Breaking News

Bayden va Putin 16-iyunda Jenevada uchrashadi


2011-yilgi arxiv syrat

Oq uyning bildirishicha, Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan keyingi oy – 16-iyunda Shveysariyaning Jeneva shahrida uchrashadi. Bundan oldin esa AQSh prezidenti NATOning Bryusseldagi sammitida qatnashadi.

Xalqaro hayot - 26-may, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:33 0:00

Ikki mamlakat aloqalari sovuqlashishda davom etarkan, Bayden va Putin munosabatlarni yaxshilash yo’llarini muhokama qilishdan tashqari qurol nazorati, iqlim o’zgarishi, Eron yadro dasturiga doir bitimni jonlantirish, Belarusning so’nggi provokatsion harakatlari xususida gaplashadi.

23-may kuni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko hukumat tanqidchisi bo’lgan bloger Roman Protasevich uchib ketayotgan samolyotni Minskda qo’ndirib, faolni hibsga olishni buyurdi.

“Lukashenko qilgan ishga aql bovar qilmaydi. Buni havo qaroqchiligi yoki havo terrorizmi deb atasa bo’ladi. Bu jazoga loyiq ish. Yevropa Ittifoqi bu haqda gapirib, a’zo davlatlar aeroportlarini Belarus aviakompaniyasi uchun yopib, o’ziga xos bo’lmagan holda tez munosabat bildirdi. Bu o’ta jiddiy sanksiyadir”, - deydi “Atlantika Kengashi”dan vashingtonlik tahlilchi Jon Xerbst.

Moskva bu ishga aloqador ekanini inkor etmoqda. Bayden hodisani qoralab, Belarus xalqining demokratiya ushun kurashini qo’llab-quvvatlashini aytdi.

Hokimiyat tepasida 27 yildan beri o’tirgan Lukashenkoning hali-beri ketish niyati yo’q.

AQSh Kongressidagi ayrim respublikachi qonunchilar Baydendan bu masalada Putinga kattaroq bosim qo’yishni talab qilmoqda. Masalan, senator Ben Sassening aytishicha, Bayden Putinga qaroqchidek muomala qilish o’rniga u bilan uchrashuvga ko’nib, “Shimoliy oqim-2” quvuriga to’siq qo’ymasdan Putin harakatlarini qonuniylashtirayotgandek bo’lyapti.

"Rossiya prezidenti bilan uchrashuvni u uchun mukofot deb ko’rayotganimiz yo’q. Amerika manfaatlarini himoya qilishning muhim bir qismi deb ko’ryapmiz. Prezident Bayden Vladimir Putin bilan mamlakatlarimiz o’rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramasdan emas, balki shu kelishmovchiliklarni deb uchrashyapti", - dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

Qo’shma Shtatlar Rossiya va Germaniya o’rtasidagi “Shimoliy oqim-2” loyihasiga bir necha yildan beri to’sqinlik qilishga harakat qiladi. Bayden ma’muriyati salkam tayyor quvur qurilishida qatnashgan rus kompaniyalariga sanksiyalar qo’ydi, ammo transatlantika aloqalarini kuchaytirish maqsadida loyihani nazorat qilayotgan Germaniya kompaniyalariga jazo choralari qo’llamadi.

“Bayden ma’muriyati yevropaliklarni, ayniqsa Germaniyani o’z siyosatiga jalb qilishi kerak. Rossiyaning taktikasi doim transatlantika munosabatlarini zaiflashtirish, G’arbni zaiflashtirish, Yevropani bo’lib qo’yishdan iborat bo’lgan. Mana endi yevropaliklar uchun birlashib, Bayden harakatlarini qo’llab-quvvatlash vaqti keldi”, - deydi Karnegi jamg’armasining Yevropadagi sho’basi tahlilchisi Judi Dempsi.

Oq uyga ko’ra, Bayden Putin bilan uchrashuv chog’ida Rossiyaning qo’shni Ukrainaga nisbatan agressiv siyosati xususida ham gaplashadi, ammo sammitdan asosiy maqsad munosabatlarda shaffoflikni kuchaytirib, barqarorlikni ta’minlashga erishish bo’ladi.

Kreml ikki rahbarning uchrashuvidan umidi katta emasligini bildirarkan, AQSh-Rossiya aloqalari tiklanishiga ishonmaydi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuv muhimligini aytarkan, undan ko’p narsa kutmaslikni tavsiya qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG