Boko Haram - Nigeriyaning qonini ichayotgan vahshiy to'da

  • Amerika Ovozi

Boko Haram bolalarni jangarilikka majburlaydi

Nigeriya “Boko Haram” terrori ostida. Hukumat bu guruhni yer tishlatayotganini da’vo qiladi, lekin u hujumlarni davom ettirmoqda, mamlakat bo’ylab. “Boko Haram” o’zini islom elchisi deya targ’ib qiladi. Jinoyatlarini jihod deya ta’riflaydi. Ulamolar nazarida “Boko Haram” vahshiylar to’dasi. “Amerika Ovozi” Nigeriyadagi vaziyat bilan yaqindan tanishdi.

“Boko Haram” omma oldida ikki kishini qatl etmoqda. Ular gomoseksual, deydi jangarilar.

Jarchi maydonga chiqadi. “Boko Haram” lideri Abubakir Shekau nomidan e’lon beradi.

“Birodarlarim, yetakchimiz sizlarga ushbu nomani yo’lladi… Olloh har kuni bizni sinovdan o’tkazadi. Imtihondan o’ta olish kerak. Payg’ambarlarimiz kofirlar bilan yashash, ularga toqat qilishni buyurmagan”, - deydi Shekau.

Bir soat o’tib, maydonda ikki jasad.

“Amerika Ovozi” qo’liga tushgan bu videolar “Boko Haram” ning asl basharasini namoyon etadi. Har bir qatl buyurilgan, Ollohning amiri deya asoslanadi. Jumladan yalpi qatllar ham. Hammasi islom nomidan.

“Ular qanday islomda? Hech qanday”, - deydi Shekau.

Xalifa Ali Abul Fathiy sufiylardan. Maydaguru shahridan. “Boko Haram” shu yerda paydo bo’lgan.

“Xotin-qizlarni o’ldirishadi. Bolalarni o’ldirishadi. Begunoh insonlarni qirishadi. Nasroniylarni cherkovlarda va uylarida o’ldirgan. Qotillar ular”, - deydi Fathiy.

Nigeriya shimoli asrlar davomida islomiy tuzumda yashab kelgan. “Boko Haram” asoschisi Muhammad Yusuf degan shaxs. Radikalizm yetakchisi u.

1990-yillarda Muhammad Yusuf mahalliy ulamolar bilan chiqisha olmay o’z harakatini tuza bohlaydi. U G’arbga qarshi edi. Hukumatga ham qarshi edi. Yosh, davlatdan norozi, qashshoq fuqarolar unga ergashgan. Yusuf uchun g’azab qurol edi.

2009-yilda bu harakatning yuzlab a’zolari politsiya tomonidan o’ldiriladi. Yusuf ham ushlanadi va ko’chada odamlar oldida o’ldiriladi. Uning qatl etilishi – tarixiy burilish.

Yusufning izdoshlari o’ch olish payiga tushib, qayta oyoqqa turadi.

“Payg’ambarning o’gitlarini targ’ib qiluvchi va jihodga chorlovchi xalq” degan nom ostida ular G’arb va uning ta’lim-madaniyatiga qarshi urush e’lon qiladi. Qisqacha “Boko Haram”.

Shundan beri Nigeriyada tinchlik yo’q.

"Boko Haram" Mamudi shahrining kulini ko’kka sovurgan.

"Boko Haram" Madalla shahrini yer bilan yakson qilgan.

"Boko Haram: Kano shahrida ham yuzlab odamlarni yoppasiga o’ldirgan.

2014-yilda 276 o’quvchi qizni olib qochgan. Ularning aksariyati hali ham garovda. Ularni pullash orqali “Boko Haram” qurol sotib oladi.

Harakat yetakchisi fikricha, qizlar maktabga bormasligi kerak.

“Xudo menga ularni sotishni buyurdi. Qizlar Ollohning mulki. Men buyruqni bajarayapman”, - deydi u.

Ibrohim Muhammad Duguri Afrikada tanilgan islomshunos olim. “Boko Haram” islomning aksi, deydi u.

“Islomda keksalar, bolalar, ayollar aslo o’ldirilmasin, deyiladi. Hatto daraxtlarni kesmang, deyilgan. Ibodat qilinadigan joylarga o’t qo’yish, hatto boshqa dinniki bo’lsa ham, gunoh”, - deydi Duguri.

“Boko Haram” esa islom nomidan bolalarni kaltaklaydi, qiynoqqa soladi, keksalarni qatl etadi, nogironlarni azoblaydi, odamlarning qo’llarini kesadi. Olloh buyurdi, degan bahona bilan.

Vahshiylik shu qadar kuchliki, “Boko Haram” ichida yurganlar qarshi chiqqani ma’lum.

Mamman Nur degan yangi yetakchi “Boko Haram” dan ajrab, yangi to’daga asos solgan.

Tarqoqlikdan foydalanib, Nigeriya hukumati bir necha hududni “Boko Haram” dan tortib olgan. Biroq ikki millionga yaqin odam boshpanasiz, qochqin. Terrorizm hamon avjida.

Abul Fathiy deydiki, musulmonlar “Boko Haram” dek guruhlarga qarshi chiqishi darkor.

“Ularni to’xtatmasak, “Boko Haram” singari to’dalar bizni barbod qiladi”, - deydi Fathiy.

“Ularga o’xshagan yangi guruhlar paydo bo’laveradi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG