Breaking News

Blinkenning Xitoyga safari o’zaro aloqalarga jiddiy ta’sir qilmasligi mumkin


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yakshanba kuni Xitoyda bo’lishi kutilmoqda – Amerika bosh diplomatining 2018-yildan beri Xitoyga ilk safari.

Xalqaro hayot - 3-fevral, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:47 0:00

“Raqobat bilan mojaro boshqa-boshqadir. Bir-birimiz bilan o’ta qattiq raqobat qilsak-da, raqobatning mojaroga aylanib ketmasligini ta’minlash har ikki taraf manfaatlariga xizmat qiladi. Buning uchun aloqani ushlab turish kerak”, - deydi Blinken.

AQSh Rossiyaning Ukrainada jang qilayotgan “Vagner guruhi”ga sun’iy yo’ldosh ma’lumotlarini uzatgan xitoy kompaniyasini qora ro’yxatga qo’shdi. Blinken Pekinga tashrifi chog’ida Ukrainadagi mojaroni muhokama qilishi ham kutilmoqda.

“Vaziyatni yaqindan kuzatyapmiz. Rossiyani Ukrainadagi urush uchun moddiy yordam bilan ta’minlashning Xitoy uchun oqibatlari qanday bo’lishini bildirishda davom etyapmiz. Har bir mamlakatga shaxsiy va ommaviy uchrashuvlarda Rossiya Ukrainaning daxlsizligi va suverenitetini poymol qilayotganini ta’kidlashda davom etyapmiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Vedant Patel.

AQSh Xitoy bilan qoradori savdosi va iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda hamkorlikni jonlantirishga oshiqayotgan bo’lsa-da, ayrim tahlilchilar ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarda jiddiy o’zgarishlar kuzatilmasligini taxmin qiladi.

“Blinkenning safari aloqalar yo’nalishini u yoki bu tomonga keskin o’zgartirishiga ko’zim yetmaydi. Uning tashrifidan so’ng Amerika ichida Xitoy bilan raqobatda o’zgarish bo’lishini ham ko’rmayapman. Ya’ni bu tashrifdan biror jiddiy o’zgarish yoki natija bo’lishiga ishonmayman”, - deydi vashingtonlik ekspert Bonni Lin.

Xitoyning Kongressdagi tanqidchilariga ko’ra, AQSh Xitoy bilan shunchaki muzokara uchun muloqot qilmasligi kerak.

“Rais Si siyosatida biror o’zgarish bo’lishiga katta shubhalarim bor. Ular rejasidan qaytmaydi. Bizdagi hozirgi ma’muriyat bu siyosatni o’zgartira olishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Maykl Makkol.

Palataning yangi spikeri Kevin Makkarti joriy yilda Tayvanga bormoqchi ekanini bildirgan. AQSh rasmiylari va qonunchilari Pekinni orolga nisbatan bosiqlikka chaqirib keladi.

Bu o'rtada AQSh Mudofaa vazirligi va razvedka idoralariga ko’ra, Xitoyga qarashli ulkan josus havo shari chorshanba kundan beri Amerika uzra harakatlanmoqda. Uni Montana shtatining Billings shahri uzra payqashib, hozir kuzatishmoqda.

Qiruvchi samolyotlar har ehtimolga qarshi shay holatga keltirilgan, biroq sharni urib tushirishga buyruq berilmadi. Uning hajmi shu qadar kattaki, qoldiqlari aholiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Havo sharining yo’lovchi samolyotlar uchadigan balandlikdan ancha tepada ekani, parvozlarga tahdid solmasligi aytilmoqda. Samolyotlar odatda 10 ming metr balandlikda uchadi.

Xabarlarga ko’ra, Amerikaning Montana shtatidagi harbiy-havo bazasida qit’alararo ballistik raketalar saqlanadigan 150 ta shaxta joylashgan.

Joriy hafta AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining direktori Uilyam Berns Jorjtaun universitetidagi ma’ruzasida Xitoyni Amerika uchun eng katta geosiyosiy muammo deb atadi.

Pekin aerostat uniki ekanini hozircha tan olgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG