Bill Geyts tashqi yordamni kesmaslikka chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Bill va Melinda Geyts, dunyodagi eng saxovatpesha oilalardan biri

"Microsoft" kompaniyasi asoschisi, milliarder filantrop Bill Geyts badavlat odamlarni saxovatpeshalikka va xayriya qilishga undab, hukumatlarni inson taraqqqiyoti yo'lida ko'proq mablag' ajratishga chaqirmoqda.

​Geyts rafiqasi Melinda bilan 5 milliard dollarlik jamg'armani yuritadi. Uningcha, G'arb davlatlari tashqi yordamni qirqayotgani salbil hol bo'lib, masalani siyosiylashtirish hech kimga foyda keltirmaydi. Boy mamlakatlar boshqalarga yordam berishi insoniyat ravnaqi uchun xizmat qiladi. Yordamni minnat qilish vijdondan emas, deydi Geyts. Insonparvarlik ko'magini kesish, bu saxovatpesha nazarida, yovuz kuchlar uchun imkoniyat yaratadi.

"Uzoq muddatni ko'zlab berilgan madaddan muhimroq qaror yo'q", - deydi Geyts. "Hukumatlar qurbi yetganicha mablag' ajratishini tushunamiz, albatta, lekin boshqalarga yordam bermaymiz, deya siyosiy va'dalar berilayotgani xavotirli holat", - deydi Geyts.

Bu bilan milliarder Amerika rahbariyatining Amerika xalqi manfaatlari hammanikidan ustun qo'yiladi deya tinimsiz bong urayotganiga ishora qilmoqda.

VIDEO: Billionaire Philanthropist Bill Gates Warns Against Cuts to Aid Budgets - Milliarder filantrop Bill Geyts hukumatlarni tashqi dunyoga, ayniqsa nochor mamlakatlarga yordamni qirqmaslikka chaqirmoqda

AQSh - jahondagi eng yirik donor. Yer shari bo'ylab uzoq yillik ko'mak dasturlarining homiysi va favqulodda yordam ko'rsatishda birinchi o'rinda.

Lekin Prezident Donald Tramp bu maqsadda har yili ajratiladigan 43 milliard dollarlik mablag'ning katta qismini qirqmoqchi. Byudjetdagi kamomadni ozaytirish uchun zarur chora bu, deydi u.

Geyts fikricha, Tramp shunday qaror qiladigan bo'lsa, millionlab odamlarning hayoti xavf ostida qoladi.

"1990-yillardan beri bu mablag' 122 million bola hayotini asrab qoldi. Nahotki, bu arzimaydigan sabab bo'lsa", - deydi Geyts.

"Bolalar orasida o'lim, nochorlik va ilmsizlik singari muammolar ko'lami bugun ancha toraygan. Yosh avlod sog'lomroq, bilim olish imkoniyatlari ko'paygan va iqtisodiy o'sish bor. Bu taraqqiyotni ushlab turish zarur va oldinga intilish kerak".

65 millionga yaqin odam qochqin. Zamonning eng og'ir muammolaridan biri. Geyts o'z tashkiloti va hamkorlari orqali ularga madadni oshirishga urinmoqda. Lekin davlatlar jamg'armalarga tayanib qolmasligi kerak, deydi u. Har bir hukumat global muammolar yechimi uchun o'z hissasini qo'shishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG