Breaking News

NATO e'tibori Ukraina harbiy qudratini ko'tarishda


NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va blok harbiy qo'mitasi raisi admiral Rob Bauer Bryusseldagi majlisda, 12-oktabr, 2022
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va blok harbiy qo'mitasi raisi admiral Rob Bauer Bryusseldagi majlisda, 12-oktabr, 2022

Ukraina Mudofaa vazirligi Byusselda NATO rahbariyatini bugungi vaziyat haqida ogoh etib, mamlakatning salmoqli hududini bosib olgan Rossiyaga bas kelish uchun nima zarur ekanini tushuntirmoqda.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg deydiki, Ukrainaga nima kerakligi va blok a'zolari nima berishga tayyor ekani muhokamada.

Stoltenberg so'zlariga ko'ra, hozirda Yevropa va umuman G'arb xavfsizligiga tahdid oshgan.

"Joriy yilning fevral oyida boshlangan urushda keskin burilishlarga guvohmiz", - deydi rasmiy.

NATO Ukrainaga madadni to'xtatmaydi, deya tasdiqlaydi bosh kotib.

Bugun Katta Yettilikning liderlari video anjumanida Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyga bu borada eslatilgan, ya'ni Shimoliy Atlantika harbiy alyansi Kiyevni quvvatlashda davom etadi va Rossiyaga qarshi chora ko'raveradi.

Katta Yettilik nazarida Ukrainada tinch aholini nishonga olish bilan Rossiya urush jinoyatlarini sodir etmoqda va buning uchun javobgarlikka tutiladi.

“Prezident [Vladimir] Putin va boshqa mas'ullar adolat oldida javob beradi", - deyiladi AQSh, Germaniya, Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya qo'shma bayonotida.

Putin atom qurollarini ishga solishi mumkinligi haqida ogohlantirib kelmoqda. NATOning bunday hujumlarga javobi bag'oyat keskin bo'lishi qayd etilgan. Blokka ko'ra, bunday qadamlar Rossiyani ayanchli oqibatlarga yetaklashi muqarrar.

Biroq NATO Ukrainadagi urushga bevosita aralashmaslik qarorida qat'iy.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Vashingtonning NATOdagi elchisi Julian Smit, Bryussel, 12-oktabr, 2022
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Vashingtonning NATOdagi elchisi Julian Smit, Bryussel, 12-oktabr, 2022

Oq uyning bildirishicha, ayni damda Amerika yadroviy arsenalini safarbar etish ustida o'ylanmayapti va Kreml ham shu yo'ldan boradi, degan umidda.

“Biz bunday holatlarga borishni va bu qurollarni ishlatishni xohlamaymiz", -deydi Jon Kirbi, Milliy xavfsizlik bo'yicha koordinator.

Kirbi deydiki, Bayden ma'muriyati Ukrainadagi urush imkon qadar tezroq yakun topib, tinchlik o'rnatilishini istaydi. Rossiya qariyb 200o dona taktik atom qurollariga ega ekani taxmin qilinadi.

“AQSh bu qurollar qanday nazorat qilinib, qayerda saqlanishi haqida biladimi?” deya so'raydi Luk Koffi, Xadson tahlil markazi eksperti.

“Biz ogoh turishimiz, har qanday holatga shay bo'lishimiz shart".

AQShning "Patriot" rusumidagi havo mudofaa vositalari
AQShning "Patriot" rusumidagi havo mudofaa vositalari

Zelenskiy AQSh Ukrainaga ilg'or havo mudofaa tizimlarini berishi mumkinligini aytgan. Gap eng so'nggi vositalar, xususan dronlar xususida ketmoqda.

Harbiy tahlilchi Bekka Vasserning aytishicha, Rossiya yaqinda bunday qurollarni Erondan xarid qilgan.

“Ukraina bunday vositalarga ega bo'lishi kerak, aks holda havo hududlarini himoya qila olmaydi", - deydi Vasser.

Olima tushuntirishicha, urush tugaganidan keyin ham Ukraina bunday qudratga muhtoj bo'ladi. Uning taxminicha, mamlakat ancha paytgacha o'zini barqaror his qila olmaydi.

Oq uy Ukrainaga aynan qay turdagi qurollar uzatish taraddudida ekanini hozircha bildirmagan, ammo uzoq masofani nishonga oluvchi "Patriot" rusumidagi havo mudofaa tizimlari, taktik ballistik raketalar va boshqa xil vositalarga zarba beruvchi sistemalar muhokama qilinayotgani ma'lum.

Prezidentlar Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko, Sochi, 26-sentabr, 2022
Prezidentlar Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko, Sochi, 26-sentabr, 2022

10-oktabr kuni Rossiyaning keng ko'lamli hujumlarida kamida 19 insonning yostig'i qurigan. Bu Moskvaning 8-oktabr kuni Qrimda katta ko'prik portlatilganiga javobi sifatida talqin qilinmoqda. Kreml portlashni Kiyevning ishi sifatida ko'rmoqda.

Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov deydiki, uning davlati va NATOni mojaroga yetaklayotgan tomon Ukrainadir va G'arb bu davlatni quvvatlab tarixiy xato qilmoqda.

Katta Yettilik esa Ukrainaga qahraton qishda madad oshirilishini va'da qilmoqda.

Zelenskiy G'arbdan Rossiyaning energetika sektoriga sanksiyalarni kuchaytirishni so'ramoqda. Neft va gaz eksportidan kelayotgan daromad Moskvaga kuch beradi, deydi u.

Ukrainaga otilgan raketalarning 20 tasidan ziyodi Belarus hududidan kelgan. Katta Yettilik Prezident Aleksandr Lukashenkoni la'natlab, uni Rossiya jinoyatlariga sherik deya qoralamoqda.

Ekspert Koffi nazarida Katta Yettilik Belarusni jazolashi kerak, "Lukashenko uzoq davrdan beri Rossiyaga yordamlashib kelmoqda va buning uchun unga keskin javob berilmagan".

Lukashenko esa Belarus Rossiya kuchlariga darvozani kengroq ochayotganini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG