Breaking News

AQSh mudofaa vaziri: Afg'onistonda Daishga qarshi kurashamiz, evakuatsiya qilinmaganlarni chiqaramiz


AQSh Afg’onistonda evakuatsiyani yakunlashidan ikki kun o’tib, Mudofaa vaziri Lloyd Ostin muxbirlar bilan uchrashdi.

Xalqaro hayot – 2-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:33 0:00

“Amerika tarixidagi eng yirik fuqaro evakuatsiyasini amalga oshirdik. Qahramonlarcha va tarixiy evakuatsiya”, - dedi u.

“Urush oson narsa emas. Dahshatli, qonli, kechirimsiz. Darhaqiqat hammamiz azob va g’azabni his qilyapmiz. Oxirgi 20 yil va oxirgi 20 kunda bo’lgan voqealar bizda ham azob, ham g’azab uyg’otyapti”, - dedi AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlarining birlashgan qo’mitasi raisi general Mark Milli.

Davlat departamentining bir rasmiysiga ko’ra, Afg’onistonda 100 dan ortiq amerikalik hamda AQShning maxsus muhojirlik vizasiga hujjat topshirgan ko’plab afg’onlar va oilalari qolib ketgan. General Millining aytishicha, Qo’shma Shtatlar ularni evakuatsiya qilishda endi Tolibon bilan kelishishi kerak.

“Bu harakat o’tmishda shaftqatsizligi bilan tanilgan. Hozir o’zgarganmi ular, yo’qmi, vaqt ko’rsatadi”, - dedi general.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostinga ko’ra, o’tgan hafta Kobul aeroportidagi xurujlarda 13 AQSh harbiysi va 170 afg’onni o’ldirgan “Islomiy davlat”ning Afg’onistondagi jangarilariga qarshi kurash davom etadi.

General Milli Tolibon bilan bu borada hamkorlik qilish ehtimolini hisobdan chiqarmadi.

“Tolibonni biz yoki biz gaplashgan boshqa davlat tan olishi haqida hozircha gap ketmayapti. Bu ularning xulqi, xalqaro hamjamiyatga bergan va’dalarining ustidan chiqishiga bog’liq”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.

Ana shunday va’dalardan biri Afg’onistonda qolgan amerikaliklar, mamlakatni tark etishni istagan afg’on inson huquqlari faollari, jurnalistlari va boshqalarga ketishga ruxsat berish bo’ldi.

Bu odamlar evakuatsiyasi qanday va qachon amalga oshirilishi hozircha ma’lum emas. Ungacha esa ular jon saqlash maqsadida yashirinishga majbur.

Shunday odamlardan biri er-xotin jurnalist Sitorai Karimiy va uning turmush o’rtog’i bo’lib, bir oy oldin Hirotdagi janglarni yoritgan muxbirlar Pokistonga chiqib ketishga majbur bo’ldi.

“Tolibon so’zlovchisi jurnalistlarga e’tirozimiz yo’q degani bilan uyma-uy yurib, muxbirlarni qidirishmoqda. 200 dan ortiq jurnalist va fuqarolik jamiyati faollari yashirinishga majbur bo’ldi. Eng muhimi, jurnalist ayollarga ishlashga ruxsat berishmayapti”, - deydi Sitorai Karimiy.

Biroq bugun “Tolo News” kanalining 15-avgustdan beri efirga chiqmagan tonggi dasturi jonlanib, uni ayol jurnalist olib boribgina qolmay, studiyaga kelgan erkak mehmonni intervyu qildi.

Xalqaro media tashkilotlarga ko’ra, afg’onistonlik hamkasblarni xavfsiz joylarga ko’chirish oson bo’lmayapti. Minglab odam yordam so’rab murojaat qilmoqda, deydi Xalqaro ayollar matbuot jamg’armasidan Nadin Xoffman.

“O’lim yoqasida turgan jurnalistlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan eng katta va eng qiyin amaliyotga qo’l urganmiz”, - deydi u.

Mamlakatdan ketganlar ham o’zini xavfsiz his qilmasligini aytadi.

“Pokistonda bo’lsak ham ko’nglimiz g’ash, ruhiyatimiz joyida emas, xavotirdamiz”, - deydi afg’on muxbiri.

Aksariyat jurnalistlar yaqinda mamlakat axborot zimistoniga yuz tutishidan tashvishda.

"Jumboqli vaziyatga duch kelyapmiz. Agar jurnalistlar Afg’onistonni tark etsa, u yerdagi voqealardan xabarsiz qolamiz. Agar ketishmasa, ularni kasbiy faoliyati uchun o’ldirishlari mumkin”, - deydi Nadin Xoffman.

Bu o’rtada Tolibon kuchlari Kobulda blok-postlar o’rnatib, vaziyatni nazorat qilmoqda. Siyosatchilar esa yangi hukumat bo’yicha gaplashmoqda. Tolibon vakillaridan biri Ahmadulla Muttaqiyning aytishicha, prezident saroyi marosim uchun hozirlanmoqda. Biroq harakat so’zlovchisi Zabihulla Mujohid yangi hukumat qachon taqdim etilishini ayta olmadi.

Afg’oniston sobiq moliya vaziri va Pokistondagi sobiq elchisi Umar Zahilvalning aytishicha, mamlakatdan qochgan prezident Ashraf G’ani Afg’onistonni diktatorlarga xos uslubda boshqargani uchun ham Tolibon muvaffaqiyatga erishdi, chunki xalq va xavfsizlik kuchlari qarshilik ko’rsatmadi.

Zahilvalga ko’ra, G’ani har fursatda tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishga harakat qildi, Tolibonni hukumatga kiritgisi kelmadi.

“Tolibon so’nggi yillarda mamlakatni yakka boshqarish oson emasligini tushunib yetgan degan umiddaman. So’nggi 40 yil hokimiyatni monopoliyalashtirish taraqqiyotga yetaklamasligini ko’rishdi”, - deydi sobiq diplomat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG