Breaking News

Bayden Turkiya va Ukrainaga tashrif buyurmoqda


Bayden Turkiya va Ukrainaga boradi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden shu hafta Ukraina, Marokash va Turkiyaga safar qiladi. U bu o'lkalarda Ukraina sharqidagi vaziyat hamda "Islomiy davlat"ga qarshi kurash masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.

Bayden Ukrainada Prezident Petro Poroshenko bilan uchrashishi kutilar ekan, chegarada Rossiya tanklari jonlangan hamda isyonchilar yana hujumlarga zo'r berishi haqida xavotirlar oshgan.


AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Stiven Payfer gapiradi.

"Rossiya Minskdagi kelishuv asosida yechim topishga qiziqmayotganga o'xshaydi. Aksincha, u mojaroning muzlatilishini istayapti", - deydi sobiq diplomat.

Brukingks institutida tadqiqot olib borayotgan Payfer Rossiyaning o'z qo'shinlari va harbiy texnikasini chegaradan olib ketishga rozi bo'lmayotganini bunga misol qiladi. Kreml, shuningdek, chegaraning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari tomonidan nazorat qilinishiga ham qarshi chiqib, Ukraina sharqida isyonchilar o'tkazgan saylovlarni qo'llab-quvvatladi.

"Afsuski, rossiyaliklar tinchlik o'rnatishga jiddiy qiziqish bildirmayapti. Natijada G'arb iqtisodiy jazo choralarini qo'llashda davom etishga majbur bo'ladi. Sanksiyalar iqtisodiyotga jiddiy ta'sir o'tkazayotgani bo'yicha dalillar ko'p", - deydi Payfer.

Bayden Turkiyada Prezident Rajab Toyyib Erdog'an bilan ham uchrashib, Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurash masalasini muhokama qiladi.


AQSh vitse-prezidenti o'tgan oy xorijlik jangarilarning Turkiya chegarasi orqali Suriyadagi jangarilar safiga borib qo'shilishiga Anqara ko'mak berganini aytgandan beri Turkiya rahbari bilan ilk bor ko'rishmoqda. Baydenning bu so'zlari Prezident Erdog'anni g'azablantirgan edi.


Turkiya ayni paytda Bashar al-Assad rejimining ashaddiy dushmanlaridan biriga aylangan, deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Bulent Alirizo.

"G'arblik ittifoqchilar, xususan, Turkiya Assadni hokimiyatdan ag'darmaguncha, muammolar davom etadi. Vashington esa Suriyani Prezident Assaddan qutqarish ahdida qat'iy, lekin oldin "Islomiy davlat"ni bir yoqli qilaylik, degan fikrda", - deydi tahlilchi.

Jo Bayden turk rasmiylari bilan uchrashuvda yaqinda Istanbulda millatchi guruhlar hujumiga uchragan uch amerikalik matros hodisasini ham ko'tarishi mumkin.

Kuzatuvchilarning bildirishicha, tomonlar munosabatlari silliq kechmayotgan bo'lsa ham, Vashington va Anqara o'tmishda aloqalardagi mavjud ko'p muammolarni samarali bartaraf eta olgan. 2003-yil Anqara Iroq urushida AQShning turk havo bazalaridan foydalanishiga ruxsat bermagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG