga ham ko’rsatmoqchimiz. Bolalarimizga shu narsani o’rgatib, ularga Amerika madaniyatini emas, o’zbek madaniyatini targ’ib qilmoqchimiz”, - deydi u.

Jamiyatning ochilish marosimida qatnashar ekanmiz, bu yerdagi vatandoshlarning ancha inoq ekaniga guvoh bo'ldik. Tadbir faol yoshlar tashabbusi va harakati bilan tashkil etilgan. Dasturxonga tortiq qilingan milliy taomlarning barchasini ayollarning o'zlari pishirgan.

Bolalar esa o'zbek milliy madaniyatini aks ettiruvchi qo'shiq va raqslar ijro etdi. O'zbek tilida she'rlar o'qidi.

To'rt yashar qizchaning Sevara Nazarxon qo'shig'iga qilgan taqlidi barchaning olqish va hayratiga sazovor bo'ldi.

Jamiyat qoshida o'zbek tili darslari ham tashkil etilgan. Turli yoshdagi bolalarga O'zbekistondan kelgan o'qituvchi Iroda G'ulomova o'zbek tilini o'rgatmoqda. 13 yoshli Noila ana shunday o'quvchilardan biri.

"Bu yozda men o’zbekcha maktabga bordim. O’zbekcha maktab menga juda ham yoqdi.She’rlar yodladik, diktantlar oldik, “Serquyosh”ni yodladik. Raqs ham qildik. Yozishni o’rgandik va o’zbekchada o’qishni ham o’rgandik”, - deydi u.

Noila jamiyat qoshida tashkil etilgan o'zbek tili darslariga qatnab, o'z ona tilini unutmaslikka harakat qilayotganini aytadi.

“Yetti yoshimda Amerikaga kelganman. U paytda inglizchani bilmadim. Endi inglizchani bilaman va o’zbekchani ham bilaman. Sal-pal o’zbekcha esimdan chiqib ketdi. O’zbekcha kinolar ko’rdim. Endi o’zbekchani yaxshiroq bilaman. Iroda opam o’zbekchani zo'r o’rgatdilar”, - deydi u.

Tashkilot oldiga qo'ygan maqsadlardan yana biri bu yerga yangi kelgan o'zbekistonliklarga yordam qo'lini cho'zish. Shuningdek, bu yerda o'sib-ulg'ayayotgan yoshlarga ham to'g'ri yo'l ko'rsatishni niyat qilganmiz, deydi tashkilot faollaridan biri Jaloliddin Hadjayev.

“O’sib kelayotgan yoshlarga yo’l-yo’riq kerak. O’qishga topshirishda, ish topishda ularga yordam ko'rsatish maqsadimiz bor. Yana bir asosiy maqsadlarimizdan biri yangi kelayotgan o’zbekistonliklarga yordam berish. Yangi kelganlar hammasini boshidan boshlaydi. O’zimdan misol, biz hammasini noldan boshlaganmiz. Ularga yo’l-yo’riq ko’rsatsak, hammasi yaxshi olib ketadi. Shu narsa Atlanta O’zbek jamiyatining ish jadvaliga kiritilgan", - deydi u.

Tadbirda O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi vakillari ham qatnashdi. Konsul Sirojiddin Yaxshilikov joriy yilda xorijdagi fuqarolar bilan ishlashga alohida e'tibor qaratilayotganini aytdi.

"2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yilida bizning konsullik vazifalarimizga bevosita kiradigan, ya’ni yurtdoshlar bilan ishlash, ularning haq-huquqini himoya qilish bilan bog’liq bo’lgan ishlar ko’lamini oshirdik. Ularning sifatini, saviyasini bir necha darajaga ko’tardik. Eng asosiysi, fuqarolarimiz bilan telefon,internet yokiijtimoiy tarmoqlar orqali uzluksiz jonli muloqot qilish tartibini joriy qilganmiz va buning natijasida deyarli Amerikaning barcha nuqtalarida yashaydigan fuqarolarimiz bilan istalgan paytda istalgan masalalar bo’yicha muloqot qilish imkoniyati yanada oshirildi", - dedi O'zbekistonning Vashingtondagi konsuli.

AQShdagi o'zbekistonliklar eng ko'p noliydigan masalalardan biri - farzandlarning o'zbek tilini bilmasligi. Ular uchun o'zbek tili darsliklari va o'qituvchilar topishning o'zi katta bir muammo. Bu masalada O'zbekiston elchixonasi qanday yordam ko'rsata oladi?

“Jamiyatlar bizga yozma ravishda murojaat qilgan taqdirda bizning asosiy vazifamiz O’zbekiston Xalq ta’limi vazirligi bilan aloqa qilib berish va biz qo’limizdan kelgan yordamni ayamaymiz. Darsliklar yoki o’qituvchilar bilan ta’minlash zarurati bo’ladigan bo’lsa, bu narsa O’zbekistonning vakolatli idoralari hisoblanmish o’quv ta’lim muassasalarini boshqaruvchi Xalq ta’limi vazirligi bilan muvofiqlashtirilgan holatda amalga oshiriladi”, - dedi konsul Yaxshilikov.

Atlanta O'zbek jamiyatining kelajakdan umidlari katta. Bundan buyon o'zbekistonliklar soni yanada ortib boradi va ularning talab va ehtiyojlariga mos xizmatlarni yo'lga qo'yish maqsadimiz, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG