"Islomiy davlat"ning xorijdagi xurujlari ko'payadimi?

  • Amerika Ovozi

Manchester, Britain

Britaniyaning Manchester shahrida 22 odamning umriga zomin bo'lgan portlashni "Islomiy davlat" terror guruhi o'z zimmasiga oldi. Politsiyaning aytishicha, xurujni asli liviyalik Britaniya fuqarosi, 22 yoshli Salmon Abidi amalga oshirgan. Ekspertlar portlashni haqiqatdan ham jangari guruh tashkillashtirganini tasdiqlovchi biror dalil yo'qligini aytmoqda, ammo Yaqin Sharqni so'nggi yillarda larzaga solgan "Islomiy davlat" xorijdagi ayrim odamlarni xurujlarni amalga oshirishga ilhomlantirishda davom etmoqda.

Manchester ahli shahar hokimiyati olida yig'ilib, Ariana Grande konsertida yuz bergan portlash qurbonlarini xotirladi. Yevropadagi so'nggi xuruj "Islomiy davlat" Iroq va Suriyada hududlarini boy berayotgan bir paytda ro'y berdi. Harbiylar Musul va Raqqa shaharlarining tez orada jangarilardan butunlay tortib olinishini hamda guruh e'lon qilgan xalifalik barham topishini taxmin qilmoqda.

AQSh razvedkasining ogohlantirishicha, guruh avvalgi mavqeini boy bersa ham, dunyoga terror tahdidlarini solishda davom etadi.

"IShID AQShga jiddiy terror tahdidi bo'lishda davom etadi. Ular dunyo bo'ylab turli manzillarga qarshi hujumlarni boshqarish va ilhomlantirish salohiyatiga ega".

Milliy razvedka direktori Den Kotsga ko'ra, "Islomiy davlat" Yevropadagi barcha xurujlarni o'z zimmasiga olmoqda, ammo buni isbotlash qiyin.

Xavfsizlik bo'yicha tahlilchilarning aytishicha, ayrim terrorchilar jangari guruh bilan aloqa o'rnatgan, ammo aksariyati unday emas.

"100 foiz ishonch bilan aytish qiyin, lekin bu tahdid o'zgarayotganining belgisi. Endi tahdid faqat Bag'dodiy yoki Suriyadan kelmayapti. Ulardan ilhomlanganlar ham bor. Ular vaqt va joy topilishi bilan ishga kirishadi", - deydi Jorj Vashington universiteti tahlilchisi Frenk Chillufo.

Tahlilchi Frenk Chillufoga ko'ra, Britaniya xavfsizlik xizmati dunyoda eng kuchlilardan, ammo u ham hujumlarni to'xtata olmayapti.

"Hamma joyda, hamma narsani himoya qila olmaysiz, ayniqsa, ochiq demokratiyada. Har doim jinoyatchilar, turli xil hujumlar bo'lib turadi", - deydi u.

Chillufoning aytishicha, "Islomiy davlat"ning jang maydonida yer tishlatilishi Yevropada va boshqa hududlarda qisqa muddatli terror tahdidlarini oshirishi mumkin. Chunki Suriya va Iroqdan qochib chiqqan jangarilar o'z davlatlariga qaytishga urinadi. Tahlilchiga ko'ra, davlatlar terrorizmga yetaklayotgan mafkuraga qarshi strategiya ishlab chiqishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG