Breaking News

Qozog'istonlik ikki talaba Boston portlashlariga aloqadorlikda ayblanmoqda


AQSh xavfsizlik xodimlari yana uch kishini Boston portlashlariga aloqadorlikda ayblab hibsga oldi. Ularga portlashdan so’ng jinoyatga oid dalillarni qasddan yo’qotganlik va tergovchilarga yolg’on ma’lumot berganlik aybi qo’yilmoqda. Gumondorlarning ikki nafari Qozog’iston fuqarolari.

Bostonda qozog'istonlik talabalar hibsga olindi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:44 0:00
Yuklab oling

Kecha Boston federal sudida hibsga olingan uch ayblanuvchi bilan qisqa tinglov bo’lib o’tdi. Ularning ikki nafari – 19 yoshli Dias Qodirboyev va Azamat Tajayakov Qozog’iston fuqarosi bo’lib, AQShga talabalik vizasi bilan kelgan.

Ular Joxar Sarnayevga tegishli ekani aytilayotgan ryukzak va laptopni yashirganlikda hamda tergovga xalaqit berish uchun bu ashyoviy dalillarni qasddan yo’q qilganlikda ayblanmoqda. Ryukzakda poroxsiz mushaklar bo’lgani aytilmoqda.

Agar ayblari isbotlansa, ularning har ikkisi besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi hamda 250 ming dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Dias Qodirboyevning advokati Robert Stal mijozining aybsiz ekanini aytmoqda. Qodirboyev tergov bo’yicha Federal qidiruv byurosi xodimlari bilan yaqindan ishlamoqda, deydi u.

“U ham barcha qatori Bostondagi zo’ravonlikni eshitib shokka tushgan. U Sarnayevning portlashlarga aloqadorligini bilmagan. Uning birinchi shubhasi keyinroq boshlandi”, - deydi advokat Stal.

Hibsga olingan uchinchi shaxs 19 yashar Robel Filipos bo’lib, u qasddan yolg’on ma’lumot berganlikda ayblanmoqda. AQSh fuqarosi bo’lgan Filipos, agar aybdor deb topilsa, sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va 250 ming dollarlik jarimaga tortilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko’ra, uch gumondor Dartmausdagi Massachusets universitetida Joxar Sarnayev bilan birga o’qigan. Ular Sarnayevning yotoqxonadagi xonasidan ryukzak va laptopni olib chiqib tashlaganlarini va bu haqda rasmiylarga xabar bermaganini tan olgan.

Ayblanuvchilarning portlashdan oldin Sarnayevlarga yordam bergani haqida ma’lumot yo’q. Ular jamoatchilik uchun xavf tug’dirmaydi, deydi Boston politsiyasi vakillari.

Portlashdan so’ng politsiya bilan bo’lib o’tgan otishmada Tamerlan Sarnayev o’ldirilgan edi. Uning ukasi, hozir hibsda saqlanayotgan Joxar Sarnayev ustidan olib borilayotgan tergov ishlari davom etmoqda.
Prezident Barak Obama xavfsizlik xodimlari ishini olqishlab, yolg’iz harakat qiluvchi terrorchilarni aniqlash oson emas, deydi.

“Bugun biz yuzlashayotgan tahdidlardan biri yolg’iz radikallashayotgan odamlardir. Ular allaqachon AQShga kirgan va hech qanday guruh a’zosi bo’lmasligi mumkin”, - dedi prezident.

Xavfsizlik bo’yicha mas’ul rasmiylarning Kongressga bergan hisobotiga ko’ra, Sarnayevlar bomba tayyorlashni jihodga undovchi saytlardan o’rgangan bo’lishi mumkin.

Bu terror xurujining xarakteri o’zgarayotganidan dalolat, deydi Kongressga Kaliforniyadan saylangan demokrat Adam Shif.

“Biz ham Yevropa yuz tutgan muammolarga duch kelyapmizmi? Muhojirlar jamiyatdan ajralib, ularda radikallashuv kuchayyaptimi? Bundaylar xorijda tayyorgarlikdan o’tib, xuruj qilish uchun Amerikaga keladigan odamlardan farq qiladi”, - deydi kongressmen.

Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi hibsga olingan fuqarolari haqida bayonot berib, Dias Qodirboyev va Azamat Tajayakovning portlashlarni uyushtirishda ayblanmayotganini ta’kidlagan.

“Ular dalilni yo’q qilganlikda ayblanmoqda. Ammo ayblari hali isbotlanmagan va tergov davom etmoqda. Qodirboyev ham, Tajayakov ham rasmiylar bilan hamkorlik qilib, tergov guruhiga yordam bermoqda”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Kongress Vakillar palatasining Xavfsizlik qo’mitasida kelasi hafta Boston portlashlariga aloqador yana bir tinglov bo’lib o’tishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG