Breaking News

Istanbul xurujlaridan keyin bosh vazir xalqni birdamlikka chaqirdi


Otaturk aeroporti binosidan olib chiqilayotgan jarohatlangan ayol. 28-iyun 2016-yil
Otaturk aeroporti binosidan olib chiqilayotgan jarohatlangan ayol. 28-iyun 2016-yil

Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim Istanbuldagi Otaturk aeroportida portlashlarda nobud bo'lganlar soni ko'payar ekan, millatni birdamlikka dav'at etdi.

Yildirimning bildirishicha, uch xudkush terrorchi seshanba kechqurun taksida aeroportga yetib kelgan va atrofdagi odamlarga avtomatlardan o't ochgan, so'ngra politsiya yaqinlashganida o'zini portlatgan.

Ko'plar jarohatlangan, ayrimlar ahvoli juda og'ir, dedi bosh vazir. Bundan oldingi xabarlarda 60 odam jarohat olgani aytilgan edi.

"Amerika Ovozi"ning Istanbuldagi muxbiri Dorian Jonsning xabar berishicha, terrorchilarning biri o'zini xalqaro aeroport terminali yonida portlatgan.

Odatda bu gavjum joyda odamlar transport kutadi. Yana ikki hujumchi qurollangan politsiya qo'riqlaydigan va rentgen moslamalari bilan jihozlangan binoga kirishga uringan.

Portlashdan bir kun o'tib aeroport qayta ishga tushdi
Portlashdan bir kun o'tib aeroport qayta ishga tushdi

​Hozircha hech kim xurujlar uchun mas'uliyatni zimmasiga olmadi. Ammo Yildirimning bildirishicha, terakt ortida "Islomiy davlat" turgan bo'lishi mumkin. U, shuningdek, Turkiya ekstremizmga qarshi kurashni davom ettiradi, deb aytdi.

"Terrorchilarga eng jaxshi javob - birdamlik", - dedi bosh vazir.

Shu yil boshida Istanbuldagi xorijiy turistlarga qarshi qaratilgan ikki portlash ortida "Islomiy davlat" turgani aytilgan edi.

PKK kurd isyonchilari guruhi ham suiqasd portlashlarni amalga oshirgan, ammo odatda xavfsizlik kuchlarini nishonga oladi. Shu oy politsiya avtobusiga hujumda 11 odam nobud bo'lgan edi.

Bosh vazir Binali Yildirim Otaturk aeroportida, portlashlardan keyin. 29-iyun 2016-yil
Bosh vazir Binali Yildirim Otaturk aeroportida, portlashlardan keyin. 29-iyun 2016-yil

O'tgan yili ham Istanbul va Anqarada qator portlashlar yuz bergan. Ularni "Islomiy davlat" va kurd isyonchilari sodir etgan edi.

Bu galgi portlashlarni bir guvoh shunday ta'rifladi: "Avval ikkita kichik portlash, so'ngra esa bitta katta portlash yuz berdi. Odamlar vahimaga tushdi. Qayerga qochishni ham bilmasdi. Singlimni kutayotgandik, topolmadik. Haliyam kutyapmiz".

Yana bir guvohning so'zlari esa mana bunday: "Bir tarafdan o'q tovushi, boshqa tarafdan uchta bomba portlashini eshitdik. Odamlar yugurganini ko'rdik. Yo'lakda esa yaralari qonayotgan odamlarni ko'rdik".

Xurujlardan keyin Turkiya parlamenti yopiq sessiya o'tkazdi. Unda Adliya vaziri Bekir Bo'zdog'ning yaqinda AQShga qilgan tashrifi haqida batafsil ma'lumot berishi kutlayotgan edi. Deputatlar, shuningdek, aeroport xavfsizligi masalasini muhokama qildi.

Mustafo Kamol Otaturk nomli xalqaro aeroport orqali yiliga millionlab odam safar qiladi. Seshanba kungi xurujlardan keyin barcha reyslar to'xtatildi. Bosh vazir chorshanba erta tongda parvozlar qayta tiklanganini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG