Breaking News

Xitoyning Gonkongdagi siyosati tanqidga uchrashda davom etmoqda


Xitoyda Gonkong xavfsizligiga doir qonun qabul qilinib kuchga kirishidan 10 kun o’tib, shaharda sentabrda bo’ladigan asosiy parlament saylovlaridan oldin muxolifat o’z tanlovini o’tkazdi. Birlamchi saylovda qatnashgan 600 ming odamning aksariyati asosiy erkinliklardan mahrum bo’layotganidan shikoyat qilmoqda.

“Xalqaro hamjamiyat birdamligimizni ko’rib, bizga yordam beradi degan umiddaman”, - deydi Greys Lun ismli gonkonglik.

Qonun qabul qilinganidan beri G’arb davlatlari Xitoyga tanqidlarini kuchaytirgan.

Britaniya 1997-yilda Gonkongni Xitoyga topshirib, u bilan xalqaro shartnoma imzolagan. Hujjat Gonkongda siyosiy erkinliklarni 50 yilga kafolatlagan. London va ittifoqchi davlatlar Pekinning yangi qonuni ushbu kelishuvni izdan chiqarayotganini aytadi.

“Pekin Gonkong xalqiga 50 yilga keng muxtoriyat berishini aytgan o’shanda. Biroq shundan 23 yil o’tib nimalar bo’layotganini ko’ryapsiz. Gonkongga va dunyoga quruq va’dalar berilganiga guvohmiz”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

O’tgan hafta Avstraliya Gonkong bilan ekstraditsiya haqidagi kelishuvini to’xtatib, Gonkong pasporti egalariga Avstraliya vizasi uzaytirilishini va fuqarolikka yo’l ochilishini ma’lum qildi.

1997-yilgi shartnoma ketidan Britaniya gonkongliklarga xorijiy pasport tarqatgan, hozir esa ushbu pasport egalariga Britaniya fuqaroligini olish taklif etilmoqda. Britaniya parlamenti Saudiya Arabistoni, Myanma, Rossiya va Shimoliy Koreyada inson huquqlarini poymol etishda qo’li bor rasmiylarni qora ro’yxatga kiritganidan so’ng ayrim qonunchilar Gonkong rahbari Kerri Lamni ham jazolashga chaqirmoqda.

“Bilishimcha, Kerri Lamning oila a’zolarida Britaniya pasporti bor. Uning Xitoy hukumati bilan til biriktirishi natijasida bundan keyin Lam bilan munosabatlarimiz oson bo’lmasligini unga bildirib qo’yishimiz kerak”, - dedi Konservatorlar partiyasining sobiq rahbari Ian Dunkan Smit.

Qonunchi Xitoyni turli mavzularda tartibga chaqirish kerakligini aytadi.

“Uyg’ur xalqiga munosabati, majburiy sterilizatsiya va qamashlar, Gonkong xalqini namoyish qilish va erkin fikr bildirish huquqidan ayirishi, Tayvanga do’q-po’pisalari, BMT e’tiroziga qaramay, Janubiy Xitoy dengizida nazorat o’rnatishi, Hindiston bilan chegaradagi mojarosi, Xitoyda hukumat siyosatiga qo’shilmaydigan har qanday odam fikriga qarshiligi shular jumlasidan”, - deydi Smit.

O’tgan hafta Qo’shma Shtatlar Xitoyning uyg’urlarga qarshi zulmda ayblanayotgan to’rt rasmiysini sanksiyalar ro’yxatiga qo’shdi. Xitoy bunday harakatlar uning ichki ishiga aralashuv ekani bildirib, AQShning uch qonunchisi va bir rasmiysini o’z qora ro’yxatiga kiritdi.

“Pekin nazarida Prezident Si Zinpin xato qilmaydi. Uning o’zi ham xatolarini tan olmaydi. Shu sabab Xitoy Gonkongga doir siyosatini o’zgartirishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi London universiteti professori Stiv Sang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG