Breaking News

Yugurib, giyohvandlik va ichkilik changalidan chiqishga urinayotganlar


Fireworks are seen over the Washington Monument and Lincoln Memorial in Washington, July 4, 2012. (B. Allen/VOA)
Fireworks are seen over the Washington Monument and Lincoln Memorial in Washington, July 4, 2012. (B. Allen/VOA)

AQShda uch yarim milliondan ortiq boshpanasiz odam bor. Aksariyati alkogol va narkotikka ruju qo’ygani tufayli bunday holga tushgan.

Bunday insonlarni normal hayotga qaytarishni maqsad qilgan nodavlat notijorat tashkilot “Qayta oyoqqa tur!” shiori ostida, maxsus loyiha bilan chiqib, bor butidan ayrilgan insonlarga madad ko’rsatmoqda.

Bir necha katta shaharlarda bu dastur yo’lga qo’yilib, samara bera boshlagan.

Nik Finnigan dasturda olti oydan beri ishtirok etadi. Ancha o’ziga kelib qolgan. Salomatligi tiklanmoqda. Nik 16 ga to’lganidan keyin ichkilik va narkotik moddalarga ruju qo’yib hayoti ostun-ustun bo’lib ketgan edi. Oila qurgan edi, u ham buzildi. Bir necha yildan beri ishsiz.

“Oldimda turgan eng katta dovon - shu. Narkotiklardan uzoqroq yurmoqchiman. Ikki farzandim bor. Kayf-safoga berilib, ularga otalik mehrini bera olmadim”,- deydi u.

Yugurib, giyohvandlik va ichkilik changalidan chiqishga urinayotganlar
Yugurib, giyohvandlik va ichkilik changalidan chiqishga urinayotganlar

33 yoshga kirgan Nik Finnigan hozirda muqim turar joyga ega emas. U Vashingtonda uysizlar uchun ajratilgan maskanda tunaydi. Har tong sahar mana shu dasturga qatnaydi. Kuniga bir necha kilometr yuguradi.

Dastur rahbari Gretchen Geyts fikricha, yugurishni odat qilish – muvaffaqiyat.

“Ertalab yugurish uchun belgilangan joyga kelganingizda, guruhimiz a’zolari sizni quchoq ochib kutib oladi. Iliq munosabatda bo’ladi. Mana shuning o’zi quvvat bag’ishlaydi”, - deydi u.

Qunt qilib yugurib, hayotini tiklashga harakat qilayotganlardan yana biri Dena Kuper. Uzoq yillar davomida narkoman edi. Afyunga mukkasidan ketishdan oldin Dena yaxshi hayot kechirgan, lekin bora-bora turmushi barbod bo’ldi. Hamma narsasini yo’qotdi.

“Men yolg’iz qoldim. Atrofimda hech bir do’st qolmadi. Alamimni narkotikdan oldim. Yonimda faqat shunaqa odamlar edi”,- deydi Dena. “Yugurish hayotimni tubdan o’zgartiradi deb umid qilaman”.

“Yugurish menga orom bag’ishlaydi. Bu dastur men uchun ayni muddao. Bu yerdagi safdoshlarim doim yordamga tayyor. Xuddi oiladek”.

Dena Kuper unga madad berayotgan insonlardan bir umr minnatdor. Ulardan ruhlanib o’zi ham boshqalarga ko’maklashmoqchi.

“Dasturni tamomlagach, boshi berk ko’chaga kirib qolgan ayollarga to’g’ri yo’l ko’rsatmoqchiman”,- deydi Dena.

Nik Finnigan ham yaxshi niyat qilgan. Ichkilik va narkotiklardan nari turmoqchi.

“Uyli-joyli bo’lishni xohlayman”,- deydi u.

Nik va Dena kabi minglab odamlar turmushini tiklashga urinar ekan, mutaxassislar va homiylar bu dasturni kengaytirishga bel bog’lagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG