Milliarder muhojir tabiiy ofatdan aziyat chekkanlarga yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi

Vyetnamlik qochoq Kyu Hoanning boshdan kechirganlari AQShga kelgan boshqa ko'plab muhojirlar hayotiga o'xshash. Oilasini boqish uchun u bir nechta ishda ishlashiga to'g'ri keldi. Gazeta tarqatdi, hatto soatiga 1,25 dollar to'laydigan laboratoriyada ham ishladi. Uzoq mehnat qilib, nihoyat qon plazmasi ishlab chiqaradigan kompaniyaga asos soldi. Bugun u milliarder, biznesi Xitoygacha kirib borgan. Shu yil Amerikada yuz bergan toshqinlar ortidan katta miqdorda xayr-ehson qilib, odamlar og'ziga tushdi.

Musiqa odamga xotirjamlik bag'ishlaydi. Nafaqadagi San Tran va uning rafiqasi uchun ham shunday.

Sakkiz oy oldin yuz bergan suv toshqinida ular uyini tashlab qochishga majbur bo'ldi.

"Toshqindan ikki kun o'tib suv pasayganda uyga kelsam, hamma narsa vayron bo'libdi. O'zimga achinib ketdim, chunki men ortiq ishlamayman va narsalarni olishga qurbim yetmaydi", - deydi Tran.

Elizabet Arredondo va uning oilasi ham ikki oy uysiz qoldi.

"Hech narsamiz qolmaganini o'ylab rosa siqildim", - deydi u.

Butun mahallalar suv ostida qoldi. Bu yerdagi aholining aksariyati Vyetnam va Lotin Amerikasidan kelgan qashshoq muhojirlardan iborat.

San-Xose shahrida 14 ming odam evakuatsiya qilindi. Kyu Hoan shahar meriga telefon qilib, yordam taklif qildi.

"Besh million dollar beraman, dedi. Uning fikri qat'iy va aniq edi. Bizga rosa kerakli narsa bo'ldi bu. Hech qanday shart yo'q, har bir dollar zarar ko'rganlarga sarflansa bo'ldi, dedi va shunday qilindi", - deydi shahar meri.

Xarvi to'foni yuz berganda ham Hoan Xyustonga 5 million dollar yordam ajratgan edi.

"Biz AQShdan, bizning bu yerga kelib muvaffaqiyat qozonishimizga ruxsat bergan odamlardan minnatdor bo'lishimiz kerak. Buning evazini to'lash payti keldi", - deydi milliarder.

Hoan va uning oilasi AQShga Vyetnam urushidan so'ng qochoq bo'lib kelgan.

"Vyetnamda hamma narsamiz bor edi. Mehmonxonam, mashinam, uyim bo'lgan. Kelganimda esa hech vaqosiz edim. Har qanday vaziyatda ham bor kuchimiz bilan harakat qildik, yashab qolish haqida o'yladik", - deydi u.

Hoan boshida Abbot laboratoriyasida soatiga 1,25 dollar haq olib ishladi. Keyinroq qon plazmasi ishlab chiqaruvchi o'z kompaniyasiga asos soldi. AQShda 11 ta markazga ega. Xitoyning Shanxay shahrida ham markaz ochgan. Ammo Xitoyda biznes qilish oson emas, deydi Hoan.

"Bunday qonli biznesda hamma joyda raqobatbor", - deydi u.

Raqobatchilari uni obro'sizlantirishga urindi.

"Mahsulotimizni yomon deyishadi. Bunaqa gaplarni jinim suymaydi", - deydi u.

Hoan ayblovlarning asossiz ekanini, lekin ular ko'nglini qoldirganini aytadi. U hozir boshqa biznes turlariga ham sarmoya kiritmoqda. Xayriya ishlarini ham davom ettirish niyatida. Uning yordami bilan San-Xoseda ko'pchilikka boshpana berildi.

"Bu mablag' hisobidan, shuningdek, odamlarga mashinalar ehson qilindi, ta'mirlandi, uy anjomlari berildi", - deydi yordam dasturi boshqaruvchisi Lindsi Koldvel.

Hoanning yordami bilan Tran o'ziga mashina oldi. Endi u yaqinlari orasida musiqa chalishga ham vaqt topmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG