Breaking News

Bayden qurol bozorini tartibga solishga qaratilgan farmonlar imzoladi


AQShda otishmalar, ammo Kongressdan najot kutmang
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

AQShda so’nggi haftalarda ro’y bergan qator otishmalardan keyin Prezident Jo Bayden qurol zo’ravonligini kamaytirishga qaratilgan qator farmonlar imzoladi. Lekin Kongress biror chora ko’rishi amri mahol.

So’nggi haftalarda Amerikaning turli shtatlarida ketma-ket otishmalar ro’y berdi. Koloradoda 10 kishi, Jorjiyada sakkiz kishi, Kaliforniyada to’rt odam halok bo’ldi.

“Qurol zo’ravonligi epidemiyaga aylangan”, - deydi Prezident Bayden.

U imzolagan farmonlardan biri uyda yig’iladigan, belgisiz qurollar tarqalishini bartaraf etishga qaratilgan.

“Jinoyatchidan tortib terrorchigacha, har kim qismlarini sotib olib, 30 daqiqada qurol yig’ishi mumkin. Bu komplektlar qonunga binoan o’qotar qurol sifatida ko’rilishi kerak”, - deydi Bayden.

Yana bir hujjat otish paytida aniqlikni oshirishga yordam beradigan qurilmalarni nazorat qilishga mo’ljallangan. Bunday qurilma o’tgan oy Koloradodagi otishmada qo’llangan edi.

Bunday farmonlar ilgari ham qabul qilingan. Masalan, Tramp boshqaruvi davrida miltiqning o’q uzish tezligini oshiruvchi qurilmalar taqiqlangan.

Prezident qarorlari muhim, ammo qonunlarni faqatgina Kongress qabul qiladi. Yaqinda Vakillar palatasi qurol xaridorlarini kuchliroq tekshirishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi, biroq Senatdagi respublikachilar unga ovoz bermoqchi emas.

“Samarasiz qonunlar meni qiziqtirmaydi. Respublikachi va demokratlar o’rtasida otishmalarni qanday bartaraf etish borasida chuqur falsafiy tafovutlar bor”, - deydi Senatda respublikachilar lideri Mitch Makkonel.

Uyda yig’ilgan, seriya raqami yo'q qurollar
Uyda yig’ilgan, seriya raqami yo'q qurollar

AQShda avtomatik qurollar savdosiga taqiq 1994-yildan 2004-yilgacha amal qilgan. Kongressdagi respublikachilar va lobbichi guruhlar qarshiligi sabab moratoriy yangilanmagan.

“AQShda qurol savdosi kuchliroq nazorat qilinishini istaydigan guruhlar bor, lekin ular uchun bir qancha boshqa mavzular ham muhim. Ikkinchi tarafda esa shunday guruhlar borki, ular qurollarni cheklashga qaratilgan har qanday harakatga qarshi chiqadi. Ularning e’tiborida faqatgina shu mavzu. Qurol savdosini cheklash uchun ovoz bergan siyosatchilarni ham bu guruhlar siyosiy maydondan chiqarishga harakat qiladi”, - deydi huquqshunos Jeykob Charlz.

Bayden Deyvid Chipman nomzodini qurol nazorati bilan shug’ullanuvchi idora rahbarligiga ko’rsatdi. U 25 yil davomida shu idorada agent bo’lib ishlagan.

Baydenning ta’kidlashicha, u imzolagan farmonlar ayrim faollar da’vo qilayotganidek konstitutsiyaga kiritilgan ikkinchi tuzatishga zid emas.

“Hech bir fuqaro xohlagan quroliga ega bo’lolmaydi. Bosh qomusga tuzatish kiritilganidan keyin ham ayrim toifadagi odamlarga qurol sotish man qilingan. Bizning takliflar konstitutsiyaga zid ekani haqidagi gaplar mantiqsiz”, - deydi prezident.

Oq uy, shuningdek, o’ziga yoki boshqalarga zarar yetkazishi mumkin bo’lgan odamlardan sud orqali qurolini vaqtinchalik musodara qilishga imkon beradigan qonunlar qabul qilishga chaqirmoqda.

Adliya vazirligi noqonuniy qurol savdosi bo’yicha tadqiqotlar o’tkazish va zo’ravonlikni kamaytirishga qaratilgan dasturlar uchun 1 milliard dollar ajratilishini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG