Sobiq prezident Jorj Bush nimalar bilan band?

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush 2009-yilda Oq uyni tark etganidan beri siyosatga aralashmaydi, o’zidan keyingi davlat rahbarlarini tanqid qilmaydi. Bush asosan rassomchilik bilan band. Mablag’ jamg’arib, urush faxriylariga yordam beradi.

Jonni Yellok AQSh harbiy-havo kuchlari safiga yozilganida jangovar operatsiyalarda qatnashishini, xavf bilan yuzlashishini bilar edi.

“Urush paytida ko’ngilli ravishda qo’shilganman. Vatan uchun jonimni berishga ham tayyor edim”, - deydi u.

Ammo askar ko’nliga tugib qo’ygan rejalar amalga oshmadi. 2011-yilda Afg’oniston sharqida xizmat qilayotganda u mingan mashina minaga uchraydi.

“Oldingi safda turib jang qiladigan askar edim. Yaralanib, hech narsaga yaramay qoldim”, - deydi Yellok.

Portlash uning har ikki oyog’ini mayib qildi. Harbiy karyera tugadi hisob.

Qayta oyoqqa turish uchun Yellok 30 jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirdi. Bugun uning surati Texasning Dallas shahrida, Jorj Bush nomidagi prezidentlik kutubxonasi va muzeyidagi galereyadan o’rin olgan.

“Elektron pochta orqali xabar keldi. Oldingi oliy qo’mondon yaralangan jangchilarni, jumladan, meni chizish uchun ancha vaqt sarflagan ekan”, - deydi askar.

“Amerika Ovozi” bilan radio suhbatda sobiq prezident Bush Jonni Yellok va yana 97 urush faxriysi haqida so’zladi. U o’tgan bir yil davomida yaratgan bo’yoq portretlar bugun ko’rgazmada. “Matonat: Oliy qo’mondondan Amerika jangchilariga bag’ishlov” nomli kitob ham yozdi.

Bush AQSh qurolli kuchlarining sobiq oliy qo’mondoni sifatida mojaro zonalariga safarbar etilgan askarlar uchun javobgar ekanini yaxshi biladi.

“Faxriylar bilan muloqotlarimda ular meni ayblashgan holatlar juda kam bo’lgan. AQSh armiyasi ko’ngilli. Askarlar o’z mamlakatini himoya qilish uchun jangga boradi, hayotlari xavf ostida bo’lishini biladi. Ularning sobiq oliy qo’mondonga aytadigan gapi bitta - nima uchun jangga otlanganimizni tushunamiz”, - deydi Bush.

“Urushga borganimdan afsuslanmayman. Imkoniyat berishsa, yana boraman”, - deydi Jonni Yellok.

“Qo’limga mo’yqalamni olar ekanman, vatan oldidagi burchini ado etishga tayyor shu mard, chekinmas harbiylarimiz haqida o’ylayman”, - deydi Jorj Bush.

“Matonat portretlari” kitobidan tushgan mablag’ Jorj Bush instituti qoshidagi harbiy xizmat dasturlariga sarflanadi. Ulardan maqsad - harbiylarga tinch hayotga ko’nikishi uchun ko’maklashish, ularning ko’rinadigan va ko’rinmas jarohatlarini davolash.

Jonni Yellok jang maydonida ko’rsatgan jasorati uchun eng yuqori harbiy unvon bilan taqdirlangan. Uning portreti ko’rgazmada, lekin qahramon emasman, deydi.

“Uyga qaytmaganlar - zamonamiz qahramonlari”, - deydi u.

Yellokning brasleti doimo yonida. To’rt yaqin do’stining ismlari muhrlangan unda. Urushdan tobutda qaytgan safdoshlari - uning qahramonlari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG