Breaking News

Qora tanli faollar Baydendan umidvor, ammo unga ortiqcha ishonmasligini aytadi


Tramp prezidentligining so’nggi yili AQShda irqiy tengsizlik va politsiya zo’ravonligiga qarshi ko’plab namoyishlarga guvoh bo’ldi. Amerikada prezident va Oq uy ma’muriyati o’zgarishi natijasida ijtimoiy adolat bobida qanday o’zgarishlarga umid qilsa bo’ladi? “Amerika Ovozi” faollar, namoyishchilar va o’tgan yilgi namoyishlar tashkilotchilari bilan shu haqda gaplashdi.

2020-yilda mamlakatni larzaga solgan namoyishlarni Donald Tramp qoralagan bo’lsa, “Qora tanlilar hayoti muhim” harakatini qo’llab-quvvatlagan Jo Bayden Oq uyga kirishi bilanoq irqiy adolatga doir bir nechta farmon imzoladi.

“Saylov kampaniyasi davrida xalq sifatida harakat qilishimizga vaqt kelganini aytgan edim. Amerika tizimida chuqur irqiy tengsizlikka, davlatimizni uzoq vaqt ta’qib etgan tizimiy irqchilikka yuz tutdik”, - dedi Bayden.

Biroq ba’zi faollar nazarida, politsiyaga ajratiladigan pulni qisqartirish va xususiy federal qamoqxonalarni tugatish kabi talablarni bajarishga kelganda xususiy qamoqxonalarga kontraktlarni asta-sekin bekor qilish haqida farmon imzolagan Bayden ojizlik qilishi mumkin.

“Baydendan judayam xursandmiz deb ayta olmayman. Ammo ko’plab o’zgarishlarga qo’l urushidan, irqimiz vakillariga biror yaxshilik qilishidan umidvormiz. Bayden asosiy nomzodimiz bo’lmagan, biroq Demokratik partiyadan yagona nomzod edi u. Donald Trampdan baribir afzalroqdir”, - deydi portlendlik namoyishchi Riz Monson.

“Bayden prezident bo’lgani bilan “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati uchun jon kuydiradi deb o’ylamayman. Trampning saylovda yengilishiga hissa qo’shdik, endi Bayden qora tanli jamoa talablarini bajarishini nazorat qilish kerak”, - deydi yana bir faol.

Ba’zi faollar nazarida, bunga erishish uchun Baydenning g’alaba qilishiga yordam bergan rangli jamoalardagi mahalliy tashkilotlarni kuchaytirish zarur.

“Bayden prezidentlikka kelishidan oldin, asosan, “Qora tanlilar hayoti muhim” harakatiga aloqador va boshqa ko’plab mahalliy tashkilotlar, mamlakat bo’ylab oddiy odamlarning irqiy tenglik, adolat uchun mislsiz bosim qo’yganiga guvoh bo’ldik”, - deydi missurilik diniy faol Aaron Rojers.

Irqiy tengsizlikka qarshi o’tgan ba’zi namoyishlarda kuzatilgan zo’ravonlikni Bayden ham, Tramp ham qoralagan. Lekin umuman olganda, harakat tinch namoyishlarni targ’ib qilib keldi, mahalliy darajadagi tashabbuslarning muhimligini urg’uladi.

“Mahalliy tashkilotlar bilan ishlab tajriba orttirgan bir odam sifatidagi fikrim shuki, asosiy ish o’zimiz yashayotgan shaharlarda olib boriladi, mavzu bo’yicha muloqot, tashkiliy ishlar to’xtab qolmasligi kerak”, - deydi harakatning Alabamadagi rahbari Jilisa Milton.

Namoyishlar doim ham yirik axborot agentliklari tomonidan yoritilmasa-da, irqiy adolat uchun kurashayotgan faollar vatandoshlarni adolatsizlikka qarshi kurash mavzusini so’ndirmaslikka da’vat etmoqda.

“Bu ishga turlicha hissa qo’shsa bo’ladi. Notiqlik qilishdan, shiorlar aytishdan, o’z kechinmalari haqida o’rtoqlashishdan tashqari harakat uchun ko’plab boshqa ishlarni ham qilsa bo’ladi”, - deydi Milton.

“Oilada, cherkovda, mahallada, davralarda, internetda ham bu mavzuda muloqot qilish muhimdir”, - deydi Rojers.

Faollarning umid qilishicha, mavzu Vashingtondagi siyosiy doiralarda ham dolzarbligini yo’qotmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG