Breaking News

Stiv Jobs, ilg'or texnologiya asoschisi, vafot etdi


Stiv Jobs, ilg'or texnologiya asoschisi, vafot etdi
Stiv Jobs, ilg'or texnologiya asoschisi, vafot etdi

Uni zamonamizning daholaridan biri deyishar edi. Stiv Jobs (Steve Jobs) asos solgan "Apple" kompaniyasi dunyodagi eng yirik va muvaffaqiyatli bizneslardan biri.

Texnologiya sohasida inqiloblar qilib, butun jahon ahlini o'z g'oya va kashfiyotlariga rom etgan Stiv Jobs oshqozonosti bezi raki bilan uzoq olishdi, ammo 56 yoshida unga boy berdi.

1976-yilda Stiv Jobs va Stiv Vozniak tomonidan yaratilgan "Apple" - Amerikada kapital hajmi jihatdan ikkinchi o'rinda turadigan kompaniya.

Tishlangan olma - "Apple" kompaniyasi timsoli. "Apple" inglizchada "olma" degani.
Tishlangan olma - "Apple" kompaniyasi timsoli. "Apple" inglizchada "olma" degani.

Lekin aslida Stiv Jobs uning ustida 17 yoshida, uyining garajida ishlay boshlagan. Yigit maktabda a'lochi emasdi, ammo texnologiyaga juda qiziqar edi. Yuqori sinfda o'qib yurgan paytlarida "Hewlett-Packard" kompaniyasi taklif qilgan kechki kurslarga qatnadi. Keyinchalik u yerda "yugurdak" bo'lgan, yozda vaqtincha ishlagan.

1972-yilda o'rta maktabni bitirgach, Rid (Reed) Kollejiga qabul qilinadi. Birinchi semestrdan keyin o'qishni tashlaydi, lekin mustaqil ravishda bilim olishda davom etadi.

Stiv Jobsning yoshlik yillari qashshoqlikda o'tgan. Boshpanasiz yashar, ba'zida o'rtoqlarinikida tunar edi. Ovqatga pul topolmay shisha sotgan kunlari bo'lgan. Hindistonga safar qilib, buddizmni qabul qilgan. Iqtidori sabab video o'yinlar ishlab chiqarish sanoatida ish topadi va atrofiga o'ziga o'xshagan "texnologiya jinnilari"ni yig'ib, izlanishni to'xtatmagan.

iPhone
iPhone

"Apple" xaridor ko'ngliga yo'l topgunicha o'nqir-cho'nqir so'qmoqlarni bosib o'tdi. Asta o'z yo'lini topdi. "Macintosh" rusumidagi kompyuterlarning har bir avlodi insoniyat hayotiga ulkan o'zgarishlar olib kirgan.

Bugun dunyo bo'ylab sevib ishlatiladigan, millionlab odamlarning qo'lidagi eng muhim va qudratli asbobga aylangan iPhone qo'l telefonlari, iPad - qo'l kompyuterlari, iPod- audio asboblari... Bularning ortida Stiv Jobsdek buyuk muhandis turibdi.

Shu yili u "Apple" rahbari lavozimini tark etgan edi. 1990-yillarda kompaniya bankrotga uchragan, lekin uning asoschisi taqdirga tan bermagan.

Stiv Jobs nufuzli oliygohlarni bitirmagan, lekin texnologiyaning tilini bilgan
Stiv Jobs nufuzli oliygohlarni bitirmagan, lekin texnologiyaning tilini bilgan

Yangi "Apple" nafaqat kompyuter sistemalari, balki xaridorgir boshqa mahsulotlar, jumladan qo'l telefonlari va audio-vizual asboblar yaratishga o'tdi.

Omma oldida qilgan so'nggi chiqishlaridan birida Stiv Jobs o'z muxlislariga alvido degandek bo'lib, hayotdan maqsad nima ekani haqida so'zlagan edi.

"Mendan nima qoladi deb so'rash insonga xos narsa. Mendan nima qoladi? Men o'zimga har safar shu savolni berganimda, ilhomga to'laman. Olamshumul kashfiyotlar qilgim keladi. Dunyoni o'zgartirgim keladi", - degan edi u 2005 yilda Stenford Universiteti bitiruvchilariga murojaat qilar ekan.

Stiv Jobs hayotidagi eng baxtiyor damlar balki o'z ixtirolarini tanishtirgan va odamlardan rahmat olgan paytlar bo'lgan.

"Umid qilamanki, har safar "Apple" mahsulotlarini maroq bilan ishlatganingizda, ular ortida tinimsiz izlanish, mehnat va mayda, juda mayda detallar ustida chekilgan zahmat haqida ham bir o'ylab qo'yasiz",- der edi u.

iPod
iPod

Stiv Jobs zamonaviy texnologiya - hamma uchun der edi. Yangi ixtiro va kashfiyotlar har bir inson ravnaqi uchun xizmat qilishi kerak deb hisoblar edi.

U nafaqat kashfiyotchi va usta tadbirkor, balki jamiyatning texnologiyaga nisbatan munosabatini o'zgartirgan, uni turmushning ajralmas qismiga aylantirgan va shu tariqa madaniy burilishlar yasagan inson edi.

Stiv Jobs Kaliforniyaning Silikon (Silicon) vodiysi - yuksak texnologiya o'chog'ining joriy etilishiga cheksiz hissa qo'shdi.

U yerda vujudga kelgan ilg'or vositalar bilan esa sanoatlar rivojlandi, ta'limdan to sog'liqni saqlash sohasigacha - barchasiga misli ko'rilmagan yangiliklar kirib keldi.

Amerika kino sanoati markazi Gollivud "Apple" ishlab chiqargan programma va sistemalar asosida serqirra, texnologik sifati jihatdan mislsiz film va animatsion asarlar ishlay boshladi.

"Macbook" kompyuterlari
"Macbook" kompyuterlari

Stiv Jobs 1955-yilda San Fransisko shahrida dunyoga kelgan. Ota-onasi yosh talabalar bo'lgani va oila qurmagani uchun go'dakni berib yuborishadi. Pol va Klara Jobslar uni boqib oladi.

Bolaning asl otasi Abdulfattoh Jon Jandaliy, suriyalik musulmon, onasi Joanna Simpson esa amerikalik bo'lgan. Ular keyinchalik oila quradi va Jandaliy siyosiy fanlar, Simpson esa tilshunoslik sohasida faoliyat yuritadi. Mona Simpson, ularning qizi va Stiv Jobsning singlisi, bugun taniqli adiba. Stiv Jobsning ular bilan munosabati yaxshi edi.

Apple iPad
Apple iPad

"Apple" kompaniyasini boshqarganida u yiliga atigi 1 dollar maosh olar, o'zi shuni ma'qul ko'rgan edi.

Lekin Stiv Jobs yirik sarmoyachi bo'lgan. "Apple"ning 5 million 426 mingta aksiyasiga egalik qilgan. Shuningdek, "Disney" kompaniyasining 138 millionta aksiyasi ham unga tegishli edi.

"Forbes" bu yili uni global qudrati jihatidan 17, badavlatligi jihatdan Amerikada 34-o'ringa qo'ygan edi. Uning boyligi 7 milliard dollar ekani taxmin qilingan.

Stiv Jobsdan to'rt farzand qoldi. Rafiqasi Lorin Povell Jobs yirik investor va sifatli oziq-ovqatlar sotadigan savdo tizimi asoschisi.

Prezident Barak Obama marhumning oilasi, "Apple" kompaniyasi va butun Amerika ahliga hamdardlik bildirar ekan, jumladan shunday dedi:

Stiv Jobs, 1955-2011
Stiv Jobs, 1955-2011

"Stiv - Amerikaning eng buyuk kashfiyotchilaridan biri. Fikrlash, izlanish va o'z g'oyalarni sinab ko'rishdan qo'rqmagan inson. U dunyoni o'zgartira olishiga ishongan. Undan sayyoramizdagi eng muvaffaqiyatli kompaniyalardan biri qoldi. Kompyuterlar shaxsiy jihozga aylandi va internet endi cho'ntagimizda. Informatsion inqilob uning xizmati bilan nafaqat hayotimizni osonlashtirdi balki dilimizni yangratdi... Stiv Jobs hayot va dunyoga nisbatan qarashimizni o'zgartirdi. Shu darajada o'zgartirdiki, bugun uning o'limi haqida uning o'zi yaratgan asbobdan bilayapmiz".

Stiv Jobsning tengdoshi, hamkasbi va u qatori buyuk kashfiyotlar qilgan Bill Geyts, "Microsoft" kompaniyasi asoschisi, fikricha uning do'sti qilgan texnologik inqilob faqat bugungi emas, kelgusi avlodlar manfaatlari uchun xizmat qiladi.

"Stiv bilan 30 yilcha oldin tanishganman. Shundan beri hamkasb, raqobatchi va do'st bo'ldik",- deydi Bill Geyts, "Microsoft"ning "Apple" bilan azaliy musobaqada ekaniga ishora qilib.

"Dunyo Stiv Jobs kabi insonlarni ko'p ko'rmagan. Uning ta'siri beqiyos".

“Apple” do’konlari bugun har qachongidan gavjum, ostonaga gullar terilgan. Biznes hamkorlar, hamkasblar, siyosatchilar uni eslamoqda. “Apple”ning raqiblari "Microsoft", "Google", "Sony" va "Samsung" kompaniyalari nazarida Stiv Jobs ularni ulkan yangiliklar tomon yetaklagan.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG