Breaking News

Yuzlab qizlarni olib qochgan vijdonsizlar qilmishi uchun javob beradi, deydi Mishel Obama


Mishel Obama, AQSh prezidentining rafiqasi
Mishel Obama, AQSh prezidentining rafiqasi
Amerikada may oyining ikkinchi yakshanbasi Onalar kuni

Onasi bir necha yil oldin saraton kasalidan vafot etgan prezident Barak Obama rafiqasi Mishelni har jihatdan mukammal ona deya maqtab keladi. Oq uyda ular ikki qizlari va Mishelning onasi bilan yashashadi. Qaynonasini prezident Obama ikkinchi onasidek ko’rishini aytadi.

Xullas, bugun ayyom oldidan u so’zni Mishel Obamaga berdi, ya’ni prezidentning xalqqa haftalik murojaatini uning turmush o’rtog’i qildi.

Bugungi eng dolzarb vazifa, deydi xonim, Nigeriyada terroristlar o’g’irlab ketgan yuzlab qizlarni qutqarish.

“15 yoshli Malia va 12 yoshli Sashaning ota-onasi sifatida, erim va men Nigeriyadagi voqeadan dahshatdamiz va xavotirdamiz. Ularni olib qochgan odamlar vijdonsiz, beshafqat insonlar ekani aniq”,- deydi Mishel Obama.

G’arbni dushman deb biluvchi va unga qarshi urush e’lon qilgan ekstremist guruh Boko Haram bu qizlar uning mulki va istasa, sotib yuborishi yoki birma-bir o’ldirishi mumkinligini aytmoqda.

Amerika Nigeriya hukumatiga bu qizlarni qutqarishda yordam ko’rsatmoqda. “Ular tez orada oilasining bag’riga qaytadi degan umiddamiz. Biz bu oilalarga hamdardmiz va madad beramiz”, - deydi Obama.

Mahalliy manbalarning aytishicha, 300 dan ortiq qiz hozir jangarilar qo'lida

O'quvchilar 14-aprel kuni Chibok degan hududda olib qochilgan.

Bu yerdagi huquq tashkilotining bildirishicha, Boko Haram ota-onalarni "qizlarni o’qitmang" deya ogohlantirib, qo’rqitib keladi.

Qizi olib ketilgan bir ota deydiki:

"Eshitgan edim bu haqda. Ayrim ota-onalar bolalarini asrab qoldi. Lekin maktab ma’muriyati xavfsizlik borasida hech narsa qilmagan. O’qituvchilar o’z bolalarini o’yladi, bizniki esa o’g’irlandi”.

Umidni boy berish kerak emas, deydi o'zini Mark deb tanishtirgan bu kishi.

U tashqi dunyo, jumladan Amerika yordami albatta samara beradi deb ishonadi.

Prezident Gudlak Jonatan hukumat nega bunchalik sekin harakat qilayotganini aniq tushuntira olmayapti.

Uning matbuot kotibi Doy Okupe ta’kidlaydiki, Boko Haram mamlakatning eng uzoq va yetib borish qiyin burchaklarida asoslangan. Ularni qidirish uchun kuchli texnologiya va vaqt kerak. Ehtiyotkorlik bilan harakat qilishimiz zarur. Bu jangarilar qo’lida yuzlab bolalar bor hozir, ularni nishonga ololmaymiz. Qo’rg’onlariga bomba tashlay olmaymiz axir”,- deydi rasmiy.

AQSh bir necha harbiy mutaxassis yuborgan. Britaniya, Fransiya, Kanada va Xitoy ham yordam taklif qilmoqda.

Terrorist tashkilot deya tan olingan Boko Haram o’zini Nigeriya va umuman Shimoliy Afrikada islomiy davlat qurishni maqsad qilgan guruh deb tanishtiradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG