Breaking News

Belarusda saylovlar ochiqroq, lekin qonunbuzarlikka to'la


Minskdagi saylov uchastkasida belasurliklar ovoz bermoqda. 11-sentabr 2016-yil
Minskdagi saylov uchastkasida belasurliklar ovoz bermoqda. 11-sentabr 2016-yil

11-sentabr kuni belarusliklar saylov uchastkalariga borib, parlament deputatlarini sayladi. Jarayonda, ilgarigi saylovlar kabi, qonunbuzarliklar kuzatildi.

Shu bilan birga, muxolifatning ikki a'zosi - ikki ayol - parlamentning quyi palatasiga saylanishga muvaffaq bo'ldi.

Saylovda parlamentning quyi palatasidagi 110 o'rin uchun 484 nomzod, asosan, hukumat rasmiylari bellashdi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) kuzatuvchilari saylovlar "yaxshi tashkil etilgani, anchadan buyon mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan urinishlar qilingani" va ayni vaqtda "tizimga oid kamchiliklar" to'la bartaraf etilmaganini bildirdi.

Belarus "qonunlari siyosiy huquqlar va asosiy erkinliklarni cheklaydi", deyiladi tashkilot xulosasida. "Masalaning matbuotda yoritilishi saylovchilarga to'la ma'lumotga ega bo'lgan holda saylash imkonini bermadi. Nomzodlar soni, shu jumladan muxolifat nomzodlari ko'payganiga qaramay saylovoldi kampaniyasi keng bo'lmadi", deya xulosa qildi YXHT.

Belaruslik namoyishchi
Belaruslik namoyishchi

Belarus rahbariyatining "ijobiy urinishlari"ga qaramay, "erta ovoz berish va ovozlarni sanash jarayoni qator kamchiliklar bilan va hech qanday oshkoraliksiz o'tdi", deya bildirdi kuzatuvchilar.

Ma'lumotlarga ko'ra, ayrim uchastkalardan kuzatuvchilar haydalgan, saylovda qatnashganlar soni ko'paytirib ko'rsatilgan, qamoqda o'tirgan va ruhiy kasalxonalarda davolanayotganlar orasida ovoz berganlar juda ko'p bo'lgan.

Muxolifat g'alabasi

Qonunbuzarliklarga qaramay muxolifatning ikki a'zosi - Birlashgan fuqarolar partiyasidan Anna Kanopatskaya va mustaqil nomzod Alyona Anisim parlamentning quyi palatasiga saylanishga muvaffaq bo'ldi. Bu so'nggi 20 yilda muxolifatning ilk bor parlamentga saylanishi.

Ayni vaqtda mustaqil nomzodlarning aksariyati saylovda qatnasha olmadi.

Shubha tug'dirayotgan ko'rsatkichlar

Ilgarigi saylovlar kabi, bu safar ham rasmiylar saylovchilarni erta ovoz berishga undadi. Bu esa kuzatuvchilarga jarayonni kuzatish imkonini bermadi, deydi tanqidchialr. Ma'lumotlarga ko'ra, ovoz berish huquqiga ega bo'lgan fuqarolarning kamida 30 foizi yakshanbadan oldin ovoz berib bo'lgan.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali talabalar erta ovoz berishga majburlangani, yotoqxonalardan saylov uchastkalalariga haydalgani, aks holda o'qishdan haydalish bilan qo'rqitilgani haqida yozdi.

Qamoqlarda o'tirgan fuqarolar esa rahbarlar do'q-po'pisasi ostida ovoz berishga majburlangan.

Saylovchilar orasida Belarusning avtoritar prezidenti Aleksandr Lukashenko ham bor.

1994-yilda hokimiyatga kelgan Lukashenko 2004-yilda umumxalq referendumi o'tkazib, prezidentlik muddatiga oid cheklovni bekor qilgan va buning uchun AQSh hamda Yevropa Ittifoqi tanqidiga uchragan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG