Breaking News

Bruneyda shariatga asoslangan jinoyat kodeksi kuchga kirdi


Bruney sultoni mamlakatda shariat qoidalarining birinchi bosqichi kuchga kirganini ma’lum qildi. Yaqin orada jinoyatning ayrim turlari uchun toshbo’ron qilish, qo’l kesish kabi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keskin tanqid qilinadigan jazo choralari amaliyotga tatbiq etilishi kutilmoqda.

Davlat rahbari sulton Hassanal Bolkiah yangi jinoyat kodeksini “ulkan muvaffaqiyat” deb atadi.

1-maydan amal qila boshlagan qonunga ko’ra, fuqarolar juma namoziga bormagani yoki jamoat joyida odobsizlik qilgani uchun jarimaga tortilishi yoki qamoqqa tashlanishi mumkin.

Kodeksning keyinroq ijroga kiritiladigan 2-bosqichida o’g’irlik uchun qo’l kesish yoki zinokorlarni toshbo’ron qilish kabi jazo choralari amalga oshiriladi.

Bruney rasmiylari ushbu qoidalar islom shariati asosida qabul qilinganini hamda og’ir jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini amalga oshirish uchun kuchli dalillar talab qilinishini aytmoqda. Mamlakatning asosan musulmonlardan iborat aholisi ham yangi o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlayotgani haqida xabarlar bor.

Yuristlar xalqaro komissiyasining Osiyo va Okeaniya mintaqasi bo’yicha rahbari Sam Zarifiyning aytishicha, bunday shafqatsiz qonunlarni qabul qilishda aholining qanday fikrda ekani hisobga olinmaydi.

“Xalqaro huquq va Bruneyning majburiyatlari nuqtai nazaridan gapirganda, bu hech qanday ahamiyatga ega emas. Bruney xalqaro huquq talablarini bajarishga so’z bergan, ya’ni odamlarni toshbo’ron qilish orqali o’ldirish mumkin emas. Qayerda bo’lishingizdan, kim ovoz berishidan qat’i nazar, bu noqonuniy ish”, - deydi xalqaro huquq bo'yicha mutaxassis.

Bruney fuqarolari orasida yangi qonunni tanqid qilib, ijtimoiy tarmoqlarda unga qarshi o’z noroziligini izhor qilayotganlar bor. Ularga javoban, sulton jamoat tinchligini buzuvchilar jazolanishi haqida ogohlantirgan.

Sulton Bolkiah energiya zahiralariga boy Bruneda qariyb mutlaq hokimiyatga ega. 30-aprel kungi chiqishida u yangi o’zgarishlar shunchaki ko’ngilxushlik uchun emas, balki Qur’onda yozilgan Alloh hukmlarini amalga oshirish uchun tatbiq etilganini ta’kidladi.

Musulmon o’lkalarida shariat belgilaydigan jazo choralari turlicha talqin va tatbiq qilinadi. Bruney qabul qilgan jazo shakllari shariatning eng konservativ talqiniga asoslangani aytilmoqda.

Janubi-sharqiy Osiyoda Bruney shariatni butun mamlakat miqyosida to’liq ijroga kiritgan yagona davlat.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG