Musulning bir qismi hanuz jangarilar qo'lida

  • Amerika Ovozi

Iroqning Musul shahridagi ayrim mahallalar hanuz "Islomiy davlat" nazoratida. Ularni qo'lga kiritish ancha qiyin bo'lishi mumkin, chunki uch yildan beri jangarilar uchun bu yer asosiy tayanch vazifasini o'tab kelmoqda. AQSh yordamida Iroq kuchlari o'tgan yilning oktabridan beri Musulni qo'lga olishga urinmoqda. Shaharda tinch aholi ko'pligi uchun jarayon sekin kechmoqda. Shunga qaramay, rasmiylar va kuzatuvchilar uning tez orada to'la qo'lga olinishiga ishonmoqda.

O'tgan hafta oxirida Iroq federal politsiyasi dronlari g'arbiy Musulda jangarilarning o'q-dori omborini nishonga oldi. Videoda ko'plab oilalar Tammuz tumanidan qochib chiqayotgani aks etgan. Fevraldan beri yuz minglab tinch aholi shaharni tark etgan. "Islomiy davlat" jangarilari tinch aholidan mudofaa maqsadida foydalanayotgani aytiladi.

"Bugun biz yuzlab oilalarni ozod qilish va ular orqaga o'tadigan yo'laklarni qo'riqlashga e'tibor qaratdik", - deydi Iroq armiyasi zobiti.

Ozod etilgan fuqarolar xursand.

"Ovqatimiz, suvimiz yo'q, lekin baxtiyorman", - deydi bir fuqaro.

Ammo uyini tark etishni istamayotganlar ham bor.

"Men taqdirga ishonaman. Kecha o'qlar yomg'irdek quyildi. Askarlar kelib, biz oldinga yurishimiz kerak, lekin sizdan xavotirdamiz, deyishdi. Men ularga, sizdan oldin boraman, Xudoga ishonaman, dedim", - deydi keksa fuqaro.

Hukumat kuchlari yo'lini to'sish uchun jangarilar xudkush bombachilarni ham ishga solmoqda. Iroqlik askar buldozeri bilan shunday hujumlardan birini to'xtatib qoldi.

"Yon tomondagi ko'chadan chiqdi. Qaysi tomonga yurishni bilmadi. Yuzma-yuz keldik. Yonimdan o'tib ketmoqchi bo'ldi, lekin to'sib qo'ydim. Keyin o'zini portlatdi", - deydi askar.

"Islomiy davlat" g'arbiy Musulda sakkiz kv. kilometr maydonni nazorat qilmoqda. Eski shahar ham guruh qo'lida. Bu yerdagi tor ko'chalarda jang qilish qiyin. Ammo Musulning to'liq ozod qilinishiga oz qoldi, deydi BMTning Iroqdagi maxsus vakili Yan Kubish.

"Iroqdagi IShID xalifaligi tugashiga sanoqli kunlar qoldi. Bunga Iroq xavfsizlik kuchlari, ommaviy safarbarlik kuchlari, Peshmerga va ko'ngillilar jasorati hamda Iroq xalqining matonati bilan erishilmoqda", - deydi BMT rasmiysi.

Ammo harbiy g'alabaning badali og'ir bo'lmoqda. Oktabrda harbiy amaliyotlar boshlangandan beri 660 mingga yaqin aholi shaharni tashlab qochgan. Ularning yarim millionga yaqini G'arbiy Musuldan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG