Breaking News

Britaniya Afg'onistonga doir xarajat va qo'shinlarni qisqartirmoqchi


Britaniya so'nggi 10 yilda afg'on missiyasi uchun milliardlab dollar sarfladi
Britaniya so'nggi 10 yilda afg'on missiyasi uchun milliardlab dollar sarfladi

Britaniya NATO tarkibidagi askarlarini vatanga qaytarmoqchi va AQSh rejasiga qarab ish tutishi mumkin.

Ammo ayrimlar nazarida bu bilan shu paytgacha erishilgan yutuqlar qo'ldan boy berilishi mumkin.

Afg'onistonda Britaniyaning salkam 10 ming sonli qo'shini xizmat qiladi.

Bu mamlakat so'nggi 10 yilda afg'on missiyasi uchun milliardlab dollar sarfladi. Prezident Obamaning bugungi ma'ruzasi Britaniya uchun juda muhimdir, deydi harbiy sharhlovchi Krispin Blek.

"Bosh vazir qo'shinlarni imkon qadar tezroq Afg'onistondan chiqarishni istaydi, albatta. U qarorida qat'iy va qo'mondonlariga tayyor turishni aytib keladi", - deydi tahlilchi.

Ammo harbiylar bu ishni o'ylab qilishni tavsiya etib, qo'shinlarni mutlaq g'alabaga erishmay vatanga qaytarish so'nggi 10 yilda qo'lga kiritilgan yutuqlarni chipakka chiqarishi mumkin demoqda.

Britaniya Afg'onistonga doir xarajat va qo'shinlarni qisqartirmoqchi
Britaniya Afg'onistonga doir xarajat va qo'shinlarni qisqartirmoqchi

Londonlik tahlilchi Malkolm Chalmersning aytishicha, bu ishga qo'l urmasdan turib natijasi qanday bo'lishini oldindan bilish qiyin.

"Jarayonni shu yil boshlab, sharoitga qarash kerak. Afg'on kuchlari salohiyatini ham hisobga olish lozim", - deydi professor Chalmers.

2001-yildan beri jami 330 britan harbiysi halok bo'ldi. Ommaviy so'rov natijalaridan shunisi ma'lumki, xalq askarlarning uyiga, oilasi bag'riga qaytishini xohlaydi.

Britaniya hukumatining aytishicha, Afg'oniston barqarorligi Britaniya uchun muhim.

Sharhlovchi Krispin Blek nazarida Britaniya AQShga yordam berishni ham qarz, ham farz deb biladi.

"Rasmiy London ittifoqchilarga Afg'onistonda yordam berish kerak, deb hisoblaydi. Menimcha, bu asosiy sabab. Shuning uchun agar Qo'shma Shtatlarning o'zi mutlaq g'alabaga erishishiga ko'zi yetmay, toliblar bilan muloqotni taklif qilayotgan, qo'shinlari sonini qisqartirishga ahd qilayotgan bir paytda Britaniya "biz nega Afg'onistonda qolishimiz kerak ekan" degan haqli savolni o'rtaga tashlashi mumkin", - deydi Blek.

Britaniya Afg'onistonga doir xarajat va qo'shinlarni qisqartirmoqchi
Britaniya Afg'onistonga doir xarajat va qo'shinlarni qisqartirmoqchi

ritaniya harbiy-havo kuchlari Liviyada polkovnik Muammar Qaddafiy armiyasiga qarshi NATO operatsiyasida ishtirok etar ekan, ayrim harbiylar Afg'onistonda cheksiz muddatga qola olmaymiz, demoqda.

Professor Chalmers deydiki, agar jahonning boshqa nuqtasida yana bir muhim mojaro ro'y bergudek bo'lsa, u bilan shug'ullanish uchun zaxirada ortiqcha qo'shin qolmasligi mumkin.

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, AQSh va Britaniya urush xarajatlarini kesish taraddudida ekan, askarlar sonini qisqartirish ayni muddao bo'lar edi. Biroq harbiylar Tolibon bundan unumli foydalanishi mumkin, deya xavotirlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG