Breaking News

Bangladeshda saylov oldidan zo'ravonlik avj oldi


5-yanvar kuni Bangladeshda saylovlar bo’lib o’tadi. Ammo muxolif partiyalar uni boykot qilayotgan bir paytda jarayon adolatli o’tishi gumon.
Bangladeshda saylov oldidan zo'ravonlik avj oldi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:56 0:00
Yuklab oling

Poytaxt Dakka shahrida saylovga xos miting va yig’ilishlar o’tayotganini ko’rmaysiz, chunki bunga hojat yo’q.

Oppozitsiya e’lon qilgan boykot ketidan hukmron Avomi Ligasi nomzodlari parlamentdagi 300 o’rindan 154 tasini egallab bo’lgan. Yakshanba kungi saylovni o’tkazishning ma’nosi qolmadi hisob.

Dakka universiteti professori Imtiyoz Ahmedning aytishicha, hatto hukmron partiyaning ayrim ittifoqchilari boykotga qo’shilmoqda.

“O’rinlarning 50 foizi hali hech kim ovoz bermasidan taqsimlangani jiddiy muammoga aylanyapti. Har bir o’ringa bitta nomzod ko’rsatilgani uchungina ular saylandi”, - deydi Ahmed.

Bangladeshda vaziyat qaltis. Saylov kuni noyabrda belgilanganidan buyon zo’ravonliklar tinmayapti. Namoyishlarda bir necha odam halok bo’lgan.

Yakshanba kungi tadbirni hech kim jiddiy qabul qilmayapti. Siyosiy bosim va tanqidlar bosh vazirning fikrini o’zgartirishiga ishonamiz
Protestlar yanada avj olishini bartaraf etish uchun hukumat armiyani safarbar etdi. Poytaxt Dakka go’yo mamlakatning boshqa qismlaridan uzib qo’yilgandek – avtobus, poyezd va kemalar qatnovi to’xtatilgan. Muxolifat tarafdorlarini tinchitish maqsadida shunday chora ko’rilmoqda.

Bangladeshda odatda saylovlar muvaqqat hukumat nazorati ostida o’tadi. Ammo hukmron partiya ikki yil ilgari bu amaliyotdan voz kechgan va natijada muxolifat boykot e’lon qildi. Kuzatuvchilar fikricha, Avomi Ligasi mahalliy saylovlarda yutqazgani sabab qoidalarni o’zgartirishga qaror qilgan bo’lishi mumkin.

Qo’shma Shtatlar, Yevropa Ittifoqi va 53 a’zodan iborat Hamdo’stlik davlatlari Bangladeshga kuzatuvchi yubormaslikka qaror qilgan. Ular hukumatni siyosiy inqirozni hal qiling va saylov oshkora o’tishini ta’minlang, deb undamoqda.

Dakka universiteti olimasi Amina Muhsin deydiki, Bosh vazir Shayx Hasina vaqtinchalik hukumat tuzishga ruxsat beradi degan umid haliyam so’nmagan.

“Xalqaro hamjamiyat allaqachon bu saylovlarga salbiy bahosini berib bo’ldi. Yakshanba kungi tadbirni hech kim jiddiy qabul qilmayapti. Siyosiy bosim va tanqidlar bosh vazirning fikrini o’zgartirishiga ishonamiz”, - deydi Muhsin.

Ayni damda bir necha islomiy yetakchilar 1971-yilgi mustaqillik uchun kurashda turli jinoyatlarda ayblanib, o’lim jazosiga mahkum etilgani ham ziddiyatlarni kuchaytirmoqda.

Ammo siyosiy mojarolar Bangladesh uchun yangilik emas. Ikki eng kuchli partiyani ayollar boshqaradi. Shayx Hasina va Xolida Ziyo o’rtasidagi raqobat bir necha o’n yildan buyon davom etib kelmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG