Germaniyada Berlin devori qulaganining 25 yilligi nishonlanmoqda. Mamlakat kansleri Angela Merkel bir necha tadbirda qatnashdi, devorning omon qolgan bir joyiga atirgul qo'ydi. Ushbu marosimlarda amaldagi va sobiq davlat rahbarlari ham ishtirok etmoqda.
Prezident Barak Obama bayonot chiqarib, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari Yevropa hali butunlay yaxlit, ozod va osoyishta bo'lmaganidan nishona ekanini bildirdi.
Berlin devori Germaniya poytaxtini qariyb 30 yil davomida ikkiga bo'lib, uning qurilishi Sovuq urushining boshlanishiga sabab bo'lgan edi. Berlindagi tadbirda qatnashgan SSSR sobiq Prezidenti Mixail Gorbachyovning aytishicha, dunyo yangi Sovuq urush bo'sag'asida turibdi.
Gorbachyov G'arbni va, xususan AQShni Sovet Ittifoqi qulaganidan so'ng g'alaba nashidasiga berilib, Rossiya bilan hamkorlik qilmaganlikda aybladi. Unga ko'ra, Rossiyaga Ukrainadagi voqealar ketidan qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinib, Moskva bilan muloqot tiklanishi kerak.
161 kilometrlik Berlin devori 1961-yilda qad ko'targan. Undan maqsad Sharqiy Berlin aholisining G'arbga qochishiga chek qo'yish edi. Devordan oshish harakati paytida 140 odam otib o'ldirilgan. 1989-yilda devorning har ikki tomonidan odamlar uni qulatgan. Bir yil o'tib esa G'arbiy va Sharqiy Germaniya birlashgan. Mamlakat kansleri Angela Merkel o'sha payt sotsialistik Germaniyada yashagan.