Breaking News

BRICS sammiti yangi bank tuzilmay yakunlandi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Janubiy Afrika rahbari Jeykob Zuma sammit chog'ida. 27-mart, 2013.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin (chapda) va Janubiy Afrika rahbari Jeykob Zuma sammit chog'ida. 27-mart, 2013.
Dunyoning tez sur’atda rivojlanayotgan mamlakatlari – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika yangi iqtisodiy guruh tuzgan. BRICS nomini olgan bu blok G’arbning iqtisodiy va siyosiy qudratini kamaytirishni maqsad qiladi.

Rejalardan biri – blokka a’zo davlarlarning o’z bankiga asos solish. Ammo Janubiy Afrikada bo’lib o’tgan sammitda BRICS a’zolari hozircha yangi moliyaviy institut tuzmaslikka kelishdi. G’arbning qudratini cheklash niyatida bo’lgan hukumatlar G’arbning eng qudratli elchisi, dollarsiz iqtisodiy hamkorlikni rivojlantira olmaydi, deydi aksariyat mutaxassislar.

Chorshanba kuni sammitda Janubiy Afrika prezidenti Jeykob Zuma bank tuzish rejasi atrofida muhokamalar davom etishi kerakligini aytib, davlatlar aynan shunga kelishib olganini bildirdi.

“BRICS yetakchiligidagi yangi taraqqiyot bankiga asos solish borasida rasmiy muzokaralar boshlashga qaror qildik. O’zimizning infratuzilma sohasidagi ehtiyojlarimiz kelasi besh yil ichida 4,5 trillion AQSh dollariga teng bo’ladi. Bu birinchi masala. Ayni vaqtda boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish niyatidamiz,” dedi Zuma.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi bank g’oyasini qo’llashini bildirdi. Ammo tashqi ishlar vaziri muovini Sergey Ryabkov masalani puxta o’rganish zarurligini aytdi.

Global taraqqiyot AQSh dollariga bog’liq. Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi moliyaviy operatsiyalarni aynan shu valyutada bajaradi.

BRICS guruhi yirik banklar diqqat doirasiga tushmagan sohalarga e’tibor qaratish niyatida. Blok vakillarining bildirishicha, kreditlar rivojlanayotgan mamlakatlardagi infratuzilma loyihalari uchun beriladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, guruhga a’zo besh davlatning har biri bankka 10 milliard dollar tikmoqchi.

Xo’sh, bu mablag’ qaysi valyutada bo’ladi?

Bu savolga javob hozircha noma’lum. Janubiy Afrikaning BRICS dagi elchisi Anil Suklal masala muhokamada ekanini aytadi. Bundan oldin guruh savdo-sotiqni mahalliy valyutalar – rupiya, rubl, real, jenminbi va randda amalga oshirishga kelishib olgan edi.

“2012-yilda Dehlida bo’lib o’tgan sammitda shartnoma imzolangan edi. Unga ko’ra, BRICS mamlakatlari o’zaro savdo-sotiqni mahalliy valyutalarda olib boradi. BRICS banki amalga oshiradigan operatsiyalar valyutasiga kelsak, buni a’zo-davlatlar moliya vazirlari birgalikda hal qilishi kerak”.

Ammo bu pullarning hech biri xalqaro zaxira valyutasi hisoblanmaydi. Xalqaro moliyaviy operatsiyalar AQSh dollari, Britaniya funt sterlingi va Yevropa Ittifoqining yevrosida amalga oshiriladi. Hukumatlar ham, yirik moliyaviy institutlar ham mablag’larini aynan shu valyutalarda saqlaydi.

Xitoy valyutasi dollar bilan bellasha oladimi?
Xitoy valyutasi dollar bilan bellasha oladimi?
Standard Bank tahlilchisi Saymon Frimantl fikricha, Xitoy BRICS banki orqali o’z valyutasi qadrini oshirishga harakat qilishi shubhasiz.

“Xitoy bankdan o’z milliy valyutasi, yuanning xalqaro sahnadagi qiymatini oshirish uchun foydalanadi. Albatta, Pekin BRICS doirasida faqat shu valyuta qo’llanilsin demasligi mumkin. Ikki tomonlama savdo aloqalarini, masalan, Janubiy Afrika va Braziliya yoki Janubiy Afrika va Hindiston o’rtasidagi savdo operatsiyalarini AQSh dollarida amalga oshirmaslikning ijobiy jihatlari ham bor. Umuman oladigan bo’lsak, Xitoy o’z pulini xalqaro valyutaga aylantirmoqchiligi aniq”.

Pekinning bu rejasi asosiy rezerv valyutalarining maqomiga ta’sir qilmaydi, deydi mutaxassis. BRICS ichidagi operatsyalar AQSh dollarida yuritiladigan xalqaro savdoning kichik qismini tashkil etadi, xolos.

“Yana uzoq vaqt davomida dollar global zaxira valyutasi bo’lib qoladi. Mu maqomni yo’qotmaydi. BRICS mamlakatlari, Xitoy va Afrika o’rtasidagi boshqa valyutada amalga oshiriladigan savdo hajmini kengaytirishga qaratilgan urinishlar davom etsa-da, buning dollarga ta’siri yaqin kelajakda juda kam bo’ladi”.

Lekin global iqtisod o’zgarayotganiga shubha yo’q. Xitoyning Afrikaga sarmoyasi hajmi 2012-yilda 20 milliard dollardan oshib ketdi.

Jenminbining ahamiyati ham tobora oshib bormoqda. Frimantl deydiki, kelasi ikki yil ichida Xitoy-Afrika o’rtasidagi savdo-sotiq hajmining Xitoy valyutasida amalga oshirilayotgan qismi 40 foizga yetadi. Hozirda bu raqam 10 foizga teng.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG